Namozxonlarning ustidan kulish

Assalomu alaykum! Alloh ishingizning barakasini bersin. Hozirda odamlar orasida benamozlarning namozxon insonlarning bilib bilmay qilgan xatolari va Alloh hidoyat berib, o‘tmishda qilgan xato va gunohlariga tavba qilib, Allohning dinida ko‘rsatilgan eng to‘g‘ri yo‘lga yura boshlagan yangi namozxonlarning (o‘zingizni biling kecha yurudiz… bizda ham o‘zimizga yarasha ilmimiz bor biz bu etapdan o‘tganmiz), qavlidagi gaplar bilan ustidan mazax qilishi va mensimasliklari ko‘zga tashlanib qolyapti. Biz qanday yo‘l tutishimiz kerak? Rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo bizni hamisha rost so‘zlashga buyurgan, yolg‘onni esa eng og‘ir gunohlardan biri deb, vahiy orqali qaytargan. Alloh taolo O‘zi rost gapirib, bizni yolg‘ondan qaytargan ekan, kim bo‘lishidan qat’i nazar, qaysi odam yolg‘on gapirib g‘olib bo‘laman desa, Allohning g‘azabiga duchor bo‘ladi. Kim mag‘lub bo‘lsam ham rost gapiraman desa, uning madadkori Alloh taoloning O‘zi bo‘ladi. Hindiston Angliyaning mustamlakasi bo‘lgan davrda Kandehla degan bir qishloqda hindlar bilan musulmonlar aralash yashar ekanlar. Bir kuni o‘sha erlik musulmon bir er maydoni ustida hind bilan tortishib qolishibdi. Hind bu er bizniki desa, musulmon yo‘q, bu mening erim deb, talashib ketishibdi. Shunda musulmon «Agar shu er meniki bo‘lib chiqsa, o‘zim foydalanmasdan, u erga masjid quraman», debdi. Uning gapini eshitgan bir necha musulmonlar masjid qurilsa, hissamiz qo‘shilib qolsin deb, uni qo‘llab-quvvatlashibdi, unga tarafdor bo‘lishibdi. Buni eshitgan hind ham «Agar bu er meniki bo‘lib chiqsa, o‘zim foydalanmay, u erga mandir (butga sig‘inadigan joy) quraman!» debdi. Tabiiyki, bu gapni eshitgan hindlar ham uni qo‘llab-quvvatlay boshlashibdi. Ikki tomondan ancha odam to‘planib ketibdi. Olomon shovqin-suron solib, mahkama binosi oldiga kelibdi. Mahkamaning ingliz raisi ularni ko‘rib, sarosimaga tushib qolibdi, chunki  bu holatda er maydoni qaysi tomonga deb hukm qilinsa ham, qarshi tomon norozi bo‘lib, orada urush chiqqudek bo‘lsa, uni o‘chirish qiyin bo‘lar edi. Tortishuv ham endi oddiy er ustida emas, balki musulmonning foydasiga hal bo‘lsa, masjid qurilishi yoki hindning foydasiga hal bo‘lsa, mandir qurilishi uchun janjalga aylanib ketgan edi. Shu payt hindlar nima qilishni bilmay hayron turgan ingliz raisning joniga oro kirib qolishdi. Gap shundaki, o‘sha paytlarda Kandehlada Abdulaziz Dehlaviy rahmatullohi alayhning xos shogirdlaridan biri – Iloh Baxsh ismli olim zot yashar edi. Iloh Baxsh rahmatullohi alayh bilimdon muftiy, mashhur olim edilar. Benazir taqvolari va rostgo‘yliklari tufayli u kishini musulmonlar ham, hindlar ham juda hurmat qilishar edi. U zotning biror marta yolg‘on gapirgani, birovga zulm qilgani, biror nojo‘ya ishga mubtalo bo‘lganini hech kim ko‘rmagan, eshitmagan edi. Hindlar ingliz sudyaning o‘ylanib qolganini ko‘rib, unga «Agar ishning osonlik bilan, tinchlik yo‘l bilan hal bo‘lishini xohlasangiz, o‘rtaga Iloh Baxshni hakam qiling. U kishi hukmni chiqarib bersa, bu tashvishdan qutulasiz, chunki u kishini hindlar ham, musulmonlar ham qattiq hurmat qiladi. Ikki tomon ham u kishining hukmiga rozi bo‘ladi», deyishdi. Ishning oson hal bo‘layotganidan xursand bo‘lib ketgan sudya «Axir u musulmon-ku, masjid qurilishini xohlab, musulmonlarning tarafini olib, hukmni ularning foydasiga chiqarsa-chi? Shunda ham uning hukmini qabul qilaverasizlarmi?» dedi. Hindlar «Biz uning hukmini tan olamiz, chunki u odam o‘zining zarariga bo‘lsa ham hech qachon yolg‘on gapirmaydi», deyishdi. Sudya tashqariga chiqib, savolini musulmonlarga takrorladi. Darhaqiqat, musulmonlar ham «Axir u kishi musulmon, qolaversa, biz o‘sha erga masjid quramiz deb turibmiz. U zot albatta ishni bizning foydamizga hukm qiladilar» deb, Iloh Baxsh rahmatullohi alayhning hakam bo‘lishlariga xursandlik bilan darhol ko‘nishdi. Qolganlar ham bir ovozdan «Hammamiz u kishi chiqargan hukmiga rozimiz, chunki u kishi yolg‘on ham gapirmaydi, haqqa qarshi ham gapirmaydi. Bosh ustiga, biz u kishining hukmiga rozimiz» deb, xursand bo‘lib, ma’lum bir kuni to‘planishga qaror qilib, tarqalishdi. Sudya Iloh Baxsh hazratlari bilan uchrashib, voqeani tushuntirdi.  Iloh Baxsh hazratlari hakamlikka rozi bo‘lib, ishning mohiyatini yaxshilab surishtirib, aniqlashga, nizoning sabablarini, tarixini o‘rganishga qaror qildilar. Belgilangan kun keldi. Avvalgidan ham katta olomon to‘plangach, ingliz sudya baland ovoz bilan: «Iloh Baxsh sohib! Bu er kimga tegishli?» deb so‘radi. U zot: «Bu er hindlarga tegishli ekan», deb javob berdilar. Hindlar xursandlikdan hayqirib yuborishdi, musulmonlarning esa boshlari egilib, xomush tortib qolishdi. Sudya: «Demak, endi hindlar bu erga mandir qursa bo‘laveradi, shundaymi?» deb so‘radi. Iloh Baxsh: «Ularning mulki bo‘lganidan keyin, xohlagancha tasarruf qilishlari mumkin», deb javob berdilar. Bu gapdan so‘ng to‘planganlar birdan jimib qolishdi. Atrofga suv quygandek jimlik cho‘kdi. Faqatgina hindlarning bir-biri bilan nimanidir pichirlashayotgani eshitilib turardi. Hazratning xolisligiga, Islomning adolatiga qoyil qolgan ingliz sudya hukmning tagiga «Bugun bu bahsda musulmonlar mag‘lub bo‘ldi, lekin Islom g‘olib bo‘ldi» degan so‘zlarni yozib qo‘ydi. Nihoyat, hindlardan bir necha vakil o‘rtaga chiqib, ularning kattasi sudyaga shunday dedi: «Endi bizning gapimizni ham eshiting. Hozir hammamiz sizning guvohligingizda musulmon bo‘lamiz. Adolat, haqparvarlik bundan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Biz musulmon bo‘ldik, er bizniki bo‘ldi, endi hammamiz o‘sha erga birgalikda masjid quramiz!» Biz bu hikoyani keltirishimizdan maqsad, har bir qilgan yaxshi ishingiz islomning sha’nini ulug‘lashga, nojo‘ya qilgan harakatingiz islomning sha’niga dog‘ tushurishiga sababchi bo‘lishini o‘ylab harakat qilinglar. Arzimas narsa uchun islomni sotib qo‘yishdan saqlaninglar. Shunda Alloh taolo sizlar bilan boshqalar o‘rtasini isloh qilib qo‘yadi. Vallohu a’lam!

21 Aprel 2022, 07:28 | Savol-javoblar | 150 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar