O‘zining joniga qasd qilish

Assalomu alaykum! Hozirgi kunda o‘zining joniga qasd qilishning turli xil yo‘llari paydo bo‘lmoqda. Jirkanch ekstremistik oqimlar “o‘zingni portlatsang shahid bo‘lasan” degan g‘oyani ularga qo‘shilgan g‘o‘r yoshlarning miyasiga singdirishmoqda. Yaqinda Saudiyada bo‘lgan hodisa hamma insonni mahzun qiladi. Savol: Mana shu zamonlarda o‘zini o‘ldirishning yuqoridagi usullari paydo bo‘lishi haqida Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan biron sahih hadis vorid bo‘lganmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Hadislarda quyidagicha keladi: عَنْ ثَابِتِ بْنِ الضَّحَّاكِ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ حَلَفَ بِغَيْرِ مِلَّةِ الْإِسْلَامِ فَهُوَ كَمَا قَالَ، وَمَنْ قَتَلَ نَفْسَهُ بِشَيْءٍ عُذِّبَ بِهِ فِي نَارِ جَهَنَّمَ، وَلَعْنُ الْمُؤْمِنِ كَقَتْلِهِ، وَمَنْ رَمَى مُؤْمِنًا بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ. رَوَى هَذِهِ الثَّلَاثَةَ الْأُصُولُ الْخَمْسَةُSobit ibn Zahhok roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim Islom millatidan boshqa narsa bilan qasam ichsa, u o‘zi aytganidekdir. Kim bir narsa bilan o‘zini o‘zi o‘ldirsa, o‘sha narsa bilan jahannam olovida azoblanadi. Mo‘minni la’natlash uni qatl etish kabidir. Kim mo‘minni kofirga chiqarsa, bu uni qatl etish kabidir», dedilar».
Ushbu uch hadisni beshovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining ushbu hadisi shariflarida to‘rtta muhim va har bir mo‘min-musulmon juda ehtiyot bo‘lishi lozim bo‘lgan masalani zikr qilmoqdalar:
1. «Kim Islom millatidan boshqa narsa bilan qasam ichsa, u o‘zi aytganidekdir».
Boshqa rivoyatlarda bayon qilinishicha, kim «Agar falon ishni qilsam, yahudiy bo‘lay», desa, yahudiy bo‘ladi. Yoki «Agar falon ishni qilmasam, nasroniy bo‘lay», desa, nasroniy bo‘ladi. Mazkur munkar ishni qilgan odamning bu tasarrufi kufrdan iboratdir. Shuning uchun ham hech bir musulmon banda yuqoridagiga o‘xshash gaplarni zinhor va zinhor tilga olmasligi kerak.
2. «Kim bir narsa bilan o‘zini o‘zi o‘ldirsa, o‘sha narsa bilan jahannam olovida azoblanadi».
Bu masalaga tegishli hukmlarni «Haddlar kitobi»da mufassal o‘rganib chiqamiz. Kim o‘z joniga qasd qilsa, xuddi o‘zganing joniga qasd qilgandek, gunohkor bo‘ladi. Chunki unga jonni Alloh taolo bergan, shuning uchun ham jon bandaning emas, Alloh taoloning mulki hisoblanadi. O‘zini o‘zi o‘ldirgan odam Alloh taoloning irodasiga qarshi chiqqan nobakor sifatida oxiratda qattiq azoblarga giriftor bo‘ladi. Jumladan, u o‘zini bu dunyoda nima bilan, qanday qilib o‘ldirgan bo‘lsa, jahannamda ham o‘zini xuddi o‘sha narsa bilan, xuddi o‘shandoq qilib, qayta-qayta o‘ldirib turadi.
3. «Mo‘minni la’natlash uni qatl etish kabidir».
Zotan, «la’nat» so‘zining lug‘aviy ma’nosi «Allohning rahmatidan uzoq bo‘lish»dir. Demak, kim birovga la’nat aytsa, uning Alloh taoloning rahmatidan uzoq bo‘lishini tilagan bo‘ladi. Mo‘minlik esa Alloh taolodan bandaga berilgan eng ulug‘ ne’mat va rahmatdir. Shunga binoan, kim mo‘min insonni la’natlagan bo‘lsa, uning Alloh taoloning rahmatidan uzoq bo‘lishini, iymonidan ajrashini tilagan bo‘ladi. Bu esa mo‘minni qatl etgandan battardir.
4. «Kim mo‘minni kofirga chiqarsa, bu uni qatl etish kabidir».
Kofirlik har bir mo‘min odam uchun dunyodagi eng katta badbaxtlikdir. Iymon halovatini tatib ko‘rgan inson uchun kofirlikka qaytish o‘limdan ham og‘ir musiybatdir. Shuning uchun ham mo‘min insonni kofirga chiqargan, «Falonchi kofir», «Pistonchi kufrga ketdi», kabi gaplarni aytgan odam xuddi o‘sha mo‘minni o‘ldirgan kabi ish qilgan bo‘ladi. Chunki avval aytib o‘tganimizdek, kofirlik mo‘min kishi uchun o‘limdan battardir. 
Lekin, ming afsuslar bo‘lsinkim, ichimizda dardi-hasrati, qiladigan mashg‘uloti mo‘min-musulmonlarni kofirga chiqarish bo‘lib qolganlarimiz ham bor. Ular o‘zlariga odamlarning kofir-mo‘minligini ajratuvchi taftishchi sifatini berib olganlar. Dindorlik g‘ururiga ketgan mazkur kimsalar bo‘lgan-bo‘lmagan narsaga «Falonchi kofir», «Pistonchi mushrik», «Pismadonchi munofiq» deb, fatvo chiqarish bilan ovoralar. 
Ana shu kishilar mo‘min-musulmonlar orasida turli gaplar chiqishiga, har xil fitna-fasod qo‘zg‘alishiga, oraga sovuqchilik tushishiga va boshqa ko‘pgina muammolarga sabab bo‘ladilar. 
Ana shunday «fatvochi» birodarlar o‘zlarining bu qilayotgan ishlari dinimiz ta’limotlariga mutlaqo zid ekanligini tushunib etmoqlari va mazkur qabih odatlarini tashlamoqlari lozim. ("Hadis va Hayot" ktobidan). Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 16:37 | Савол-жавоблар | 143 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar