Tupug haqida kelgan hadis

Assalomu alaykum! Rosululloh sollalohu alayhi vasallam “Kim qibla tarafiga qarab tuflasa qiyomat kuni uning tupugi ikki ko‘zi o‘rtasida bo‘lib keladi” degan hadislarini shu saytdan o‘qib qoldim. Shundaymi? Biz yo‘lda ketayotganimizda  qibla qaysi tomondaligini bilmasak, bilmasdan o‘sha tomonga tupurib qo‘ysakchi? Bu ishni qanday qilsak to‘g‘ri bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنْ حُذَيْفَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: مَنْ تَفَلَ تُجَاهَ الْقِبْلَةِ جَاءَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ تَفْلُهُ بَيْنَ عَيْنَيْهِ، وَمَنْ أَكَلَ مِنْ هَذِهِ الْبَقْلَةِ الْخَبِيثَةِ فَلَا يَقْرَبَنَّ مَسْجِدَنَا ثَلَاثًا. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim qiblaga qarab tuflasa, qiyomat kuni tufugi ikki ko‘zi orasida keladi», (deb, so‘ng) uch marta «Kim mana bu sassiq sabzavotdan esa, masjidimizga zinhor yaqinlashmasin!», dedilar». Abu Dovud rivoyat qilgan. Sharh: Bu hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ikki narsaning hukmini bayon qilmoqdalar. Birinchisi: qiblaga qarab tuflash. Tufuk nimaligi va u nimaga qarab tuflanishi hammaga ma’lum. Shuning uchun ham qiblaga qarab tuflash mutlaqo mumkin emas. Bu ish qiblaga nisbatan o‘taketgan hurmatsizlik bo‘ladi. Albatta, bu beodoblik jazosiz qolmaydi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning gaplariga binoan: «Kim qiblaga qarab tuflasa, qiyomat kuni tufugi ikki ko‘zi orasiga keladi». Ikkinchisi: sassiq sabzavotlarni eb olib, masjidga kirish. Bu ish ham noqulay ish. O‘zidan sassiq hid anqib turgan kishi masjidga kirsa, Allohning uyiga nisbatan behurmatlik qilgan bo‘ladi. Namozxonlarga va masjiddagi farishtalarga ozor beradi. Shuning uchun ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uch marta qayta-qayta: «Kim mana bu sassiq sabzavotdan esa, masjidimizga zinhor yaqinlashmasin», dedilar». عَنْ أَنَسٍ  رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: إِذَا كَانَ أَحَدُكُمْ فِي الصَّلَاةِ فَإِنَّهُ يُنَاجِي رَبَّهُ، فَلَا يَبْزُقَنَّ بَيْنَ يَدَيْهِ وَلَا عَنْ يَمِينِهِ وَلَكِنْ عَنْ شِمَالِهِ تَحْتَ قَدَمِهِ Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Birortangiz namozda bo‘lsa, u o‘z Robbisi ila munojot qiladi. Bas, zinhor old tarafiga ham, o‘ng tarafiga ham tuflamasin. Lekin chap tomoniga, qadamining ostiga (bo‘lsa, mayli)», dedilar». Sharh: Ushbu hadisi sharifning avvalida namozning qanday ulug‘ ibodat ekanligi oddiy va ravshan iboralar bilan vasf qilinmoqda. «Birortangiz namozda bo‘lsa, u o‘z Robbisi ila munojot qiladi». Ha, namoz har bir bandaning Alloh taolo bilan yolg‘iz qolib, munojot qilishi, roz aytishi, sirli suhbat qilishidir. Namoz Alloh taolo tomonidan bandaga butun dardu hasratlarini to‘kib solishi, dilidagi tilaklarini so‘rab olishi uchun berilgan eng qulay va eng ulug‘ fursatdir. Banda o‘ziga o‘xshagan boshqa bir bandani yolg‘iz topib, qabuliga kirmoqchi bo‘lsa, o‘zini o‘nglab, ro‘para bo‘lishga qancha harakat qiladi. O‘sha uni qabul qilgan kishiga nisbatan zarracha beodoblik sodir etmaslikka urinadi. Bas, shunday ekan, Robbil olamiyn huzurida bo‘lganida o‘zini yaratgan Xoliqi, unga rizq bergan Roziqi, uning barcha ishlarining tadbirini qilib turuvchi Mudabbiri va Tarbiyachisiga munojot aytayotganida, albatta, o‘zini yuksak odob ila tutishi kerak. Modomiki, banda namozda Robbisi ila munojot qilar ekan: «Bas, old tarafiga aslo tuflamasin, o‘ng tarafiga ham. Lekin chap tomoniga, qadamining ostiga (bo‘lsa mayli)». Namozxon ro‘parasiga qarab tuflasa, Xoliqiga qarab tuflagan bo‘ladi. O‘ng tomoniga tuflasa, yaxshilik va pok narsalar uchun ajratilgan tarafiga tuflagan bo‘ladi. Noiloj tuflashi kerak bo‘lsa, chap tomoniga, oyoq ostiga bo‘lsa, mayli. Chunki bu kabi narsalarga chap tomon ajratilgan. Albatta, bu ma’no o‘sha davr voqe’ligidan kelib chiqib aytilgan. U paytlarda quruq erda namoz o‘qilardi. Masjidlarga, hatto Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning masjidlariga ham joynamoz to‘shalmagan edi. Odamlar endigina Islomga kirgan, ko‘pgina odob-axloqlarni ham o‘zlashtirib ulgurmagan edilar. Albatta, chap oyoqning ostiga tuflash bugungi kungi masjidlarimizga va namoz o‘qiydigan joylarimizga to‘g‘ri kelmaydi. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Апрел 2022, 21:03 | Савол-жавоблар | 192 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar