Otamni ukalariga munosabat

Assalomu alaykum!  Meni otam bizni boqish maksadida safarda edilar. Bir kuni bizga vafot etganlari to‘g‘risida xabar keldi. Otamni ukalari borib olib kelishdi. Xabar qilishcha otam vafot etishlardan oldin ukalarini chaqirib “kelib ishlab tur men uyga borib kelay uydagilani sog‘indim kurib kelay” degan ekanlar. Lekin bunga ukalari rozi bo‘lmadi. Allohni taqdiriga iymon keltirganman bunga qarshi chiqib bulmaydi, yaxshi tushunaman. Lekin mani qiynayotgan narsa agar shu ikki ukalari rozi bo‘lishganda vaziyat boshqacha bo‘larmidi deb o‘ylab qolaman. Vaqt o‘tgan sari ularni juda yomon ko‘rib  qolyapman. Otamni ukalari xam otamni gapini gap deb hisoblashmas edi. Iltimos shu uy xayolarni o‘ylamasligim uchun yordam bersangizlar. Yana bir savolim, otamni ukalari oilamizga yordam berishadi, singlimni to‘yini xam qilib berishdi. Bazida shu yordamlarini minnat qilishitgandek tuyuladi. Javob uchun oldindan rahmat
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Siz taqdirga iymon keltirganman deb aytayapsiz, lekin haqiqiy iymon keltirgan inson hech bir narsa Allohning izni va hikmatisiz bo‘lmasligiga ham iymon keltirishi kerak. Siz qaerdan bilasiz musofirchilikda, qiyinchilikda va duolar mustajob holatda vafot topgani Allohning nazdida yaxshidir. Chunki kirgan zirapchaning ham Allohning nazdida evazi, savobi bor. Shaytonga sal bahona bo‘lsa bo‘ldi. U insonning qalbiga o‘shani urug‘ qilib solib qo‘yadi. Iymoni zaif inson o‘sha uruqqa ozuqa berib, har xil xayollar bilan uni undirib-o‘stiradi. Oxir oqibat Allohning nazdida eng qabih bo‘lgan silai rahmni uzishga olib boradi. Umrbod qalbda musulmonga gina-adovat bilan yashab o‘tadi. Siz “Hashr” surasidagi رَبَّنَا اغْفِرْ لَنَا وَلِإِخْوَانِنَا الَّذِينَ سَبَقُونَا بِالْإِيمَانِ وَلَا تَجْعَلْ فِي قُلُوبِنَا غِلًّا لِّلَّذِينَ آمَنُوا رَبَّنَا إِنَّكَ رَؤُوفٌ رَّحِيمٌ۝ «Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga nisbatan qalbimizda g‘ashlik qilmagin. Robbimiz, albatta, Sen o‘ta shafqatlisan, o‘ta rahmlisan», duosini ko‘p o‘qing. Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni xuddi sizning holatingizga tushirib, ummatlari nima qilishi kerakligiga tanbeh bergan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qizlari Zaynab roziyallohu anhoni Makkai Mukarramadan Madinai Munavvaraga olib kelish uchun odam jo‘natdilar. Zaynab roziyallohu anho onamiz Makkadan chiqqanlarida bir necha qurayshliklar ularga ro‘baro‘ bo‘lishdi. Ular orasida Habbor ibn Asvad ham bor edi. U tuya ustidagi Zaynab onamizni orqaga tortib beliga nayzaning yonboshi bilan urdi(Roviylar aytadilarki Zaynab onamiz o‘sha tayoq zarbi sabab bo‘lib yosh vafot topganlar). Zaynab homilador edilar bolasi tushib qoldi. So‘ng Banu Abdumanofning uylariga qaytarildi. Zubayr ibn Avvom aytadi: Habbor Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib uzr so‘radi va “sizni haqoratlagan haqoratlandi, sizga ozor bergan ozorlandi. Sizni haqorat qilish va ozor berishga juda qattiq kirishgan edim, hech nimasiz qoldim. Alloh meni ko‘zimni ochdi va Islomga hidoyat qildi” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qarasam u zot Habborning uzr so‘raganidan boshlarini egdilar va qayta-qayta “Seni kechirdim Islom o‘zidan oldingi hamma narsa bekor qiladi” deya boshladilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari bilan xulqlanishni xohlasangiz siz ham u zotdek kechiring, shaytonni noumid qiling. Siz hamma narsani Allohdan umid qiling, ularni sizga yordam qilishlari vojib emas. Yordam qilsa xuddi begona odam yordam qilganidek qabul qiling. Kimnidir gapi olinadigan bo‘lishi kimnikidir e’tiborsiz qolinishi Allohning ishidir. Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 02:15 | Savol-javoblar | 155 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar