Istixora duosi haqida

Opamning savoli quyidagicha: “Bir ayol menga istixora faqat kechasi o‘qilmaydi, uni xohlagan vaqtida o‘qisa bo‘ladi. Masalan bozorga borishdan oldin va yana boshqa ishlardan oldin. Istixorada tush qo‘rish noto‘g‘ri va u 7 kecha o‘qilmaydi, istixora duosidagi "ushbu ish" deyilgandan keyin hojatini aytish kerak” dedi. Meni arab tilidan ozgina xabarim bor. Sizning “Hadis va hayot” kitobingizning 7-juzida istixora xaqida o‘qidim. Bu kitobdagi arabcha matnda "hazal amru"dan keyin hojat so‘ralishi yo‘q va bu oxirida "yusammi haajatahu" bo‘lib kelgan. “Al-AZKOR” kitobida bu duoning arabcha matnida "hazal amru"dan keyin hojat aytilishi kerakligi yozilmagan. Duoning oxirida "yusammi haajatahu" yozilgan, ammo o‘zbekcha tarjimasida "hazal amru"dan keyin hojat aytilishi qavs ichida yozilgan. Duo oxiridagi "yusammi haajatahu" tarjima qilinmagan. Savol; 1. Hojat istixora duosining qaerida aytilishi kerak? 2. Tush ko‘rish noto‘g‘rimi? 3. Istixora qay vaqtda o‘qiladi? 4. Istixorada “Kafirun” va “Ixlos” suralarini aytish shartmi yoki boshqa suralarni ham aytsa,bo‘ladimi? 5. 7 Kecha o‘qish haqidagi gap to‘g‘rimi?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Istixora namozi «Istixora» so‘zi lug‘atda xayrni talab qilish, degan ma’noni anglatadi. Musulmon kishi ikki ishdan qaysi birini qilishini bilmay qolganda, xayrlisini tanlash uchun Istixora namozi o‘qiydi. Bu namozni har bir muboh ishdan oldin o‘qish mustahabdir. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bizga hamma ishlarda istixora qilishni xuddi Qur’ondan surani ta’lim bergandek ta’lim berar edilar. U zot: «Qachon biringiz bir ish qilmoqchi bo‘lsa, farz namozdan boshqa ikki rak’at namoz o‘qisin. So‘ng, Ey, bor Xudoyo! Albatta, men Sendan ilming ila istixora qilaman. Sening qudrating ila qudrat so‘rayman. Sendan ulug‘ fazlingdan so‘rayman. Albatta, Sen qodir bo‘lursan, men qodir bo‘lmasman. Sen bilursan, men bilmasman. Sen g‘ayblarni o‘ta yaxshi biluvchi zotsan. Ey, bor Xudoyo! Agar ushbu ish menga dinimda, maoshimda va ishim oqibatida yaxshi ekanligini bilsang (yoki hozirgi ishimdayu, kelgusida) uni menga taqdir qilgin, menga oson qilgin, so‘ngra uni men uchun barakali qilgin. Agar ushbu ish men uchun dinimda, maoshimda va ishim oqibatida (yoki hozirgi ishimdayu kelgusida) yomon ekanligini bilsang uni mendan burib yubor, meni undan burib yubor. Va menga qaerda bo‘lsa ham yaxshilikni taqdir qil. So‘ngra meni unga rozi qil, desin va hojatini aytsin», dedilar». Beshovlaridan faqat Muslim rivoyat qilmagan. Ushbu namozni o‘qigandan keyin mazkur ish haqida o‘ylamay, Alloh ixtiyor qiladigan narsani kutib yuradi. Keyin ko‘ngliga tushib, o‘ziga ma’qul bo‘lib qilgisi kelib qolsa qiladi. Bu haqda tush ko‘rishi ham mumkin. Agar ish bir tarafga bo‘lmay turib qolsa istixora namozini yana qaytadan o‘qiydi. Qayta o‘qish etti martagacha bo‘ladi. Istixora namozining birinchi rak’atida «Fotiha» surasidan keyin «Kofirun» surasini, ikkinchi rak’atda «Ixlos» surasini o‘qiydi.

28 Апрел 2022, 00:27 | Савол-жавоблар | 168 | Boshqa ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar