Ustoz va shogird
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! https://savollar.islom.uz/smf/index.php?topic=
70.0;wap - Nafsni poklash va axloqni sayqallash ilmi sohasida ham, boshqa ilmlardagi kabi, ustozning ham, shogirdning ham o‘ziga xos odoblari va mas’uliyatlari bor. Ilm talab qiluvchining (mutaallimning) odoblari quyidagilar: 1. Ilm talab qiluvchi shaxs nafs pokligini axloqiy raziylat va yomon sifatlardan yuqori qo‘ymog‘i lozimdir. Zotan, ilm qalbning ibodatidir. 2. Ilm talab qiluvchi shaxs o‘zini chalg‘ituvchi narsalardan aloqani kesmog‘i lozim. Chunki, fikr bo‘linsa, haqiyqatlarni idrok qilishdan ojiz bo‘lib qoladi. Salafi solihlar ilmni boshqa barcha narsadan yuqori qo‘yar edilar. Ba’zilari ilmda ko‘zlagan maqsadlariga erishmay turib, boshqa narsalarga qo‘l urmas edilar. 3. Ilm talab qiluvchi shaxs xuddi bemor o‘zini tabibga topshirgani kabi, ustoziga tamomiyla bo‘ysunmog‘i, unga tavozu’ ko‘rsatmog‘i va xizmatida qoim bo‘lmog‘i kerak. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu Zayd ibn Sobit roziyallohu anhudan dars olar edi. Zayd ibn Sobit jo‘nab chiqib, otlariga minmoqchi bo‘lganida, Ibn Abbos otning jilovidan ushlab turardi. Zayd bundan qaytardi. Shunda Ibn Abbos roziyallohu anhu: «Ulamolarimizni shunday hurmat qilishga buyurilganmiz», – dedi. 4. Ilm talab qiluvchi takabburlik qilsa, johillik qilgan bo‘ladi. Chunki, hikmat mo‘minning izlab yurgan narsasidir. Uni qaerdan topsa, oladi. U, muallimining fikriga ergashsin. Chunki ustozining xatosi uning to‘g‘ri topganidan ko‘ra foydalidir. Ibn Abdulbarr, al-Marhabiy va al-Xatib keltirgan rivoyatda Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu tolibi ilmga quyidagi nasiyhatni qiladilar: «Olimning senda bo‘lgan haqqi: 1. Unga ko‘p savol bermaslik. 2. Javobni qattiq talab qilib uni charchatmaslik. 3. U xohlamasa, mahkam yopishib olmasligingdir. 4. Agar tanballik qilsa, kiyimidan tutmasligingdir. 5. Ustozga qo‘l bilan ishora qilmaslik. 6. Unga ko‘z qisib ham ishora qilmaslik. 7. Odamlar bilan majlis qurib o‘tirganda so‘ramasligingdir. 8. Uning adashishining payidan bo‘lmaslik. 9. Agar adashsa, qaytishini kutishing va tavbasini qabul etishingdir. 10. Falonchi sen aytganning xilofini aytdi, demaslik. 11. Uning sirini fosh qilmaslik. 12. Uning huzurida hech kimni g‘iybat qilmaslik. 13. Uni hozirligida ham, g‘oyibligida ham muhofaza qilish. 14. Odamlarga umumiy salom berib, unga alohida tabrik aytmoq. 15. Uning ro‘baro‘sida o‘tirmoq. 16. Uning hojati bo‘lsa, boshqalardan ko‘ra oldin xizmatini qilmoq. 17. Olim suhbatining uzunligidan malol olmaslik. 18. U bir xurmoga o‘xshaydi. Sen undan o‘zingga qachon manfaat tushishiga intizor bo‘lib turmog‘ing kerak. 19. Albatta, olim Allohning yo‘lida ro‘za tutgan mujohid kabidir. Qachon bir olim vafot etsa, Islomda bir teshik paydo bo‘lur va u qiyomatgacha to‘silmas. Tolibi ilmni osmonning muqarrab farishtalaridan etmishtasi kuzatib yurur...» Ilm talab qiluvchi shaxs dastlabki bosqichda ixtiloflarga quloq solmasligi kerak. Bu narsa uning aqlini lol va zehnini shol qilishi mumkin. Ilm talab qiluvchi shaxs har bir narsadan eng yaxshisini olmog‘i lozim. Chunki, hamma ilmlarni olishga umr etmaydi. U, eng sharafli ilmga asosiy quvvatini sarf qilishi kerak. O‘sha ilm oxiratga bog‘liq ilmdir. Muallimning odoblari quyidagilar: Muallim talabalarga shafqatli bo‘lishi va ularni o‘z bolalari o‘rnida ko‘rishi kerak. Muallim ta’lim bergani uchun haq olmasligi, mukofot va tashakkur tama’ qilmasligi, faqat Alloh taoloning roziligi uchun ta’lim bermog‘i lozim. Muallim tolibi ilmlarga minnat qilmasligi, aksincha, ularning ilm uchun qilgan himmatlarini fazl deb bilishi kerak. Ular, xuddi, erni ekish uchun ijaraga bergan kishiga o‘xshaydi. Muallim ajrni Alloh taolodan boshqadan so‘ramasligi shart. Salafi solihlar ilm tolibining hadyasini olishdan ham bosh tortar edilar. Muallim nasiyhat qilishda malollanmasligi kerak. Muallim tolibi ilmda odobsizlikni ko‘rsa, ishora yo‘li va lutf bilan to‘g‘rilasin. Do‘q-po‘pisa qilmasin. Chunki, do‘q-po‘pisa haybat pardasini yirtadi. Muallim tolibi ilmning fahmi va aqli miqdoriga nazar solsin. Unga fahmi etmaydigan va aqli ihota qila olmaydigan narsalarni ta’lim bermaslik kerak. Imom Buxoriy ilm haqida «Bir qavmni bir ilmga xos qilib, boshqalarga fahmlay olmasliklari uchun aytmagan kishi haqidagi bob»da Ali roziyallohu anhuning quyidagi so‘zlarini keltirgan: «Odamlarga o‘zlari anglaydigan narsani gapiringlar. Yoki Alloh va Uning Rasulining yolg‘onchiga chiqarilishini istaysizlarmi?!» Imom Muslim «Sahih»da Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning quyidagi gaplarini keltirgan: «Bir qavmga ularning aqllari etmaydigan gapni zinhor gapirmagin. Chunki, ba’zilari uchun fitnaga aylanib qolishi mumkin». Muallim ilmiga amal qiluvchi bo‘lishi shart. Alloh taolo «Baqara» surasida: أَتَأْمُرُونَ النَّاسَ بِالْبِرِّ وَتَنسَوْنَ أَنفُسَكُمْ وَأَنتُمْ تَتْلُونَ الْكِتَابَ أَفَلاَ تَعْقِلُونَ «Odamlarni yaxshilikka chorlab turib, o‘zingizni unutasizmi? Holbuki, Kitobni tilovat qilyapsiz-ku. Aqlni ishlatmaysizmi?!» degan (44-oyat). Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu aytadi: «Belimni «sindirgan» ikki kishi: amalsiz olim va ilmsiz obid». Vallohu a’lam!
28 Апрел 2022, 00:59 | Савол-жавоблар | 173 | Ta’lim va muta’allim