Mayyitni qabrga qo‘yish

Assalomu alaykum! Hurmatli xay’at a’zolari. Sizlarga mayyitni qabrga qo‘yish haqida aniqlashtiruvchi savol bermoqchi edim. Sizlardan telegram kanali orqali kelgan javobda mayyit o‘ng tomoni bilan yonboshlatib qo‘yiladi (chalqancha xam emas, yuz tuban xam emas) degan javob bo‘lgan ekan. Ijtimoiy odoblar kitobida xam Ustoz rahimahulloh yonboshlatib qo‘yiladi deb yozgan ekanlar. Bu javobni ko‘rsatganimizdan keyin ba’zi tanishlar savolga aniqlik kiritmoqchi bo‘lib bir ahli ilmga qo‘ng‘iroq qilinganida ular “O‘zbekistonning hamma joyida mayyit chalqancha qo‘yilib, yuzi qiblaga burib qo‘yiladi, yonbosh qo‘yilmaydi” deb javob berilgan. Qaysi fatvoga amal qilsak to‘g‘ri bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloma Kosoniy rahmatullohi alayh o‘zlarining «Badoyi’us-Sanoi’ fiy tartibish-Sharoi’» kitoblarida keltiradilar: وَيُوضَعُ عَلَى شِقِّهِ الْأَيْمَنِ مُتَوَجِّهًا إلَى الْقِبْلَةِ لِمَا رُوِيَ عَنْ عَلِيٍّ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّهُ قَالَ : شَهِدَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ جِنَازَةَ رَجُلٍ فَقَالَ يَا : عَلِيُّ اسْتَقْبِلْ بِهِ اسْتِقْبَالًا وَقُولُوا جَمِيعًا بِاسْمِ اللَّهِ، وَعَلَى مِلَّةِ رَسُولِ اللَّهِ، وَضَعُوهُ لِجَنْبِهِ وَلَا تَكُبُّوهُ لِوَجْهِهِ وَلَا تُلْقُوهُ لِظَهْرِهِ «Mayyit qabrga o‘ng tarafiga yonboshlatib, yuzini qiblaga qaratib yotqiziladi. Aliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kishining jasadini ko‘mishda qatnashdilar. Shunda: «Ey Aliy, uni qiblaga to‘liq yuzlantirgin va barchalaringiz «Bismillah va ala millati rosulillah»ni aytinglar. Yonboshlatib  qo‘yinglar. Yuztuban ham, chalqancha ham yotqizmanglar», dedilar» (Badoyi’us Sanoyi’). “Durrul muxtor” kitobida “O‘ng yonboshchasiga yotqizilishi kerak, shunday qilish sunnat” deyilgan. “Durrul Muxtor”da "Qiblaga yuzlantirish vojib va bu o‘ng yonboshga ko‘ra bo‘lishi lozim" deyilgan. “Bahrurroiq” kitobida “Qabrda o‘ng yonboshi bilan qibla tomonga qaratib yotqizilinadi. Sunnat shunga joriy bo‘lgan” deyilgan. “Fatavoi Mahmudiya” kitobida “Qasddan mayyitni yonboshlatishni tark qilish shafoatdan mahrum bo‘lishga olib boradi”. “Fatavoi Hindiya” kitobida: وَيُوضَعُ عَلَى شِقِّهِ الْأَيْمَنِ مُتَوَجِّهًا إلَى الْقِبْلَةِ “Qabrda o‘ng yonboshi bilan qiblaga yuzlantirib qo‘yiladi. Bu “Xulosa”da kelgan” deyilgan. “Tatarxoniya”da ham shuningdek barcha fiqhiy kitoblarda shunday kelgan. “Roddul Muhtor” kitobida “Muakkada sunnatni tark qilish haromga yaqin bo‘lib, shafoatdan mahrum bo‘lishga sabab bo‘ladi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Kim sunnatimni tark qilsa, shafoatimga noil(sazovor) bo‘lolmaydi. Shuningdek unga shafoatim etmaydi” deganlar” deyilgan. Qabrda o‘ng yonboshi bilan qibla tomonga qaratib yotqizilinadi. (Fatavoi Qozixon). Yuqorida keltirilgan fatvolarning barchasi hanafiy mazhabining eng mo‘tabar kitoblaridir. Ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh shu fatvolarga qarab fatvo berganlar. Vallohu a’lam!

28 Апрел 2022, 02:15 | Савол-жавоблар | 344 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar