Ancha avval olingan qarzni uzish

Assalom alaykum! Men 4 yil avval bir insondan 70 ming so‘m qarzdor bo‘lib qoldim. Hozir qarzimni uzmoqchiman, ammo 4 yil oldingi 70 ming bilan hozirgi 70 ming so‘m qadri orasida farq bor, men qarzimni qanday uzishim kerak. Oldindan rahmat
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ibn Ka’b, Ibn Mas’ud va Ibn Abbos roziyallohu anhumlarning barchasi foyda keltiradigan qarzdan qaytargani rivoyat qilinadi, chunki qarz rahm-shafqat va Allohga qurbat hosil qilish aqdi bo‘lib, unga qo‘shimcha foyda shart qilinadigan bo‘lsa, ko‘zlangan maqsad hosil bo‘lmay qoladi. Musulmon odam buni bilishi, undan saqlanishi hamda qarz va boshqa solih amallarda niyatni xolis qilishi lozim bo‘ladi. Qarz muomalasidan maqsad moddiy o‘sish emas, balki ma’naviy taraqqiyot, Allohga muqarrab bo‘lishdir. Qarzda muhtojning hojatini chiqarib, berganining mislinigina qaytarib olish ko‘zda tutiladi. Agar mo‘min shu maqsadda qarz beradigan bo‘lsa, Alloh uning moliga baraka berib, ko‘paytiradi va poklaydi.Yuqorida aytib o‘tganimizdek, foydani ko‘zlab qarz berish joiz emas. Lekin foyda shart qilinmay yoki urfga kirmay, qarz olgan odam qarzni chiroyli ado qilish ma’nosida olgan qarziga o‘z ixtiyori bilan biron narsa qo‘shimcha qilsa, bu yaxshidir.Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mendan qarzlari bor edi. U zot menga haqqimni qaytarib, ziyoda ham qilib berdilar.Buxoriy rivoyat qilgan.( https://fiqh.uz/index.php/ibodat/moliya/qarz/645-arz-olish-yakhshimi-joki-jomon )Abu hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi : Bir kishining Nabiy sollallohu alayhi vasallamda ma’lum bir yoshda bo‘lgan tuya haqqi bor edi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan uni so‘rab keldi. U zot sollallohu alayhi vasallam “Haqqini beringlar” dedilar. Sahobalar u bergan yoshdagi tuyani topa olmadilar. Tuyaning u berganidan yoshi kattaroq bo‘lgani bor ekan. Shunda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam “O‘sha yoshi kattasini beraveringlar” dedilar. Haqdor “Menga oshirib berdingiz, sizga ham Alloh oshirib bersin” dedi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam : “Sizlarning yaxshilariningiz qarzlarini ado qilishda yaxshi bo‘laganlaringizdir” dedilar. (As-Sunanul Kubro).Olgan 70.000 evaziga 70.000 berish zimmangizga vojib, lekin o‘sha vaqtdagi qadri bo‘lgan qiymatni bersangiz, insofdan bo‘lar edi. Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 16:05 | Савол-жавоблар | 151 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar