Soy suvi

Assalomu alaykum! Oldingi savollarga javoblaringiz uchun rahmat. Men soy yoki daryolarda og‘iz va burnini chayqagan odam g‘usl qilganga o‘tadi deb bilaman. Lekin soyni suvi hozirda layqaroq bo‘lsa g‘usl hisobiga o‘tadimi? Savolim oddiy bo‘lsa uzr so‘rayman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Osmon va erning suvi ila tahorat qilinadi, garchi ko‘p turish ila o‘zgargan yoki unga pok narsa aralashgan bo‘lsa ham. «Osmon suvi» deganda yomg‘ir, qor, do‘l va shudring kabilar anglanadi. Alloh taolo Anfol surasida: وَيُنَزِّلُ عَلَيْكُم مِّن السَّمَاء مَاء لِّيُطَهِّرَكُم بِهِ «U sizni poklash uchun ustingizga osmondan suv tushirgan edi», degan (11-oyat). Shuningdek, Alloh taolo Furqon surasida: وَأَنزَلْنَا مِنَ السَّمَاء مَاء طَهُورًا «Va osmondan pok suv tushirdik», degan (48-oyat). «Er suvi» deganda buloq, quduq, chashma, daryo va dengiz suvlari ko‘zda tutiladi. Alloh taolo Zumar surasida: أَلَمْ تَرَ أَنَّ اللَّهَ أَنزَلَ مِنَ السَّمَاء مَاء فَسَلَكَهُ يَنَابِيعَ فِي الْأَرْضِ «Alloh osmondan suv tushirib, uni erdagi manbalardan oqizib qo‘yganini ko‘rmadingmi?!» degan (21-oyat). Er yuzidagi hamma suvlarni Alloh azza va jalla osmondan yog‘dirgan. Xoh buloq va quduqlar, xoh er osti daryolari va er usti daryolari suvi bo‘lsin, hamma-hammasini Alloh taolo osmondan tushirib qo‘ygandir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘radi: «Ey Allohning Rasuli, albatta, biz dengiz(kemasi)-ga minamiz. O‘zimiz bilan ozgina suv olamiz. Agar u bilan tahorat qilsak, chanqaymiz. Dengizning suvidan tahorat qilaveraylikmi?» Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U suvi pok, o‘limtigi halol narsadir», dedilar». «Sunan» egalari rivoyat qilishgan. Mazkur suvlarning hammasi pokdir va poklovchidir. Agar ko‘p turish ila o‘zgargan yoki unga pok narsa aralashgan bo‘lsa ham. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Bir odamni tuyasi yiqitdi (o‘ldi). U ehromda edi. Biz Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan edik. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Uni suv va sidr ila yuvib, ikki kiyimda kafanlanglar. Unga xushbo‘y surtmanglar va boshini ham yopmanglar, chunki Alloh uni qiyomat kuni talbiya aytgan holida tiriltiradi», dedilar». Beshovlari rivoyat qilishgan. Suvning holi o‘zi shuni talab qiladi, chunki suvga turli narsalar tushib yoki qo‘shilib turishi tabiiy hol. Misol uchun, tuproq, daraxtlarning bargi, cho‘pu xaslar va boshqalar. Hanafiy mazhabi bo‘yicha, suvga suyuq bo‘lmagan pok narsa aralashsa, uning pokligiga zarar etkazmaydi. Ammo (aralashgan narsa) uni suvlik tabiatidan chiqargan yoki (qaynatib) pishirish ila o‘zgartirgan bo‘lsa, o‘sha narsadan nazofa (tozalik) qasd qilingan bo‘lmasa, (u bilan tahorat qilib) bo‘lmaydi. ("Kifoya" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 Май 2022, 13:55 | Савол-жавоблар | 158 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar