Qimor haqida

Assalomu Alaykum! Men kitoblarda qimor o‘yini haromligi haqida ko‘p o‘qiganman va eshitganman. Ya’ni biron o‘yinni pulga o‘ynasa qimor hisoblanadi. Agarda karta yoki narda kabi o‘yinlar pulsiz yoki biron moddiy manfaatsiz, shunchaki o‘ynalsa mumkinmi?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Fazola ibn Ubayddan rivoyat qilinadi:
«U odamlar to‘plangan joylardan birida edi. Unga bir qavmlar kuba o‘ynayotganligi etdi. Shunda u g‘azablanib o‘rnidan turdi va undan shiddat-la qaytardi. So‘ng:
«Mana shuning yutug‘ini eyish uchun o‘ynovchi cho‘chqaning go‘shtini egan va qon bilan toharat qilganga baravar», – dedi».
Kuba – nard degani.
Mulohaza qiladigan bo‘lsak, o‘sha vaqtda nard bilan qimor o‘ynash ko‘proq tarqalganga o‘xshaydi. Chunki, qimor bobida kelgan rivoyatlarning ko‘pi aynan nard haqida.
Fazola ibn Ubaydning qilgan ishlari barchamizga ibratdir. Demak, jamiyatdagi gapi o‘tadigan kishilar bu rivoyatdagi kabi noma’qulchilikni o‘zlariga ep ko‘rgan johillarni bu munkar ishlaridan qaytarib, qilayotgan ishlarining qabohatini bayon qilib turishlari zarur ekan. Agar shunday qilinmasa, qimor va shunga o‘xshash zararli ishlar jamiyatda tarqalib boraveradi. NARD O‘YNAYoTGANLARGA SALOM BERMAGAN KIShI Fuzayl ibn Muslimdan, u otasidan rivoyat qilinadi:
«Ali qasr eshigidan chiqib, nard sohiblarini ko‘rib qolsa, ularni ertalabdan kechasigacha hibs qilar edi. Ulardan ba’zilari kunning yarmigacha qamalardi. Kechasigacha qamaladiganlar pulga o‘ynaganlar edi. Kunning yarmigacha qamaladiganlar uni ko‘ngilxushi uchun o‘ynaganlar edi. U ularga salom bermaslikni amr qilar edi». Bu o‘yinlarni o‘ynash – pul tikilsa-tikilmasa – og‘ir gunoh. Biroq, pul tikilsa, gunoh yanada og‘irlashadi. Shuning uchun, hazrati Ali pul tikkanlarni bir kun qamar, so‘ng ularni «fosiq» deb e’lon qilib, ularga salom berishni man’ qilar ekanlar.
Demak, qimorboz va vaqtni behuda o‘tkazadiganlarga ham moddiy, ham ma’naviy jazo berilar ekan.
Ushbu rivoyatdan olinadigan foydalar:
1. Munkar ishdan xabardor bo‘lgan boshliq bu ishni qiladiganlarga qarshi chora ko‘rishi zarurligi.
2. Pul tikib qimor o‘ynaganlarga bir kunlik qamoq jazosi borligi.
3. Pul tikmay, vaqt o‘tkazish uchun qimor o‘yinni, harom qilingan o‘yinlarni o‘ynaydiganlarga yarim kun qamoq jazosi borligi.
4. Qimor o‘ynagani sobit bo‘lgan kishiga salom bermaslik kerakligi.
Abu Muso al-Ash’ariydan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kim nard o‘ynasa, batahqiq, Allohga va Uning Rasuliga osiy bo‘libdi», – dedilar». Albatta, narddan boshqa qimor turlarini o‘ynaganlar ham Alloh taologa va Uning Rasuliga osiy bo‘lishlari turgan gap. Alloh taologa va Uning Rasuliga osiy bo‘lish esa, katta badbaxtlikdir. Shuning uchun, bu kabi narsalardan tamoman chetda bo‘lish kerak.

21 Апрел 2022, 10:51 | Савол-жавоблар | 187 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar