Tasbehni biror narsa orqali sanash bid’atmi?

Assalomu alaykum! Alloh bilimingizni ziyoda qilsin. Savolim quyidagicha, bir tanishim bilan bid’at mavzusida uzoq bahslashib qoldik. Uning aytishicha, tasbehni barmoq orqali yoki bo‘lmasa tasbeh sanagich, toshlar orqali sanash bid’at ekan. Sababi, payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) davrlarida bunday odat bo‘lmagan. Bundan tashqari, Umar (r.a) bir kishini toshlar orqali sanaganida, hamda, bir ayolni barmoqlari orqali sanayotganida qaytargan ekanlar. Payg‘ambarimiz (s.a.v) islom diniga boshqa dinda bor bo‘lgan udumlarni aralashtirmaslikka, boshqa dinga o‘xshamasligiga iloji boricha harakat qilgan ekanlar. Iltimos, bu holatga oydinlik kiritsangiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Hozirda mo‘min-musulmonlar ichida ba’zi mazhablarga tuhmat yog‘dirishga va ba’zi bir amallarni bid’at-xurofotga chiqarishga ishqiboz bo‘lgan kishilar «Tasbeh o‘girish bid’atdir, bu ishni Rasululloh Muhammad sollallohu alayhi vasallam qilmaganlar, sahobalar ham qilmaganlar» degan ma’nodagi gaplarni tarqatib, mo‘min-musulmonlarning xayollarini parishon qilib, turli ixtiloflar, tushunmovchiliklar kelib chiqishiga sabab bo‘layotirlar. Lekin mujtahid ulamolarimiz tasbeh tutish joizligi va undan foydalanish mumkinligini aynan Rasulimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan qilingan rivoyatdan olganlar.
«Sunan» nomi bilan dong taratgan kitoblarning sohiblari imom Abu Dovud, imom Termiziy, imom Ibn Moja va imom Nasaiylar quyidagi rivoyatni keltiradilar: عَنْ عَائِشَةَ بِنْتِ سَعْدِ بْنِ أَبِي وَقَّاصٍ، عَنْ أَبِيهَا: أَنَّهُ دَخَلَ مَعَ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَلَى امْرَأَةٍ، وَبَيْنَ يَدَيْهَا نَوًى - أَوْ حَصًى - تُسَبِّحُ بِهِ، فَقَالَ: «أُخْبِرُكِ بِمَا هُوَ أَيْسَرُ عَلَيْكِ مِنْ هَذَا - أَوْ أَفْضَلُ -؟» فَقَالَ: سُبْحَانَ اللهِ عَدَدَ مَا خَلَقَ فِي السَّمَاءِ، وَسُبْحَانَ اللهِ عَدَدَ مَا خَلَقَ فِي الْأَرْضِ، وَسُبْحَانَ اللهِ عَدَدَ مَا خَلَقَ بَيْنَ ذَلِكَ، وَسُبْحَانَ اللهِ عَدَدَ مَا هُوَ خَالِقٌ، وَاللهُ أَكْبَرُ مِثْلُ ذَلِكَ، وَالْحَمْدُ لِلَّهِ مِثْلُ ذَلِكَ، وَلَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ مِثْلُ ذَلِكَ، وَلَا حَوْلَ وَلَا قُوَّةَ إِلَّا بِاللهِ مِثْلُ ذَلِكَ  Oisha binti Sa’d ibn Abu Vaqqosdan, u otasidan rivoyat qilinadi:
«U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan bir ayolning oldiga kirdilar. Uning oldida danaklar yoki mayda toshlar bo‘lib, o‘shalar bilan tasbeh aytayotgan edi. Shunda u zot: «Men senga undan oson – yoki afzal – narsaning xabarini beraman: Subhanallohi adada maa xolaqa fis-samaai va Subhanallohi adada maa xolaqa fil arzi va subhanallohi adada maa xolaqa bayna zalik, va subhanallohi adada maa xolaqa maa huva xoliqun, vallohu Akbar mislu zalika, valhamdulillahi mislu zalika, va laa ilaaha illallohu mislu zalik, va laa havla va laa quvvata illa billahi mislu zalik», dedilar».
Ushbu hadisda zikrni ko‘p takrorlash va uni qo‘ldan boshqa narsa bilan sanash ham mumkinligiga dalil bor. Xuddi shu ma’noni anglatish uchun mashhur muhaddis imom Abu Dovud o‘z kitobida mayda tosh bilan tasbeh aytish bobini ochgan va ushbu biz o‘rganayotgan hadisni keltirgan. Mana shundan bizda «tasbeh» nomini olgan, ma’lum bir adaddagi danak yoki dumaloq narsalarni ipga tizib yasaladigan, arablar «subha» deb nomlaydigan narsa paydo bo‘lgan. Ibn Manzur bu narsani tushuntirish uchun: «Subha» – tasbeh aytuvchi o‘zi aytadigan tasbehlarni sanaydigan donalardir. Bu yangi chiqqan so‘z bo‘lib, gohida uni «misbaham» ham deyishadi», degan.
Imom Abu Dovudning «Sunan» kitoblarini «Avnul Ma’bud» nomi ila sharh qilgan shayx Muhammad Shamsulhaq rahmatullohi alayhi hozir biz o‘rganayotgan hadisni keltirgandan keyin: «Bu hadis tasbehni «danak» yoki «mayda tosh» bilan sanash joizligiga dalildir. Tasbeh qilib olsa ham bo‘laveradi, chunki oralarida farq yo‘q, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mazkura ayolning amalini iqror qildilar, inkor etmadilar. «Bo‘lib turgan narsadan afzal narsaga irshod qilish avvalgisining joizligini man qilmaydi», deganlar.
Bu haqda bir qancha asarlar rivoyat qilingan. «Buni qilishni bid’at deganlar to‘g‘ri aytmagan», deydi shayx Muhammad Shamsulhaq.
Ibn Hajar rahmatullohi alayhi esa: «Mazkur hadisdan tasbeh tutish mandubligi kelib chiqadi, uni bid’at deyish to‘g‘ri emas», degan.
Ibn Allon esa shunday deydilar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mazkur ayolning danak yoki mayda tosh bilan sanab zikr qilayotganiga iqror bo‘lishlari bu ishning sunnat ekaniga dalildir. Tasbeh tutish ham mayda toshning o‘rnidagi narsa. Tasbeh tutish haqida latif bir juz yozib, uni «Iyqotul masobiyh limashruiyati ittihozil masobiyh» – «Tasbeh tutishning shar’iy ekani haqida yoqilgan chiroq» deb nomladim». Mazkur kitobda: «Bu masalaga oid xabarlar, asarlar va ixtiloflarni keltirdim, zikrni barmoqlar bilan sanash afzalmi yoki tasbeh bilan, degan savolga javob izladim. Xulosa shuki, qo‘l bilan sanash, xususan, namozning zikrlarini qo‘l bilan sanash afzaldir. Ammo ko‘p adadli zikrlarda adashib ketmaslik uchun tasbeh bilan sanagan afzaldir», deyilgan.
Allohning zikrini qilish ishtiyoqida, uni ko‘proq zikr qilib, adadini oshirish ma’nosida mo‘min-musulmonlar hozirgi ko‘rinishdagi tasbehlarni yasab olganlar. Allohning zikrini qilish, uning adadini ko‘paytirishni, Alloh subhanahu va taoloning O‘zi hammamizga nasib etgan bo‘lsin. Turli sohalarda, jumladan, mana shu tasbeh borasida ham ixtilof qilishdan Alloh taolo O‘zi saqlasin, ixtilof qiluvchilarga esa Robbul olaminning O‘zi insof berib, hamma sohalarda, jumladan, ushbu ma’nodagi ixtilofdan qutulishda ham O‘zi to‘g‘ri yo‘lga boshlagan bo‘lsin. Vallohu a’lam.(“Ixtiloflar sabablar echimlar” kitobidan). Vallohu a’lam!

1 May 2022, 19:27 | Savol-javoblar | 176 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar