Namozda ko‘rsatgich barmoqni ko‘tarish

Assalomu alaykum! Aziz ustozlar, attahiyat o‘qilayotganda ko‘rsatkich barmoq bilan to‘g‘riga ko‘rsatishadi. Aslida shunday qilish kerakmi? Men yaxshi bilmaganim uchun namozlarimda unday qilmayman. Javob uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Bu masaladagi ixtilof ikki xildir. Biri ushbu savolda kelgani kabi, mazkur ishorani qilish yoki qilmaslik to‘g‘risida. عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا جَلَسَ فِي الصَّلَاةِ، وَضَعَ كَفَّهُ الْيُمْنَى عَلَى فَخِذِهِ الْيُمْنَى، وَقَبَضَ أَصَابِعَهُ كُلَّهَا، وَأَشَارَ بِإِصْبَعِهِ الَّتِي تَلِي الْإِبْهَامَ، وَوَضَعَ كَفَّهُ الْيُسْرَى عَلَى فَخِذِهِ الْيُسْرَى. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ  Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam namozda o‘tirsalar, o‘ng kaftlarini o‘ng sonlariga qo‘yar, barmoqlarini tugib, bosh barmoq yonidagi barmoqlari bilan ishora qilar edilar. Chap kaftlarini chap sonlariga qo‘yar edilar».
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
Ushbu hadisi sharifda barmoqlarni tugib, ko‘rsatkich barmoq bilan ishora qilinishi haqida so‘z bormoqda.
Bu barmoq arab tilida «sabboba» deyiladi. Shuning uchun tashahhudda qilinadigan ishorani ham «ishorai sabboba» deyiladi.
«Ishorai sabboba» tashahhudda «Ashhadu allaa ilaaha» deganda «laa»ni aytayotganda ko‘rsatkich barmoqni yuqoriga ko‘tarish bilan bo‘ladi. O‘sha barmoqni ko‘tarishda boshqa barmoqlar yig‘ib olinadi.
Ba’zilar ushbu rivoyatdagi «barmoqlarini tugib» degan jumlani «tashahhudga o‘tirishda tugib o‘tiradi» deb tushunganlar. Shuning uchun avvaldan qo‘llarini mushtga o‘xshatib o‘tirishadi va «laa»ga kelganda ko‘rsatkich barmoqlarini yuqoriga ko‘tarishadi. Albatta, bu noto‘g‘ridir.
«Sabboba» «so‘kish» degani bo‘lib, «ishorai sabboba» – «so‘kish ishorasi» demakdir.
Tashahhudda «Ashhadu allaa ilaaha illallohu»ning «laa»sida ko‘rsatkich barmoqni ko‘tarish shaytonni so‘kish bo‘ladi. Ishorani qilgandan so‘ng, namoz tamom bo‘lguncha o‘sha barmoqqa qarab turiladi.
Ba’zi ulamolarimiz bu ishorani qilmaslikni aytganlar. Ammo Ibn Humom va Ali Qoriy kabi ulamolarimiz: «Buni qilmaslik rivoyat va diroyatga xilof bo‘ladi», deganlar.
Biz ixtilofdan chetlanish maqsadida ulamolar majlisida: «Ustozi o‘rgatganlar qilsin, o‘rgatmaganlar qilmasin. Ammo ixtilof bo‘lmasin», deb aytganmiz.
Bu masaladagi ikkinchi ixtilof ishorai sabbobani qilish sifatida bo‘ladi. Hanafiylar yuqorida zikri o‘tgan hadisi sharifdagi ko‘rsatma asosida ishorai sabboba qiladilar. Ammo ixtilofni o‘ziga kasb qilib olgan ba’zi birovlar boshqacha shaklda ishora qiladilar. Ular o‘zlarini bilimdon qilib ko‘rsatish, boshqalarni xatokor sanash va eng muhimi, ixtilof chiqarish maqsadida boshqa rivoyatlarda sifati kelgan ishorani qilishadi. Misol uchun, ko‘rsatkich barmoqni tashahhudda doimiy ravishda aylantirib turishadi.
Bir amalni qilish bo‘yicha hadislarda turli xil ko‘rinish kelgan. Bir mazhab ulardan birini olgan, boshqa mazhab ikkinchisini olgan. Ikkisi ham to‘g‘ri. Mazhabga ergashganlarning hammasi o‘z mazhabida dalil qilib olingan rivoyatga amal qilgan, boshqalarga e’tiroz bildirmagan va ular bilan tortishmagan. Hamma bir-birini hurmat qilgan. Ammo hozirgi ixtilofchilar esa hanafiylar orasida ixtilof chiqarmoqchi bo‘lsalar, ularning mazhabida amal qilinmaydigan rivoyatni keltirib, «Hanafiylar xato qilishmoqda!» deb jar solishadi. Bundan nima foyda bor? Kimga foyda bor va qanday foyda bor?! (“Ixtiloflar sabablar echimlar” kitobidan). Vallohu a’lam!

27 Апрел 2022, 14:35 | Савол-жавоблар | 199 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar