Mad lozim

Men tajvidda mad lozimni 6 harakat cho‘ziladi va 1 harakat - barmoq bilan sanalgandagi bir barmoqni bukish uchun ketadigan o‘rtacha vaqtga teng deb o‘rganganman. Bu ilmni chuqurroq o‘rganish maqsadida boshqa manbalarga murojaat qildim: 1. “Tajvid”(2002) kitobida mad lozimni 4 alif cho‘zmoq vojib, 2. “Ikkinchi muallim”(2003) kitobida 4 alif miqdoricha cho‘zish vojib, 3. “Tajvid”(2006) kitobida 6 harakat cho‘zish shart, 4. “Tajvid qoidalari”(2011) kitobida 6 harakat miqdorida cho‘zish vojib deb yozilgan. Yana shu 4chi kitobda 1 alifni 2 harakatga tenglashtirilgan. Agar shunday bo‘lsa, 1chi va 2chi kitoblarda mad lozimni 8 harakat cho‘zish vojib bo‘lib qolmoqda. Savol: 1. 1 alif necha harakatga teng? 2. Mad lozimni necha harakat cho‘zish vojib? 3. 2 harakatni vaqt o‘lchovi birligida 1 sekundga tenglashtirsa bo‘ladimi(bir ruscha kitobda shunday deb yozilgan, menimcha yanada aniqlik kiritish uchun bo‘lsa kerak)?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
1. Tajvid ilmiga oid kitoblarning aksariyatida madlarning cho‘zilish miqdori ikki yoki to‘rt alif, deb keltirilgan. Aslida esa, madlarning cho‘zilish miqdori harakat bilan o‘lchanadi. Faqatgina tabiiy madni bir alif (ya’ni, ikki harakat) miqdorida cho‘ziladi, deb aytish joiz. Qolgan mad turlarining barchasi (to‘rt, besh yoki olti) harakat bilan belgilanadi. 2. Bu mad cho‘zilishidagi sabab lozim sukun bo‘lib, doim bir xilda cho‘zilgani hamda u barcha qirotlarda cho‘zilishi lozim deb topilgani uchun «lozim» deya nom olgan. Hukmi bilittifoq 6 harakat cho‘zish vojibdir. 3. Bir harakat yopiq turgan barmoqni o‘rtacha tarzda ochish yoki ochiq barmoqni yopish bilan o‘lchanadi. Bir harakat miqdori deganda bitta harakatli harfni o‘qishga ketgan vaqt miqdori tushuniladi.

26 Май 2022, 20:11 | Савол-жавоблар | 137 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar