Puflab ichish haqida

Assalomu alaykum! Aziz ustozlar, qilayotgan xizmatlaringizni Alloh ajrini bersin! Savolim shundan iboratki Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning suvni puflab ichmaslik haqidagi sunnatlari bilaman, lekin shuni hadis va tafsiri bilan menga tushuntirib bersangizlar. Nima uchun puflab ichish mumkin emas? Javob uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنْ أَبِي سَعِيدٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ نَهَى عَنِ النَّفْخِ فِي الشَّرَابِ، فَقَالَ رَجُلٌ: الْقَذَاةُ أَرَاهَا فِي الْإِنَاءِ، قَالَ: أَهْرِقْهَا، قَالَ: فَإِنِّي لَا أَرْوَى مِنْ نَفَسٍ وَاحِدٍ؟ قَالَ: فَأَبِنِ الْقَدَحَ إِذَنْ عَنْ فِيكَ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ Abu Sa’iyd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam ichimlikka puflashdan qaytardilar. Bas, bir kishi: «Idishga tushib qolgan narsani ko‘rsam-chi?» dedi. «Olib tashla», dedilar u zot. «Men bir nafasda icha olmayman», dedi. «Unday bo‘lsa, qadahni og‘zingdan uzoqlashtir», dedilar». Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilganlar. Sharh: Ushbu hadisi sharifdan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning taomlanish madaniyatini qanchalik mehnat bilan joriy qilganlarining yorqin namunasini ko‘rib turibmiz. Har bir narsani aytib, tushuntirish, turli savollarga chidam bilan javob berish lozim bo‘lgan ekan. Avval u zot sahobalarga ichish odoblaridan birini bayon qilmoqdalar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam ichimlikka puflashdan qaytardilar». Ammo hamma ham bu qaytarishni eshitishi bilan «Bunday qilmasligimiz kerak ekan», deb ketavermadi. Bas, bir kishi: «Idishga tushib qolgan narsani ko‘rsam-chi?» dedi». Ya’ni, «Siz idish ichiga puflamanglar deyapsiz. Ammo bir ichimlikni ichmoqchi bo‘lib, og‘zimga olib borsam, idishda – ichimlik ustida bir narsa turgan bo‘lsa, puflab yuborish kerak bo‘ladi-ku?» Bu savolga javoban: «Olib tashla», dedilar u zot». Ya’ni «O‘sha narsani ham puflama, balki olib tashla». So‘rovchida yana boshqa savol paydo bo‘ldi va u o‘sha savolni ham berdi: «Men bir nafasda icha olmayman», dedi. Ya’ni, «Men idishdagi ichimlikni bir nafas bilan oxirigacha ichib, bitira olmayman. Orada nafas olishim kerak bo‘ladi. Orada nafas olsam, idish ichiga puflashim kerak bo‘ladi. Bunga nima deysiz?» Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu masalani ham sabr bilan hal qildilar: «Unday bo‘lsa, qadahni og‘zingdan uzoqlashtir», dedilar». Ya’ni, «Nafasing etmay qolganda idishni og‘zingdan uzoqlashtirib, nafasingni rostlab olib, keyin ichishda davom etsang, idish ichiga puflash sodir bo‘lmaydi». Odamning og‘zidan chiqadigan nafasda turli ko‘zga ko‘rinmas zararli narsalar, qo‘lansa hid va boshqalar bo‘lishi hozirgi paytda hammaga ma’lum bo‘lib qoldi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Апрел 2022, 12:26 | Савол-жавоблар | 167 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar