Hadis haqida ma’lumot

Assalomu alaykum! Imron ibn Husayndan rivoyat qilingan bu hadisda Imron ibn Husaynning otalari Husayn payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oldiriga kirib shunday so‘zlarni aytgan ekan «sen haqingda eshitganim u so‘zlar nima? Sen olihalarimizni haqorat qilayotgan emishsan. Holbuki, otang bu borada haqni ximoya qiladigan, yaxshi bir kishi edi» keyin Janobimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : «Ey Husayn! Albatta, mening otam va sening otang otashdadirlar!-….»
Savolim shundan iboratki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning otalari nahotki otashda bo‘lishi mumkin? Yoki bu hadis sahih emasmi? Ustozlar agar savol noo‘rin bo‘lgan bo‘lsa uzr. Alloh hammamizni O‘zi rahmatiga olsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Arab tilida ham o‘zbeklardagi kabi amaki va boboni “ota” deb aytiladi. Bunga misol Qur’oni karimda Ozarni Ibrohim alayhissalomning otasi deb zikr qilingan. Mufassirlarning ko‘pchiligi “Ozar Ibrohim alayhissalomning amakisi bo‘lib, majozan otasi deb zikr qilingan” deganlar. Hadisdagi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “mening otam” deyishlaridan amakilari Abu Tolib iroda qilingan. Bunga dalil Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakilari Abbos roziyallohu anhu Badr g‘azotida asirga tushganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abbosni iroda qilib : “ردوا على أبى” ya’ni “Otamni menga qaytaringlar” deganlar. Vallohu a’lam!

26 Май 2022, 13:12 | Савол-жавоблар | 140 | Siyrat va tarix
|
Boshqa savol-javoblar