Tijoratda qo‘lda bo‘lmagan narsani sotish

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, oldingi javoblaringizdan birida 2723- savolga “do‘konimdan yo‘q narsani mijozlar so‘rashadi shunda boshqa do‘konlardan tovarni olib kelib ustiga pul qo‘yib sotsam bo‘ladimi? degan savolga “mumkinmas” deb javob beribsizlar. Bilishimizcha nasiya savdosi xam xali puli to‘liq to‘lanmay olib sotiladigan savdo hisoblanadi. Shu nasiya savdosi bilan boyagi birodarimiz bergan savoldagi savdoning farqi bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Birinchidan bu erda oluvchiga nohaqlik bo‘ladi. Chunki sizdan olsa qimmat o‘z joyidan olsa arzonroqqa oladi. Sizdan olib ketib buzilgani yoki biror ish tufayli janjal chiqsa, siz hal qilmay haqiqiy egasiga yugirib borasiz. Musulmon savdogar tijorat molini hali qo‘liga olmay turib boshqaga sotmasligi lozim. Chunki, molni qo‘lga olishdan avval sotish va undan foydalanish shar’an haromdir. عن حكيم بن حزام قال : نهاني رسول الله أن أبيع ما ليس عندي Hakim ibn Huzom roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘limda bo‘lmagan narsani sotishimdan qaytardilar”. Nasoiy rivoyati.  عن حكيم بن حزام قال: قلت: يا رسول الله؛ يأتیني الرجل فیريد مني البیع، ولیس عندي، فأبتاع له من السوق، قال: لا تبع ما لیس عندك. رواه ابو داود والنسائي Hakim ibn Huzom roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Men : “Ey Allohning rasuli, bir kishi kelib men bilan savdo qilmoqchi bo‘ladi. Holbuki u narsa mening huzurimda bo‘lmaydi. Men uni bozordan sotib olaman” dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : “Qo‘lingida bo‘lmagan narsani sotmagin” dedilar. Abu Dovud va Nasoiylar rivoyati. ان بيع المبيع قبل القبض لا يجوز من البائع ولا من غيره “Savdo molini qo‘lga olib, o‘ziniki qilib olmay turib sotuvchiga ham boshqasiga ham sotish joiz bo‘lmaydi”. (Mabsut kitobi). عن ابن عباس رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قال اما الذى نهى عنه النَّبِيّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فهوالطعام ان يباع حتى يقبض قال ابن عباس رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ ولا احسب كل شيء الا مثله Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qaytargan narsa taom bo‘lib, uni qo‘lga olmasdan oldin sotish mumkin emas”. Ibn Abbos roziyallohu anhu yana shunday qo‘shimcha qildilar: “Boshqa narsalarni ham taom kabi deb bilaman”. (Muttafaqun alayh). عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ : مَنِابْتَاعَ طَعَامًا فَلاَ يَبِيعُهُ حَتَّى يَسْتَوْفِيَهُ Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim taom sotib olsa, uni to‘liq qo‘lga kiritmay turib sotmasin” dedilar. Ibn Abbos roziyallohu anhuning boshqa bir rivoyatida: “O‘lchab olmagunicha” deyilgan” (Muttafaqun alayh). Vallohu a’lam!

1 May 2022, 04:53 | Savol-javoblar | 157 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar