Xavorijlar

Assalomu alaykum! Xavorijlar kim o‘zi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Xavorijlar. (Hijriy 38, milodiy 658 sana) Hazrati Ali roziyallohu anhuning askarlari ichidan «xavorijlar» nomli alohida guruh ajralib chiqdi. Aslida «xavorij» so‘zi «xuruj», ya’ni «qarshi chiqish» so‘zidan olingan bo‘lib, ular hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga qarshi chiqqanliklari uchun shu nom bilan atalgan edilar. Ular «Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu hakamlik ishini qabul qilgani uchun «kofir bo‘ldi», deb fatvo chiqardilar».  Ularga hazrati Alining hakamlikni qabul qilganlari yoqmagan edi. Aslida xavorijlarning o‘zlari hazrati Ali roziyallohu anhuni hakamlikni qabul qilishga majburlashgan edi, endi esa Muoviyaga qarshi urushga qaytishni talab qila boshladilar. Hazrati Ali roziyallohu anhu ularning talabini qabul qilmadilar. Hazrati Ali roziyallohu anhu hakamlik ishlarida xiyonat bo‘lganligini e’lon qilib, katta askar bilan Shom tomon yurdilar. Ammo u kishi yo‘lda ketayotganlarida orqadan xunuk va o‘ta tashvishli xabar keldi. Xavorijlar paytni g‘animat bilib, er yuzidagi eng katta fasod ishlarga qo‘l urgan edilar. Ular Alloh harom qilgan ishlarni o‘zlari uchun halol hisoblab, begunoh musulmonlarning qonlarini to‘kish, yo‘lto‘sarlik qilishga qo‘l urayotgan edilar. Ular o‘ldirgan kishilar ichida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari Abdulloh ibn Xabbob roziyallohu anhu va u kishining homilador ayollari ham bor edi. Hazrati Ali roziyallohu anhu ortga qaytishga majbur bo‘ldilar. Borib, ularga va’z-nasihat qildilar va ogohlantirdilar. Ammo xavorijlarga bu narsalar ta’sir qilmadi. Ular sulhni istamay, bir-birlarini jangga hozirlik ko‘rishga targ‘ib qila boshladilar. Xavorijlar birinchi bo‘lib urush boshladilar. Urushda ularning deyarli barchalari qirilib bitdi. Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuning odamlaridan etti kishi shahid bo‘ldi, xolos. Ulardan juda ozgina odam najot topdi. Ushbu ma’rakaning natijalari juda ham xatarli bo‘ldi. O‘lmay qolgan oz sonli xavorijlar har tarafga tarqalib ketishdi: ulardan ikkitasi Ummonga, ikkitasi Kirmonga, ikkitasi Sijistonga, ikkitasi Arabiston yarimoroliga va bittasi Yamanga qochib ketdi. Ular borgan joylarida o‘z jamoalarini tuza boshladilar. Xavorijlar, avval aytib o‘tilganidek, Ali roziyallohu anhuni Siffindagi urushni to‘xtatib, Qur’oni Karimning hukmiga tushishga majburlagan, keyin hakamlikni inkor qilgan, Harura degan joyda to‘planib, hazrati Ali roziyallohu anhuga qarshi chiqqan odamlar edi. «Xavorij» so‘zining ma’nosi «qarshi chiquvchilar»dir. Ular er yuzida fisqu fasod qildilar. Hazrati Ali roziyallohu anhu Nahravon jangida xavorijlarni engganlaridan keyin ulardan ko‘pchiligi hazrati Ali roziyallohu anhuning lashkarlariga qo‘shilib oldilar va ulardan biri imkonini topib, u kishi roziyallohu anhuni qatl qildi. Muoviya ibn Abu Sufyonning davrida ular Ko‘fa va Basrada bir necha marta qo‘zg‘olon uyushtirdilar. Hazrati Muoviya ularga qarshi urush olib borib, tinchitdi. Basraning voliysi Ziyod ibn Abiyhi va uning o‘g‘li Ubaydulloh xavorijlarga qarshi juda shiddat bilan turar, sira shafqat qilishmas edi. Xavorijlar asli sahrolik, qo‘pol, dag‘al, berahm, shafqatsiz odamlar edi. Ular odamlarni ikkiga bo‘lib, yo mo‘min, yo kofir bo‘ladi deyishar, o‘zlarining fikriga qo‘shilganlarni mo‘min, qarshi chiqqanlarni kofir hisoblashardi. Xavorijlar Usmon, Ali, Muoviya roziyallohu anhumni ham kofirga chiqarib qo‘yishgan edi. Ular o‘z jamoatiga qo‘shilmaganlarga qarshi urush qilishar, ularning qonini halol sanashardi. Xavorijlar juda ko‘p balo-ofatlarga sabab bo‘lishdi. Mulohaza qilinadiki, umaviylar davlati davrida ular juda ko‘p g‘alabalarga ham erishganlar. Ularning firqalari turlicha bo‘lib, azraqiylar, najadotlar, aboziylar, ajoridalar, safariyalar kabi nomlar bilan atalgan. Vallohu a’lam!

21 Апрел 2022, 16:24 | Савол-жавоблар | 177 | Siyrat va tarix
|
Boshqa savol-javoblar