Istig‘for aytish

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar istig‘forga aynan qaysi so‘zlarni aytish kerak?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنْ زَيْدٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ مَوْلَى النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم، عَنْ النَّبِيَّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: مَنْ اسْتَغْفَرَ اللهَ الَّذِي لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ الْحَيَّ الْقَيُّومَ وَأَتُوبُ إِلَيْهِ، غُفِرَ لَهُ وَإِنْ كَانَ فَرَّ مِنَ الزَّحْفِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ وَلَفْظُهُ: مَنْ اسْتَغْفَرَ اللهَ الْعَظِيمَ Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mavlolari Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim «astag‘firullohallazi la ilaaha illa huval hayyul qayyum va atubu ilayhi» desa, u mag‘firat qilinur, garchi jangdan qochgan bo‘lsa ham», dedilar». Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar. Termiziyning lafzida: «Kim ulug‘ Allohga istig‘for aytsa» deyilgan. Sharh: Hadisi sharifning roviyci Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu bilan yaqindan tanishib olaylik: Zayd ibn Horisa ibn Shurahbil al-Kalbiy, kunyalari Abu Usoma. Zayd johiliyat davrida o‘g‘irlanib, sotiladi. Keyinchalik uni Xadicha onamiz sotib olib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga turmushga chiqqanlarida u zotga hadya qiladilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zayd ibn Horisani ozod qilib, o‘g‘il qilib oladilar va ammalarining qizlari – Zaynab binti Jahshga uylantirib qo‘yadilar. Zayd Zaynabni taloq qilganlaridan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishini cho‘rilari Ummu Aymanga uylantirib qo‘yadilar. Bu xotinlaridan Usoma ibn Zayd tug‘iladilar. Zayd ibn Horisa Islomga avvalgilardan bo‘lib kiradilar. Badr, Uhud, Handaq, Xaybar janglarida ishtirok etadilar. Badr jangidagi musulmonlarning g‘alabasi haqidagi xabarni Madinaga olib kelgan zot shu kishi edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kishini hammasi bo‘lib, ettita sariyya (qo‘shin)ga amir qilib tayinlaganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari ichida yolg‘iz Zayd ibn Horisaning ismigina Qur’onda zikr qilingandir. Bir kuni Zaydning otalari bilan amakilari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga o‘g‘illarini so‘rab kelishganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ixtiyorni Zaydning o‘ziga tashlaydilar. Zayd esa ular bilan ketishga rozi bo‘lmaydi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida qolishni ixtiyor etadi. Zayd ibn Horisa hijratning 8-yili, Shomda¬gi Mu’ta g‘azotida 55 yoshlarida shahid bo‘ldilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mavlosi degani — ozod qilingan qullari ma’nosidadir. Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu juda mashhur sahobiy bo‘lsalar ham, faqat shu hadisni rivoyat qilganlar, xolos. Duoning ma’nosi: «Buyuk Allohga, Undan o‘zga ibodatga sazovor zot bo‘lmagan, tirik va o‘ta qoim bo‘lgan Allohga istig‘for aytaman va Unga tavba qilaman». Ko‘pchilik tomonidan ixtiyor qilingan istig‘for siyg‘asi Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi rivoyat qilgan sayyidul istig‘fordir: «Allohumma! Anta Robbii. Laa ilaaha illa anta. Xolaqtanii va ana ’abduka. Va ana ’ala ahdika va va’dika mastato’tu. A’uzu bika min sharri maa sona’tu. Abu’u laka bini’matika ’alayya. Va abu’u bi zanbii. Fag‘fir lii, fainnahu laa yag‘firuz-zunuba illaa anta». Ma’nosi: «Allohim! Sen Robbimsan! Sendan o‘zga ilohi ma’bud yo‘q. Sen meni xalq qilding. Men Sening bandangman. Men qodir bo‘lganimcha Sening ahding va va’dangdaman. Sendan o‘zim qilgan narsalarning sharridan panoh tilayman. Sening menga bergan ne’matingni e’tirof qilaman. Senga gunohlarimni ham e’tirof qilaman. Meni mag‘firat qil. Sendan boshqa hech bir zot gunohlarni mag‘firat qilmas». Istig‘forning eng afzal siyg‘alaridan biri «Astag‘firullohal aziymaallazii laa ilaaha illaa huval-Hayyal-Qoyyuma va atubu ilayhi»dir. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Апрел 2022, 06:09 | Савол-жавоблар | 248 | Duolar
|
Boshqa savol-javoblar