Qabristonga borish

Assalomu alaykum! Erining vafotidan so‘ng qabristonga qabrni ziyorat qilish maqsadida  ayolini borishi joizmi? U ayolning yoshi 70 dan oshgan bo‘lsa? Javobingiz uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! — Qabrlarni ziyorat qilish. Ahli sunna va jamoa mazhabi bo‘yicha, ruh, ya’ni bayonga, nutq qilishga va xitobni fahmlashga qodir bo‘lgan jon, jasadning yo‘q bo‘lishi bilan yo‘q bo‘lib ketmaydi. U mavjud holda bo‘ladi. O‘lganlarning ruhlari to‘planadi. Azob va savob ham ruhga, ham badanga bo‘ladi. Ruh badandan ajraganidan keyin ne’matlanishi yoki azoblanishi davom etadi. Mayyitlar o‘zlarining tirik yaqinlarining holini bilib turadi. Ularning yaxshi ishlaridan xursand, yomon ishlaridan xafa bo‘ladilar. Mayyitlar o‘zini ziyorat qilganlarni biladi va u ma’ruf ish qilsa, foyda, munkar ish qilsa, ozor oladi. Hanafiy mazhabi bo‘yicha, qabrlarni ziyorat qilish erkak va ayollarga mandubdir. Boshqa mazhablar, ayollarning qabrlarni ziyorat qilishi joiz emas, deganlar. Qabr ziyorati juma, shanba, dushanba va payshanba kunlari bo‘lgani yaxshi. Ziyorat va duo tik turgan holda bo‘ladi. Ziyoratchi «Yaasiyn» surasini qiroat qilishi mandubdir. عَنْ مَعْقِلِ بْنِ يَسَارٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ : اقْرَءُوهَا عَلَى مَوْتَاكُمْ يَعْنِي يس. رَوَاهُ أَحْمَدُ وَابْنُ مَاجَهْ وَأَبُو دَاوُدَ وَالْحَاكِمُ. Ma’qal ibn Yasar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh solallohu alayhi vasallam: «O‘liklaringizga «Yaasiyn»ni qiroat qiling», –dedilar». Ahmad, Ibn Moja, Abu Dovud va  Hokim rivoyat qilishgan. Shuningdek, «Fotiha» surasi, «Baqara» surasining avvalidan «muflihun»gacha, «Kursiy» oyatini, «Amanarrasulu»ni, «Taborak» surasini, «Takaasur» surasini, «Qul a’uuzu birobbil falaqi» hamda «Qul a’uuzu birobbinnasi»ni uch martadan va «Ixlos» surasini uch, etti yoki o‘n bir marta o‘qisa ham, yaxshi bo‘ladi. Qiroatning savobini o‘tganlarga bag‘ishlab duo qilinadi. Ayollarning ziyoratiga ularga xos yig‘i-sig‘i, noshar’iy ishlar bo‘lmasligi shart qilingan. Vallohu a’lam!

26 Май 2022, 14:41 | Савол-жавоблар | 139 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar