Qarz, silai rahm va Ayolning ishlab topgan puli

Men nomusulmon davlatda ilm olaman. Har gal vatanga borganda sizning kitoblaringizdan olib kelaman. Lekin hammasini ham olib kela olmayapman. Sizning kitoblaringiz va ushbu portalda savollarga berayotgan javoblaringiz men va ayolimning dasturil amalimizga aylangan. Qo‘limizdan kelgancha har bir yozganingizga bahsga kirishmasdan amal qilishga harakat qilamiz. Lekin bu erda beriladigan ba`zi savollar juda tor va xususiy hollarni qamrab olganligi va siz ham savol beruvchining botinini bilmasdan zoxiriga qarab qisqa javob berishingiz tufayli o‘z-o‘zidan qo‘shimcha savollarni keltirib chiqaradi ba’zida. Kuni-kecha sizga ota onasiga qiynalgan vaqtida o‘z maoshidan silai rahm qilmoqchi bo‘lgan bir singlimizning “Ayol kishining maoshi” to‘g‘risida bergan savoliga, siz uni o‘zi hohlaganday tasarruf etishga haqliligini yozgansiz. Shunda sizga juda ham bir zarur savolim tug‘ilib qoldi. Men silai rahm masalasiga, xususan uning moliyaviy yordam jihatiga, yoshligimdan juda ixlos bilan amal qilib kelishga harakat qilaman, balki shu uchundirkim Olloh menga imkoniyat ham berib keladi. O‘zimni va ayolimning qarindoshlariga aloqani uzmasdan, qiynalgan paytlari, yoki qiynalmagan vaqtlarida ham imkon qadar moliyaviy yordam berib kelganman. Horijga kelib boshida biroz moliyaviy qiynaldik, hatto yurtimizdan olib kelgan jamg‘armalarni ishlatib kun ko‘rdik. Keyin, O‘zim ham o‘qib ham ishlay boshladim, Ayolim esa bu erda qarindoshlar yo’q uchun uyda juda zerikib ketdim dedi. Men o‘z oilam moliyaviy va ayolimning ma’naviy ahvolini hisobga olib unga musulmon ayollarga mos keladigan ish topib berdim va ishga kirishdan oldin ish jarayonida meni xafa qiladigan – Islomga xilof ishlar qilmasligini va ishlab topgan pulini mening nazoratimsiz sarflamasligini o‘ziga shart qilib qo‘ydim. U rozi bo‘ldi. Oilamizga kirib kelgan har bir tiyinni faqat tejamkorlik bilan maqsadli sarflayman va aql bilan orttirib kelajakda vatanga borib hovli olaman deb jamg‘aryapman. U ishlayotgani uchun uni bir qator mas’uliyat va majburiyatlardan ozod ham qilib qo‘yganman. Olayotgan maoshidan o‘zi uchun hohlagan narsasini olib beraman. Yaqinda ayolim ota onasiga 600$miqdorida moliyaviy yordam qilmoqchi bo‘ldi (qaynim uylanish bahonasida). Bu esa menga juda ko‘pdek tuyuldi. Shuni sal kamaytirsak-chi axir pulni uy olamiz deb yig‘yapman-ku desam, yo’q men o‘zim ishlayapman-ku dedi. Olloh roziligi uchun men rozi bo‘ldim. Sal o‘tmay, yana kattaroq miqdorda qarz ham beraylik baribir pulimiz turibdiku dedi. Men ularning imkoniyatlari biznikidan kam emas-ku, o‘zlarini ham pullari borligini yaqinda aytgandilar-ku desam, u pulga Nexia olmoqchilar, shu uchun tegib bo‘lmaydi dedi. Men o‘zlarida imkoniyat etarli deb, baribir rozi bo‘lmadim. Xotinim yana o‘zi ishlayotganini sha’ma qilib va meni silai rahmdan to‘sishda aybladi. Bir necha yil oldin, aynan o‘sha qaynim uy olayotganida men uyining 60%pulini berganman (oldin bir yil muhlat bilan, keyin muhlatida berolmasligini bilib yana qo‘shimcha 2 yilga cho‘zishga rozi bo‘ldim, chunki Qur’ondagi eng uzun oyat aynan shu mavzuga bag‘ishlanganini bilar edim), va qolgan 30%ini o‘rtaga tushib kafil bo‘lib birovdan olib berganman. Qo‘lidagi 10%pul bilan azim shahardan uylik bo‘ldi, u paytlarda xotinim bir tiyin ham topmas edi. Hazrat, agar men silai rahmdan to‘suvchi bo‘lganimda bu ishni qilmasdimku (olloh ushbu holatni eslaganim uchun amalim habata bo‘lishidan o‘zi asrasin, Olloh guvoh bu ishni faqat Olloh roziligi uchun qilganman. ). Hazrat, men silai rahmdan hech qachon to‘smaganman, chunki Ollohdan qo‘rqaman, va oxiratdan umidlarim kata. Qolaversa, ayolimni Olloh roziligi uchun juda sevaman va Ollohga bu dunyo saodatining eng afzalini etqazgani uchun faqat shukrona qilaman. Bundan keyin ham silai rahmni me’yorida olib borishimga Ollohning o‘zi madadkor bo‘lsin. Hazrat, iltimos, meni savollarimga qisqa bo‘lsa ham alohida alohida javob bersangiz: 1. Men qarz berishdan shunga o‘xshash holatda bosh tortganim uchun gunohkor bo‘lmaymanmi? 2. Silai rahm qilish me’yori oila tinchligini buzib, ajrashish darajasigacha olib kelmasligi kerak deb oila manfaatlarini boshqa narsalarni unutmagan holda birinchi o‘ringa qo‘yishim va ayolimdan ham shuni talab qilishim to‘g‘rimi? 3. Men ayolimning ishlab topgan pulini, u bilan boshida shartlashganligim tufayli nazorat qilsam bo‘ladimi? Chunki men uning ishlashiga faqat oilamiz maqsadidan kelib chiqib rozi bo‘lganman. 4. Agar ayolim har gal ishlayotganini sha’ma qilib mening dilimni xufton qiladigan bo‘lsa, uni ishdan bo‘shatib olishga haqqim bormi? Sizdan Olloh rozi bo‘lsin Abdullo
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
1. Gunohkor bo‘lmaysiz. 2. Silai rahm oila tinchligini buzib, ajrashish darajasigacha olib kelmasligi kerak. 3. Ayol o‘zining moliga o‘zi ega. 4. Ayolni ishdan bo‘shatib olishga erning haqi bor.

26 Май 2022, 21:27 | Савол-жавоблар | 156 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar