Duo

Assalomu alaykum! Kitobni nomi esimdan chiqibdi, bir duoni o‘qigandim, "Allohuma xamdan kasiyron, toyyiban, muborakan, fixi kama yuxxibu an yuxmada va yambagiylax" ushbu duoni o‘qiganda mingta farishta bu duoni arshga olib chiqish uchun talashadilar, duoni qilgan bandaga farishtalar istig‘for aytadilar", shu hadis sahihmi? Izlash xizmatidan topolmadim. Rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! عَنْ رِفَاعَةَ بْنِ رَافِعٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كُنَّا يَوْمًا نُصَلِّي وَرَاءَ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَلَمَّا رَفَعَ رَأْسَهُ مِنَ الرَّكْعَةِ قَالَ: سَمِعَ اللهُ لِمَنْ حَمِدَهُ، فَقَالَ رَجُلٌ وَرَاءَهُ: رَبَّنَا وَلَكَ الْحَمْدُ حَمْدًا كَثِيرًا طَيِّبًا مُبَارَكًا فِيهِ، فَلَمَّا انْصَرَفَ قَالَ: مَنِ الْمُتَكَلِّمُ؟ قَالَ: أَنَا، قَالَ: رَأَيْتُ بِضْعَةً وَثَلَاثِينَ مَلَكًا يَبْتَدِرُونَهَا أَيُّهُمْ يَكْتُبُهَا أَوَّلًا. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا التِّرْمِذِيَّ Rifo’a ibn Rofe’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bir kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga namoz o‘qir edik. Boshlarini ruku’dan ko‘targanlarida:
«Sami’allohu liman hamidah» dedilar. Bas, ortlaridan bir kishi:
«Robbana va lakal hamdu, hamdan kasiyron toyyibam mubarokan fiyh» dedi. O‘girilganlaridan keyin u zot:
«Gapirgan kim?» dedilar. Haligi odam:
«Men», dedi.
U zot:
«O‘ttizdan ortiq farishtaning buni bir-biridan oldin yozish uchun shoshilayotganlarini ko‘r¬dim», dedilar».
Beshovlaridan faqat Termiziy rivoyat qilmagan.
Sharh: Avvalo hadisning roviyci Rifo’a ibn Rofe’ roziyallohu anhu bilan yaqindan tanishib olaylik:
Rifo’a ibn Rofe’ ibn Molik ibn Ajalon Ansoriy az-Zurqiy, kunyalari Abu Muoz. Onalari Abdulloh ibn Ubay ibn Salul ismli munofiqning singlisi Ummu Molikdir.
Uhud, Xandaq, Rizvon bay’ati va boshqa bir qancha ma’rakalarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan ishtirok etganlar.
Rifo’a ibn Rofe’ Jamal, Siffiyn urushlarida Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu bilan ishtirok etgan ulug‘ sahobalardan edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan 24ta hadis rivoyat qilganlar. Abu Bakr va Uboda ibn Somitlardan ham rivoyat qilganlar.
U kishidan o‘g‘illari Ubayd, Muoz, inilarining o‘g‘li Yahyo ibn Xallod, Ziror ibn Sard va boshqalar rivoyat qilganlar.
Bu kishi rivoyat qilgan hadislardan ba’zilarini mashhur uchta «Sahih» sohiblari o‘z kitoblariga kiritganlar. Bu zot hijratning 41-sanasida vafot etdilar.
«Sami’allohu liman hamidah» – «Kim hamd aytsa, Alloh uni eshitadi», deganidir.
«Robbana va lakal hamdu, hamdan kasiyron toyyibam mubarokan fiyhi» – «Ey, Robbimiz, Senga hamd bo‘lsin. Ko‘p va barakali hamd bo‘lsin», degani.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Ruku’dan bosh ko‘targanda «Sami’allohu liman hamidah» deb aytish kerakligi.
2. Uning orqasidan «Robbana va lakal hamd» deyish. Chunki mazkur odamning aytganini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tasdiqladilar.
3. Ma’qul va maqtovli ish qilgan odamning ishi haqida o‘ziga xabar berish.
4. Kataba – amallarni yozuvchi farishtalardan boshqa farishtalarning alohida maqtovga sazovor narsalarni yozib olishga musobaqalashib turishlari. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Апрел 2022, 20:05 | Савол-жавоблар | 157 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar