Johiliyatda ayollar

Assalamu alaykum! Johiliyat davrida ayollarga o‘tkazilgan ta’ziq va qiynoqlar haqida ma’lumot bersangizlar.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Johiliyat ayollarining chaqaloqliklaridagi holati haqida “Takvir” surasida Alloh taolo bayon qiladi : وَإِذَا الْمَوْؤُودَةُ سُئِلَتْ ۝ بِأَيِّ ذَنبٍ قُتِلَتْ ۝ 8. Va vaqtiki, tiriklay ko‘milgan qizdan so‘ralsa… 9. «Qaysi gunoh uchun o‘ldirilgan?» Islomdan avvalgi johiliyat davrida arablarning ko‘plab noinsoniy, vahshiyona urf-odatlari bor edi. Jumladan, ularda qiz bolani tahqirlash haddan ziyod edi. Hattoki katta bo‘lsa, urushlarda qatnasha olmaydi, qaytaga, asir tushib, bizga sharmandalik keltiradi, deb, qiz bolalarni tiriklay ko‘mib yuborar edilar. Ushbu ikki oyatda mushriklarning bu ishi qattiq qoralanmoqda va qiyomat kuni bu haqda savol-javob bo‘lishi ta’kidlanmoqda. Tabiiyki, qiyomat kuni faqat mazkur narsa haqidagina savol-javob bo‘lmaydi. Balki zarracha, misqolcha amal haqida ham savol-javob bo‘ladi. Ammo nima uchun aynan qiz bolani tiriklay ko‘mib yuborish ishi haqida alohida ta’kidlanmoqda. Bu, avvalo, ushbu oyati karimalar nozil bo‘layotgan davr talabi shu ekanining dalolatidir. Ushbu oyatlar Islomning dastlabki davrida nozil bo‘lgan. O‘sha vaqtda nozil bo‘layotgan oyatlar kalimai tavhidga, sof iymon va e’tiqodga chaqirib, shirk, kufr va buzuq e’tiqodlardan qaytarish bilan birga, mo‘minlik fazilatlariga da’vat qilib, kofirlik razolatlaridan qaytarar edi. O‘sha payt johiliyatining ko‘zga ko‘ringan razolatlaridan biri esa ayol jinsini past sanash, odam o‘rnida ko‘rmaslik va o‘sha tasavvurning samarasi o‘laroq, qizlarni tiriklay ko‘mib yuborish odati edi. Eng muhimi esa bu oyat Islom dini dunyoda birinchi bo‘lib ayol jinsini ulug‘lash borasida yolg‘iz o‘zi kurash boshlaganining alomatidir. Ha, o‘sha davrda ayollarning insonlik huquqlarini himoya qiladigan Islomdan boshqa tomon yo‘q edi. Ana shunday bir paytda Islom ayol jinsi ham to‘laqonli odam sifatida, Alloh taolo mukarram etgan inson sifatida haqqini olishi uchun o‘z kurashini boshladi. O‘sha paytda nozil bo‘lgan oyati karimalar ayol haqidagi Islomiy ta’limotlarni bayon qilish bilan birga, ayol jinsini erga uruvchi johiliy urf-odatlar va qonun-qoidalarni qattiq qoralar edi. Ana o‘sha narsalardan eng ko‘zga ko‘ringani qizlarni tiriklayin ko‘mib yuborib, u keltiradigan or-nomusdan qutuldim, deb, g‘urur bilan gerdayib yurish edi. O‘sha vaqtda yashagan odamlarning guvohlik berishlaricha, qiz bola to‘rt-besh yoshlarga etganda ota uni ko‘mib tashlamoqchi bo‘lsa, onasiga: «Qizimizni yasantirib ber, o‘ynatib kelay», – der edi. Bechora ona «o‘ynatib kelish» nima ekanini yaxshi bilsa ham, johiliyat qonuniga qarshi chiqa olmas edi. U yurak-bag‘ri tilka-pora bo‘lgan holda, qon yutib, o‘z jigargo‘shasini beshafqat eriga yasantirib berardi. Ota nomli maxluq bo‘lsa qizni ovloqroq bir joyga olib borar, unga o‘yinchoq berib, o‘ynatib qo‘yib, o‘zi chuqur qazir edi. Chuqur tayyor bo‘lganda, qizni o‘shanga tushib, o‘ynashga amr etar va chuqurda o‘ynab turgan go‘dakni o‘yini, o‘yinchog‘i bilan birga shafqatsizlarcha ko‘mib tashlar edi. Inson nomiga dog‘ bo‘lgan bu ish johiliyatning qing‘ir tarozisida «yuqori daraja» deb tortilardi. Bu ishga hech kim qarshi chiqa olmas edi. O‘sha noinsoniy odatga birinchi bo‘lib Islom qarshi chiqdi. Mana, «Takvir» surasining avvalidan boshlab, qiyomat qo‘rqinchlarini vasf qilib, hammani uning dahshatidan qo‘rqitib olib, «Ana shunday kunda odamlarga nima bo‘lar ekan?» degan savol paydo bo‘lganda, birinchi bo‘lib tiriklayin ko‘mib tashlangan qizlarning qaysi gunohlari uchun ko‘milganlari sababi ularni ko‘mganlar va ko‘mishga hukm chiqarganlardan so‘ralishi ta’kidlab aytilmoqda. Darhaqiqat, jajji qizchalar qaysi gunohlari uchun bunchalik shafqatsizlik bilan o‘ldirilar edi? U ma’sum go‘daklarning nima gunohlari bor edi? Hali ular gunoh qiladigan yoshga etmagan norasida edilar-ku?! Ha, adolat, haqiqat nazari bilan qaraladigan bo‘lsa, u qizchalarning zarracha ham gunohlari yo‘q edi. Ammo johiliyat nazarida ularning ayblari juda ham katta – qiz bo‘lib tug‘ilganlari edi. Mazkura himoyasiz qizlarga Qur’oni Karim homiy bo‘ldi. Ularning hayot kechirish haqqlarini himoya qildi. Qiz bolalarni tiriklay ko‘mganlar qiyomat kuni eng avval shundan so‘ralishlari asrlar davomida, qiyomatgacha ibodat uchun o‘qiladigan oyatlarga bitib qo‘yildi.("Tafsiri Hilol" kitobidan). Qizlarni yomon ko‘rishlik ularni tiriklay ko‘mishgacha borib etdi. Haysam ibn Adiy – Maydoniy undan hikoya qilishicha : “Barcha arab qabilalari qizlarini tiriklay ko‘mishar edi. Har o‘ntaning bittasi qizini tiriklay ko‘mardi. Islom kelganida bolalarni tiriklay ko‘mish borasida arablarning turli qarashlari bor edi. Ularning ayrimlari o‘z qizlarini qattiq rashk qilganidan va ular sabablik o‘zlariga or etishidan qo‘rqib tiriklay ko‘mar edilar. Yana ba’zilari esa ulardagi ko‘kko‘zlik, qoratanlilik kabi turli xil illatlarni deb ko‘mib yuborar edilar. Ba’zilari ochlikdan qo‘rqib yoki boqa olmaslik xavfi bilan o‘z bolalarini tiriklay ko‘mar edilar. Ular ba’zi arab qabilalaridan bo‘lgan kambag‘allar edlar”. So’so’a ibn Nojiya shunday deydi: “Islom kelib uch yuzta tiriklay ko‘mishni bas qildi. Ularning ichlaridan shunday kishilar bor ediki- agar o‘g‘illarining soni o‘ntaga etsa,- xuddi Abdul Muttolibga o‘xshab bittasini nazr qilar edi. Ularning ayrimlari farishtalar Allohning qizlari- Alloh ular aytayotgan gaplardan munazzahdir,- deb qizlarni Allohga nisbat berishar edi”. Ular o‘z qizlarini o‘ldirar, ba’zi paytlarda bag‘ritoshlarcha ularni tiriklay ko‘mardilar. Ota safarga ketgan bo‘lgani yoki bandligi uchun tiriklay ko‘mish ba’zida kechga surilar, bola kattarib aqlini tanib qolganidan keyingina ko‘milar edi. Bu to‘g‘rida ularning o‘zlari kishini yig‘latadigan gaplarni hikoya qilganlar. Ba’zilari qizlarini tog‘ning tepasidan tashlab yuborganlar. Johiliyat jamiyatida ayollarning nikoh va taloqdagi holati : Johiliyat jamiyatda ayollar adolatsizlik va kamsitishlarning qurboni bo‘lganlar. Huquqlari poymol qilingan, mollari o‘zlashtirilgan, merosdan mahrum qilingan, taloqdan yoki eri vafot etganidan keyin o‘ziga yoqqan kishiga erga tegishiga ruxsat etilmagan. Xuddi mato yoki hayvonlar singari meros qilib olinar edi. Ibnu Abbos shunday deydilar: “Bir kishining otasi yoki faloni vafot etasa, ularning xotiniga eng haqli kishi o‘sha odam bo‘lar edi. Istasa ularni ushlab turardi yoki o‘zining mahrga olgan molini unga bermagunicha yo o‘lib moli bunga qolmagunicha ushlab turar edi”. Ato ibn Abu Raboh dedilar: “Johiliyat qishilari agar bir odam vafot etib o‘zidan keyinga xotini qoladigan bo‘lsa o‘lganning yaqinlari u xotinni o‘zlaridan bo‘lgan bir yosh boladek ushlab turar edilar”. Suddiy esa: “Johiliyat davrida bir kishining otasi yo akasi yo o‘g‘li vafot etib undan xotin qoladigan bo‘lsa, agar merosxo‘r ulgurib qolsa xotinning ustiga kiyimini tashlar edi va o‘lganning mahri hisobiga unga uylanib olar yoki birovga erga berib o‘zi mahrni olar edi. Agar xotin ulgursa o‘z yaqinlarinikiga qochib borar va o‘ziga o‘zi xo‘jayin bo‘lar edi”. Johiliyat zamonasidagi taloq Johiliyat davri nizomiga ko‘ra er o‘z ayoliga 100 tagacha taloq berishi va yana uni o‘ziga qaytarib olishi mumkin edi. Qozi Sanoulloh sohib o‘zining “Tafsiri mazhariy” asarida Imom Bag‘aviy Urva ibn Zubayr qilgan ushbu rivoyatlarini naql qilganlar: “Islom avvalida odamlar behisob taloq qo‘yishga odatlangan edilar. Ba’zi kishilar ayollariga taloq qo‘yib, ular iddalarini tugatay deganda o‘zlariga qaytarib olib, yana taloq qo‘yib yuborar edilar. Bu holat ayolga zulm berish maqsadida qayta-qayta bajarilar edi. Erkaklar o‘z ayollarini juda yomon ko‘rsalar nikoh va taloqsiz mu’allaq holatda ushlab turishga urunar edilar. Yahudiy dinida taloq Muso alayhis salomga yuborilgan shariatda taloq muboh amallardan hisoblangan. Taloqning butkul tasarrufoti erkak qo‘lida bo‘lgan. Bu borada ayol kishiga hech qanday ixtiyor berilmagan. Masalan, bir kishi bir ayolga uylansa va unga nisbatan hech qanday iliqlik paydo bo‘lmasa yoki ayolning biror aybini bilib qolsa, hech qanday ta’ammulsiz taloq qag‘ozini yozib ayol qo‘liga tutqazib, uydan tashqariga chiqarib yuborgan. Ayol avvalgi eri uyidan chiqishi bilan boshqalarga turmushga chiqishi mumkin bo‘lgan. Ajrashgan er-xotin umurbod bir-biriga harom bo‘lgan. U ikkisini bir-biriga halol qilish chorasi bo‘lmagan. Yahudiylarda taloq so‘z bilan emas yozma tarzda amalga oshirilgan. Taloq berishda erkak kishiga hech qanday mone’liklar bo‘lmagan. Lekin, yahudiylar keyinchalik ko‘plab mone’liklarni ishlab chiqqanlar . Nasorolarda taloq Yahudiylarni aksi o‘laroq asl isoiylarning dinida erga ham, xotinga ham taloq qilish ixtiyori berilmagan. Taloq harom amal va gunohi kabira deb tushunilgan. Yahudilardan bir guruhlari Iso alayhis salom huzuriga kelishib: “Erkak kishi o‘z ayolini biror sababga ko‘ra taloq qilishga haqqi bormi?” deb, savol berdilar. Iso alayhis salom ularga “Alloh taolo erkak va ayolni juft-juft qilib yaratdi” degan oyatni o‘qimaganmisizlar” deb, so‘zida davom etdi. Shuning uchun ham er o‘z ota-onasidan ajralib, bir ayol bilan hayot kechiradi va u ikkisi orasida muhabbat paydo bo‘lib, hatto bir tana-yu bir jon bo‘lib ketadilar. Shuning uchun ham Alloh taolo ularni birga qildi. Alloh taolo ularni birga qilgandan keyin er-xotin bir-biridan ajrashishi mumkin emas. Ular bergan savollariga javob olganlaridan keyin: “Unda nima uchun Muso alayhis salom yozma taloq berishga ruxsat berdilar” deb so‘radilar. Ularga javoban Iso alayhis salom: “Sizlarning qalblaringizda qasovat bo‘lgani bois avvalda taloq qilishga ijozat bo‘lmasada, Muso alayhis salom jazo tariqasida ayollaringizni taloq qilinglar deb, buyurdilar” dedilar. “Fathul mulhim”da Injildan quyidagi Iso alayhis salomning so‘zlari naql qilingan: “Qaysi shaxs o‘z ayoliga taloq qo‘yib, boshqa ayolga uylansa, zino qilgan bo‘ladi va qaysi ayol taloq qo‘yilib boshqa erga tegsa, zino qilgan bo‘ladi”. Umuman olib qaralganda Xristian dinida taloq qat’iy man’ qilingan amallardan hisoblangan va boshqa tomondan ko‘pxotinlik ham ta’qiqlangan. Uning natijasi shu bo‘ladiki, ikki bir-biriga mos kelmaydigan erkak va ayol nikohlansa, u ikkalasi xristianlik diniga ko‘ra ajrashishi qat’iy man’ qilinadi va ikkalalarini ushbu hayoti (doimo bir-biri bilan urushishlari natijasida) do‘zaxga aylanadi. Bundan boshqa o‘zga xulosa qilib bo‘lmaydi. Islom dini taloqga ruxsat bergan edi, ba’zi nasroniylar unga e’tiroz bildirib: “Bu ayolga zulm” dedilar. Qachongacha taloqga ruxsat berilmaydi. Chunki taloqga ruxsat bermaslik g‘ayri fitriy ish hisoblanadi. Shuning uchun ham nasroniylar asl kitoblarida kelgan taloq borasidagi hukmga amal qilmay, asta sekinlik bilan taloqga doir qaytariqlarni buzishga urundilar. Zino va turli yomon ishlar qatori taloq ham cherkov ruxsati bilan amalga osha boshladi. Ommaviy xalq tazyiqi ostida cherkov taloq berish asoslarini sekin astalik bilan ko‘paytira boshladilar. Keyinchalik taloq berishga qo‘yilgan sabablar behad ko‘payib ketdi. Bu vaqtda taloq ixtiyori hali ham cherkov tasarrufida edi. Taloq borasida er-xotinda hech qanday ixtiyor yo‘q edi. Er-xotin bir-biridan ajrashish maqsadida cherkovlarga murojaat qilasalar, cherkov o‘zi to‘g‘ri deb topgan sabablarga qarab hukm qilar edi. Lekin, imkoni boricha rohiblar Injilda kelgan asl hukmga amal qilishga urunar edilar. Shuning uchun ular tomonidan oz sonli kishilargagina taloq bilan hukm qilinar edi. Evropada ikkinchi uyg‘onish davri sodir bo‘lgandan keyin omma xalq taloqni cherkov tasarrufidan o‘z ixtiyorlariga o‘tkazishga urundilar. Natijada, taloq cherkov rohiblar tasarrufidan davlat sudlari ixtiyoriga o‘tkazildi va benihoya ajrashish sabablari ko‘payib ketdi. Oxir oqibat erkaklar bilan bir qatorda ayollar ham taloq masalasi yuzasidan sudlarga murojaat qila boshladilar. Er-xot indan qaysi biri bir-biriga yoqmay qolsa, er yoki xotin sudga borib “erim yoki xotinim menga yoqmay qoldi ajrashishni xohlayman” deb murojaat qilardi. Sud esa, ularni bir-biriga yoqmay qolganini sabab qilib ko‘rsatib ajratib yuborar edi. Natijada, hozirgi kunga kelib evropada ajrashish miqdori juda oshib ketdi. Sharqiy davlatlarda istiqomat qiluvchi odamlar bu tartibda ajrashishni hayollariga ham keltira olmaydilar. Evropada nikoh hali hanuz jar yoqasida qolib kelmoqda . Hindular dinida taloq Hindulik dinida taloq qilishga umuman ruxsat berilmaydi. Hatto, ayolini zino ustida ushlab olsa, uyidan tashqariga chiqarib qo‘ysa qo‘yadi. Lekin, taloq qila olmaydi. Shu bois ham ba’zi hindlar bu hukmni ijrosida tanglik his qila boshladilar. Ba’zi hindui diniga e’tiqod qiluvchi qabila erkaklari zarurat yuzasidan ayoliga taloq qo‘yish maqsadida brahmanlarga murojaat qilardilar. Shular sirasiga janubiy Hindistonda istiqomat qiluvchi hinduiy ta’limotidagi guruhlarni keltirish mumkin. Lekin, shimoliy Hindistonda yashovchi sivilizatsiyadan orqada qolgan hinduiylar taloqni umuman nojoiz ish deb tushunadilar . Islom, johiliyat davrida ayollarga berilgan bu zulm va sitamlarga chek qo‘ydi. Bu borada, ya’ni ayollarga taloq qo‘yish miqdori, chegarasi borasida quyidagi oyat nozil qilindi: الطَّلاَقُ مَرَّتَانِ فَإِمْسَاكٌ بِمَعْرُوفٍ أَوْ تَسْرِيحٌ بِإِحْسَانٍ وَلاَ يَحِلُّ لَكُمْ أَن تَأْخُذُواْ مِمَّا آتَيْتُمُوهُنَّ شَيْئًا إِلاَّ أَن يَخَافَا أَلاَّ يُقِيمَا حُدُودَ اللّهِ فَإِنْ خِفْتُمْ أَلاَّ يُقِيمَا حُدُودَ اللّهِ فَلاَ جُنَاحَ عَلَيْهِمَا فِيمَا افْتَدَتْ بِهِ تِلْكَ حُدُودُ اللّهِ فَلاَ تَعْتَدُوهَا وَمَن يَتَعَدَّ حُدُودَ اللّهِ فَأُوْلَئِكَ هُمُ الظَّالِمُونَ Taloq ikki martadir. So‘ngra yaxshilikcha ushlab qolish yoki yaxshilikcha qo‘yib yuborish. Ularga bergan narsangizdan biror narsani olish sizga halol bo‘lmas, ikkovlari Allohning chegaralarida tura olmaslikdan qo‘rqsalar, mustasno. Bas, agar ikkovlarining Allohning chegaralarida tura olmasliklaridan qo‘rqsangiz, xotin bergan evazda ikkovlariga gunoh yo‘qdir. Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ularni buzmang. Va kim Allohning chegaralarini buzsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar zolimlardir.("Tafsiri Hilol" kitobidan “Baqara” 229-oyat). Taloq qo‘ygandan keyin ortidan raj’at qilish mumkin bo‘lgan taloq hammasi bo‘lib ikkitadir. Biror kishi ikkita taloq qo‘ygandan keyin uchinchi taloqniqo‘ysa, talog‘ini bergan ayoliga halolasiz raj’at qilishi mumkin emas. Bunday holatda nikoh ham uch taloq qilgan ayolini halol qilib bermaydi . Ayollarning qadrlari : Johiliyat davrida ayollar bozorga solinar edilar. Zero erlari o‘z huquqlaridan foydalansalarda xotinlar o‘z huquqlaridan mosivo edilar. O‘ziga berilgan mahr undan olib qo‘yilar, unga zarar bergan holda zulm ila ushlab turilar edi. Eridan ozor ko‘rar yoki eri undan yuz o‘girib yashar, ba’zida “muallaq”, xotin bo‘lib xotin emas, boshi ochiq bo‘lib, boshi ochiq emas, arosat bir holda tashlab qo‘yilar edi. Emaklarning ichidan faqatgina erkaklarga tegishlilari bor bo‘lib, ayollar undan eyishi harom qilingan edi. Bitta erkak istaganicha ayollarga uylanishi mumkin edi. Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 15:06 | Савол-жавоблар | 245 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar