Allohning irodasi haqida

Menda aqiydadagi nozik masala bo‘yicha muhim bir savolim bor edi. Sizning internetda tarjima qilingan elektron nusxadagi “Talxiysi sharhi al-aqiydatut Taxoviya” nomli, 144 betlik kitobingiz bor. Elektron nusxadagisining 26-betida: “7-U Zot iroda qilgan narsadan boshqa bo‘lmas”-ning sharhida:“ Muxaqqaq, Ahli sunna va jamoa ulamolari, Allohning kitobida iroda ikki xildir, deydilar. Irodaning turlari”-deb “kavniy iroda”, hamda “shar’iy iroda” aytilgan. Ya’ni ikki xil iroda. Men qozog‘istonlikman. Butun Qozog‘iston bo‘ylab aqiydada peshqadam bo‘lib kelayotgan ustozlardan Ersin Amirening Tahoviy aqiydasiga qilgan sharhida ikki irodaning bo‘lishi mumkin emas, bu xatolik deganini ma’ruzalaridan eshitib qoldim. Yana u ustoz sharhlarida buning mumkin emasligiga deyarli qoniqarli aniq dalillar keltirgan. (Shuningdek Ersin Amire hozirgi salafiylarning aqiydasiga raddiya berishda ko‘plab foydali ishlar qilayapti). Aynan ana shu ma’ruzalardan ma’lum bo‘lishicha, Abil Izz Al-Hanafiyning sharhidan tushuniladigan narsa “Allohning bir irodasi bo‘ladi, ikkinchi irodasi bo‘lmasligi mumkin”. Demak, menda bunday savol tug‘iladi: Siz tarjima qilgan kitobdagi ikki xil irodani to‘liq ma’noda qanday tushunish mumkin? Yoki qanday qilib ikki xil iroda bo‘lishi mumkin (ya’ni birinchisi bo‘ladi, ikkinchisi bo‘lmasligi mumkin)? Bu hatto aqlga ham zid-ku, axir! Bu hozirgi salafiylarning aqiydasi emasmi? O‘shalarni o‘qib qolib ba’zi bir birodarlarimiz sizning kitobingizga shubhalanib qolayapti. Shunga, to‘liq qilib, aniq ma’lumot bersangiz. Yana “Muxaqqaq, Ahli sunna va jamoa ulamolari” –deb kimlar nazarda tutilgan? Bergan savollarimda xatoliklar bo‘lsa avvalo Allohdan kechirim so‘rayman, keyin sizdan uzr! Sizdan iltimos qilib qolamiz.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Bu kitobning muallifi kimligini bilar ekansiz. Men tarjimon ekanimni ham bilar ekansiz. O‘sha Abul Izz Hanafiy yozgan, Anvar Baraxshoniy muxtasar qilgan va kimna xodimining tarjima qilgan asarda Alloh taoloning irodasi ikki xil bo‘ladi degan gap yo‘q. Siz o‘sha kitobning iqtibos keltirgan joyidan yuqorisidagi barcha oyatlar xuddi shunga dalil qilingan. Siz so‘rayotgan matn quyidagicha: "Irodaning turlari: Muhaqqaq, Ahli sunna va jamoa ulamolari, Allohning kitobida iroda ikki xildir, deydilar. Kavniy iroda. Shar’iy iroda. Shar’iy iroda muhabbat va rozilikni o‘z ichiga olgan irodadir. Kavniy iroda ikkisiga ham shomildir". Bu erda "Allohning kitobida iroda ikki xildir", deyilgan. Alloh taoloning irodasi ikki xildir, deyilmagan. Menimcha bu gap xuddi ba’zi aqiyda kitoblarida "Qazoi mubram" va Qazoi Muallaq" bor degan gapga o‘xshash zaifroq gap bo‘lsa kerak. Hozirgi bemazhablar bu gapni o‘zlaricha gapirganlari ma’lum va mashhur. Biz asl Ahli Sunna va jamoa mazhabidamiz va o‘shani mahkam ushlaymiz. Butun Qozog‘iston bo‘ylab aqiydada peshqadam bo‘lib kelayotgan ustozlardan Ersin Amirening Tahoviy aqiydasiga qilgan sharhini eletron nusxasini bizga ham yuborsangizlar yaxshi bo‘lar edi. Sizga ushbu maktubingiz uchun alohida tashakkur aytamiz.

26 Май 2022, 17:00 | Савол-жавоблар | 165 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar