Hazratning farzandlari haqida

Assalomu alaykum! Xurmatli ustozimiz, shayx Hazratlari rahimahullohning dinimizga xizmat qilib kelayotgan farzandlari qaysi bilim yurtlarida taxsil olganlar? Hozirda bu ko‘pchilik uchun xam qiziq bo‘lsa kerak.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning ikki to‘ng‘ich farzandlari bir joyda ta’lim olganlar. Ismoil Muhammad Yusuf 1976-yil 10-aprelda Toshkent shahrida tavallud topgan. U Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning to‘ng‘ich farzandlari, yolg‘iz o‘g‘illaridir. U ilk diniy ta’limni oila og‘ushida ola boshladi. 1984–1993 yillari Toshkent shahridagi 22-o‘rta maktabda o‘qidi. 1994-yil Liviyadagi «Islomiy da’vat kulliyasi»ga o‘qishga kirdi. Dastlab bir yil tayyorlov kursida ta’lim oldi. Keyin to‘rt yil bakalavr bosqichida, so‘ng ikki yil magestraturada o‘qib, 2001 yili kulliyani tamomladi. 2001–2003 yillarda Toshkentdagi Quvayt elchixonasida foaliyat olib bordi. 2003-2004-yil Ko‘kaldosh madrasasida aqiyda fanidan dars berdi. Shundan so‘ng u o‘zini qiblagohi muhtaram Shayx hazratlarining xizmatlariga bag‘ishladi. Barcha bilim va imkoniyatlarini Shayx hazratlarining ilmiy faoliyatlarini yurgizishga, ro‘yobga chiqarishga safarbar etdi. Shayx hazratlariga tegishli barcha faoliyatlar – kitob nashri, sayt xizmati, ta’lim markazlari va boshqa ishlarda asosiy yuk u kishining zimmasiga tushgan. Ismoil Muhammad Yusuf 2004–2007 yillarda faoliyat olib borgan «Ma’rifat media»ni ochib, yurgizgan va ushbu mediaga o‘zi direktor bo‘lgan. Shu yillari, aniqrog‘i 2004-yili islom.uz sahifasini ochib, o‘zbek tilidagi ilk islomiy saytga asos solgan. Ushbu portalning faoliyat yuritishida Ismoil Muhammad Yusufning xizmati beqiyos. 2007-yili «Ma’rifat media» faoliyati tugatilgach, «Semurg‘ media»ni ochgan. Bu media bugungi kungacha jadallik bilan faoliyat yurgizib, xususan, Shayx hazratlarining ovozli va suratli asarlarini xalqimiz qo‘liga etib borishida beminnat xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ismoil Muhammad Yusufning sa’yi harakati bilan 2008-yili «Grand ta’lim» nomli til o‘rgatishga ixtisoslashgan xususiy ta’lim markazi ochildi. Bu bilimgohda bugun ko‘plab ilm shaydolari ta’lim olmoqda. Ismoil Muhammad Yusufning tashabbusi bilan amalga oshgan eng ulug‘ ishlardan biri bu – «Hilol nashr» matbaa nashryotiga asos solinishi bo‘ldi. 2011-yilda faoliyat boshlagan bu nashryot hozirda respublikadagi eng ko‘zga ko‘ringnan va ilg‘or nashryotlarning oldi qatoridan joy olib ulgurdi. Ustoz Shayx hazratlarining kitoblarini va yana boshqa bir qator ilmi ma’rifiy asarlarni o‘quvchilar qo‘liga etkazishda izchillik bilan ish olib bormoqda. Ismoil Muhammad Yusufning mazkur faoliyatlardan tashqari ilmiy salohiyati ham yuqori. U kishi rasmiy ilm dargohlaridan tashqari o‘z otalari Shayx hazratlaridan ham ko‘p ta’lim olgan. Xususan, «Tafsiri Nasafiy» va «Sahihi Buxoriy»dan ijoza olgan. «Oltin Silsila»ning tarjimonlaridan biri. Shayx Hazratlarining barcha kitoblarining noshiri. Ismoil Muhammad Sodiq oilali. Hozirda uch o‘g‘il va bir qizi bor. Alloh u kishini ulug‘ Ustozning vorisi sifatida otasining ishlarini davom ettirib borishini nasib etsin va O‘zi madadkor bo‘lsin! Vallohu a’lam!

28 Апрел 2022, 14:26 | Савол-жавоблар | 172 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar