4tadan ziyot xotin olsa buladimi?

Assalomu alaykum! Biz ojiz bandalarni Ollox kechirsin kitob uqib izlanmemizda xarxil bular bumas savollar bilan sizlarni ovora qilip quyamiz Islomda 4tadan oshiq xotin olip bulmaydi degan ayrim ustozlarni maruzalari bor ekan lekin men aniqroq dalil Cadillac topolmadim islomda nechtagacha ruxsat bor shu xaqida aniqroq xadis dalil bilan tushuncha bersangizlar degandim oldindan raxmat Ollox sizlardan rozi bulsin!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Haqiqatan ko‘proq kitob o‘qisangiz bizni ham vaqtimizni olmasdingiz va juda ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘lasiz. Alloh taolo “Niso” surasida marhamat qiladi : وَإِنْ خِفْتُمْ أَلاَّ تُقْسِطُواْ فِي الْيَتَامَى فَانكِحُواْ مَا طَابَ لَكُم مِّنَ النِّسَاء مَثْنَى وَثُلاَثَ وَرُبَاعَ فَإِنْ خِفْتُمْ أَلاَّ تَعْدِلُواْ فَوَاحِدَةً أَوْ مَا مَلَكَتْ أَيْمَانُكُمْ ذَلِكَ أَدْنَى أَلاَّ تَعُولُواْ۝ 3. Agar etimlarga adolat qila olmaslikdan qo‘rqsangiz, o‘zingizga yoqqan ayollardan ikkitami, uchtami, to‘rttami, nikohlab oling. Agar adolat qila olmaslikdan qo‘rqsangiz, bittani (oling) yoki qo‘lingizda mulk bo‘lganlar bilan (kifoyalaning). Mana shu jabr qilmasligingizga yaqinroqdir. Bu oyati karimaning ma’nolarini to‘g‘ri tushunish, undan kelib chiqadigan hukmlarni o‘z o‘rnida anglash uchun bir qancha qo‘shimcha ma’lumotlarga ehtiyoj tushadi. Sirtdan qaraganda, etimlarga adolat qila olmaslikdan qo‘rqqan kishiga ikkita, uchta yoki to‘rtta xotin olishni tavsiya qilish g‘alati tuyuladi. Bu sirni anglashda bizga imom Buxoriy Ibn Shihobdan qilgan rivoyat yordam beradi: «Menga Urva ibn Zubayr xabar berdiki, u Oisha onamizdan «Agar etimlarga adolat qila olmaslikdan qo‘rqsangiz…» oyati haqida so‘ragan ekan, u kishi roziyallohu anho: «Ey jiyan! Bir etim qiz kafilining qaramog‘ida bo‘ladi. Qiz uning moliga sherik bo‘ladi. Qizning moli ham, jamoli ham uni o‘ziga tortadi-da, uning mahrida adolatli bo‘lmay, unga uylanmoqchi bo‘ladi. Unga boshqalar beradigan mahrni bermoqchi bo‘ladi. Bas, adolatli bo‘lmasalar, ularga uylanishdan qaytarildilar, boshqa ayollarga uylanishga amr qilindilar», – deb javob qilibdilar. Demak, oyatdagi «etimlar»dan murod etim qizlar ekan. Etim qizlarga ularni o‘z kafolatiga – himoyasiga olgan kishi uylanmoqchi bo‘lsa-yu, ammo bu ishda adolatsizlikka yo‘l qo‘yishdan qo‘rqsa, o‘sha etim qizlarga uylanishni qo‘ysin-da, boshqa o‘ziga yoqqan, nikohi halol bo‘lgan ayollardan xohishiga qarab, ikkitagami, uchtagami, to‘rttagami, uylansin. Agar xotinlar orasida adolat o‘rnata olmaslikdan qo‘rqsa, bittaga uylansin yoki cho‘ri tutish bilan kifoyalansin. Etim qizlarga adolatsizlik faqat mol-mulk borasida emas, chunki oyatda adolat mol-mulk bilan birga qayd qilinmasdan, umumiy zikr etilgandir. Shuning uchun har qanday adolatsizlikning yuz berishidan saqlanish kerak. Jumladan, agar erkak bu qizga faqat moli uchun uylansa, uning o‘ziga nisbatan ko‘ngli bo‘lmasligi mumkin. Yoki oradagi yoshda katta farq bo‘lishi natijasida qizning hayotida oilaviy hayotning haqiqiy ma’nosi umuman, o‘z ifodasini topmasligi mumkin. Va hokazo... Bular ham adolatsizlikdir. Oyati karimadagi «...o‘zingizga yoqqan ayollardan ikkitami, uchtami, to‘rttami, nikohlab oling» jumlasidan Islom dini ruxsat bergan ko‘pxotinlilik hukmi olingan. Do‘st-dushman bu oyatning o‘zini bilmasa ham, uning hukmini yaxshi biladilar. Chunki ular Islomga dushmanlik qilish yo‘lida go‘yo shu nuqtada qulay imkon topganlar. Agar din dushmanlarining bu masaladagi shovqin-suronlariga e’tibor beriladigan bo‘lsa, xuddi Islom faqat shu masaladangina iboratga o‘xshab ko‘rinadi. Islomdan so‘z ochilishi bilan shu mavzuga yopishib olishadi. Go‘yoki ularning fikricha, Islom shariati musulmon erkaklarga to‘rttadan xotin olishni farz qilgan. Bu holat asrlar davomida dushmanlar tomonidan Islomga qarshi olib borilgan targ‘ibotlarning samarasidir. Hatto ba’zi o‘zini musulmon hisoblab yurganlar ham bu targ‘ibot ta’siriga tushib qolganlar. Ular umuman, hech bir narsa bilan, jumladan, ushbu oyati karima bilan ham tanishmay turib, dushmanlarning gaplarini to‘tiday takrorlayveradilar. Hech bo‘lmasa, ushbu oyatni o‘qiganlarida edi, uning ikkinchi yarmida «Agar adolat qila olmaslikdan qo‘rqsangiz, bittani (oling)» jumlasini ko‘rar edilar. Bu masalaga mufassalroq to‘xtalmasak bo‘lmaydi. Islomning ko‘pxotinlilikka ruxsatiga qarshi shov-shuv ko‘taradiganlar asosan g‘arbliklardir. Ular qadimdan Islomga nisbatan adovatda bo‘lishlari bilan birga, aynan ushbu masalaga alohida urg‘u beradilar. Avvalo, ularning tabiati shuni taqozo etadi, chunki ular mijozi sovuq kishilar bo‘lib, ko‘pincha bitta xotin bilan yashashga ham qiynaladilar. Ammo ular Islom butun dunyoga yuborilgan din ekaniga e’tibor bermaydilar. Dunyodagi barcha xalqlarning dini o‘laroq, Islom sovuq mijozli shimolliklarga ham, issiq mijozli janubliklarga ham mos hukmlarni joriy qilgandir. Jumladan, oila masalasida ham. Lekin imkoni yo‘qlar, bittadan ortiq xotinga ehtiyoji bo‘lmaganlar ko‘pxotinlilikka majbur qilinmaydi. Ham jinsiy quvvat, ham mablag‘ jihatidan imkoni bor kishilarga, ular harom yo‘lga yurib ketmasliklari uchun, zarurat yuzasidan ko‘pxotinli bo‘lishga ruxsat beriladi. Bu masalaning bir hikmati. Ikkinchidan, hozirgi kunimizgacha aholini ro‘yxatga olish natijalariga nazar solsak, hamisha ayollar erkaklarga nisbatan sezilarli darajada ko‘p bo‘lganini ko‘ramiz. Yosh go‘daklar ichida ham qiz bolalarga nisbatan o‘g‘il bolalarning o‘limi ko‘p ekani qayd etiladi. Yo‘l hodisalari, turli turmush hodisalari va qolaversa, urushlarda asosan erkaklar o‘ladi. Demak, jamiyatimizda ayollar soni erkaklarga nisbatan ko‘p. Agar hamma erkaklar faqat bittadan xotinga uylansa, ortib qolgan ayollar nima qiladilar? Ular ham inson, Alloh bergan jinsiy mayl bor, ular ham oilali, erli, farzandli bo‘lishni xohlaydilar. Ammo iloji yo‘q. Erkaklarning hammasi band. Xo‘sh, bunday holda mazkur ayollar o‘z muammolarini qanday hal etadilar? Buning faraziy uch yo‘li bor: Birinchisi – harom yo‘lga yurish. Jinsiy ehtiyojini qondirish nuqtai nazaridan zino qiladi; nasl qoldirish ehtiyoji nuqtai nazaridan haromi bola orttiradi. Ikkinchisi – birovning oilasini buzib, xotinidan ajratib, bolalarini tirik etim qilib, tegib olish. Uchinchisi esa – halol-pok, rozi-rizolik yo‘li bilan ikkinchi xotin bo‘lish. Albatta, o‘zini qadrlagan, halol-pok bo‘lishni xohlagan ayol avvalgi ikki yo‘lni keskin rad etadi va uchinchi yo‘lni – islomiy yo‘lni tanlaydi. Insoniyat tarixi davomida bu og‘ir masalani Islomchalik insoniy bir yo‘sinda hal etgan boshqa din yoki tuzum bormi?! Uchinchidan, inson hayotida turli holatlar bo‘lib turadi. Jumladan, sog‘liq masalasida ham. Deylik, bir muddat oilaviy hayot kechirib, farzandli bo‘lib, so‘ngra ayol kishi kasal bo‘lib qoldi. Natijada u erining oldidagi ayollik vazifasini to‘liq ado eta olmaydi. Erkak esa hali jismonan baquvvat. Nima qilish kerak? Bu holni muolaja qilishning ham uch yo‘li bor: Birinchi yo‘l – er boshqa ayollar bilan zino qilib, harom yo‘lga kirib ketishi kerak. Bu echimning turgan-bitgani zarar. Avvalo, o‘ziga: vijdon iztirobida, ikkiyuzlamachilik bilan hayot kechirishga majbur. So‘ngra oilasiga, farzandlariga: ular ham iztirobda qoladilar, oilaning parchalanib ketishi xavfi tug‘iladi. So‘ngra jamiyatga: zinokor hamisha jamiyat axloqini buzib turadi. Va hokazo. Ikkinchi yo‘l – umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan ayolni – bolalarining onasini tashlab, boshqaga uylanib ketish. Bunda, tabiiyki, normal hayot buziladi, farzandlar tarbiyasiga futur etadi. Uchinchi yo‘l – kasal holdagi ayoli bilan, bolalari bilan birga qolib, ularning roziligi va halol-pok yo‘l bilan boshqa ayolga uylanish. Albatta, o‘zini qadrlagan, halol-pok hayot kechirishni xohlagan kishi avvalgi ikki yo‘lni keskin rad etadi va uchinchi – Islomiy yo‘lni tanlaydi. Chunki eng to‘g‘risi ham shudir. To‘rtinchidan, iymonli er-xotin oila qurib, o‘n yoki undan ortiq yillar davomida birgalikda hayot kechirdilar, ammo farzand ko‘rmadilar. Va faraz qilaylikki, tabiblar ayol kishida ona bo‘lish imkoni yo‘qligini aniqladilar. Bu xil muammoning echimi qanday bo‘ladi? Shuncha yil birga yashagan, issiq-sovuqni birgalikda o‘tkazgan ayolni haydash kerakmi? U boshqa erga tekkani bilan baribir farzand ko‘rmasa?! Yoki erkak ham farzandsiz o‘tishi kerakmi? Bu muammoni to‘g‘ri hal qilishning Yo‘li – Islom hukmidir. Ya’ni avvalgi ayolni o‘zi bilan olib qolib, rozilik va halollik-poklik yo‘li bilan yana bitta ayolga uylanib, baxtli hayot kechirib, farzandli bo‘lish. Avvalgi befarzand ayol ham erining bolalariga mehr qo‘yib, tarbiyalarida ishtirok etib, ularning baxtiga sherik bo‘lgani hollari tajribada ko‘p sinalgandir. Ko‘pxotinlilikka ruxsatning hikmatlari bular bilan tugamaydi, yana boshqa ko‘p hikmatlarni keltirish mumkin. Ammo bunga o‘xshash fikrlarni aytish xuddi aybdorni himoya qilishga o‘xshab qoladi. Islom esa har qanday ayb-nuqsondan xolidir. U hech qanday himoyaga muhtoj ham emas. U Allohning dini, uni himoya qilishni Alloh taoloning O‘zi zimmasiga olgan. Ammo o‘ylab ko‘raylik, ko‘pxotinlilikni Islom urfga kiritganmi? Ya’ni ko‘pxotinlilik hodisasi faqat Islomda bormi? Tarixga nazar soladigan bo‘lsak, Islomdan oldin ko‘pxotinlilik hamma jamiyatlarda bo‘lgan va avj olgan. Boshqa dinlarning tarix kitoblarida hatto mingta xotini bo‘lgan kishilar haqida xabarlar bor. Bu masala xususida mufassal bahs yuritgan ilmiy asarlarda kerakligicha hujjat va dalillar keltirilgan. Biz esa faqat ushbu oyatlar nozil bo‘lgan Arabiston yarim orolidagi holatga bir nazar solaylik. Imom Buxoriy rivoyat qiladilar: «G‘aylon ibn Salama Saqafiyning musulmon bo‘lish arafasida o‘nta xotini bor edi. Nabiy alayhissalom unga: «Ulardan to‘rttasini tanlab ol», – dedilar». Imom Abu Dovud rivoyat qilishlaricha, Umayra Asadiy: «Musulmon bo‘lganimda sakkizta xotinim bor edi. Buni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga zikr qilgan edim, u zot menga: «Ulardan to‘rttasini tanlab ol», – dedilar», – deb aytgan. Demak, Islomdan avval ham ko‘pxotinlilik nafaqat mavjud bo‘lgan, balki avj olgan bo‘lib, ma’lum bir son bilan chegaralanmagan ham. Kimda o‘nta, kimda sakkizta, yigirmata yoki undan ko‘p xotin bo‘lishi mumkin bo‘lgan. Uzoqqa borib o‘tirmaylik; Islomning dushmani bo‘lgan va diyorimizda dinga katta talafot etkazgan Chingizxon mingta xotin olgan, deydi tarix. Xullas, Islom inson hayotiga kirib qolgan bu hayvoniy holatlarni bartaraf etib, yuqorida sanalgan va yana sanalmagan ko‘p hikmatlar yuzasidan xotinlar sonini to‘rttagacha chegaralagan. Ammo bu aslo amr emas, balki ruxsatdir. Ruxsat bo‘lganda ham, adolatli bo‘lish sharti bilan berilgan ruxsatdir! Oyatning o‘zida ham: «Agar adolat qila olmaslikdan qo‘rqsangiz, bittani…» – deyilgan. Mazkur adolat, ya’ni er tomonidan xotinlari orasida o‘rnatilishi lozim bo‘lgan adolat muomalada, nafaqada, hayotiy ishlarda va hatto birga yotishda ham bo‘lmog‘i shart. Ushbu oyat va ko‘pgina hadisi shariflardan kelib chiqib, ulamolarimiz bu masalani fiqh kitoblarimizda mayda-chuydasigacha batafsil bayon qilib berganlar. Bu oyati karimada ko‘plab dushmanlar tomonidan Islomga tuhmat toshi otilishiga bois bo‘lgan yana bir masala bor. Bu narsa «…yoki qo‘lingizda mulk bo‘lganlar bilan (kifoyalaning)» degan jumlaga aloqadordir. Bu erda gap quldorlik haqida, xususan, xotin kishini qul (cho‘ri) tutish haqida ketmoqda. Qulchilik haqida avval ham to‘xtalgan edik. Xulosa shuki, qulchilik ham xuddi ko‘pxotinlilikka o‘xshab, Islomdan avval avj olgan va keng tarqalgan hodisalardandir. Islom birinchi bo‘lib qulchilikka qarshi kurashni boshladi. Qul ozod qilishni ibodat darajasiga ko‘tardi. Insonlarni qul qilishni esa katta gunoh hisobladi. Bu masalada batafsil bahs yuritgan kitoblarga murojaat qilsak, Islom qulchilikning hamma eshiklarini berkitganini ko‘ramiz. Lekin voqe’likni hisobga olib, faqat bir eshikni – urushda asir tushganlarning eshigini ochib qo‘ygan. Demak, bu oyatda xotinlar orasida adolat o‘rnata olmaslikdan qo‘rqqan kishilarga cho‘ri tutishni tavsiya qilishda ham o‘sha voqe’lik hisobga olingan. Cho‘ri tutishga berilgan ruxsat ham Islom dushmanlari tomonidan mahkam tutib olinib, aksil tashviqotlariga bayroq qilib yuriladi. Natijada dunyoda Islom olami deganda, bexabarlarning ko‘z oldiga faqat ko‘pxotinlilik va cho‘ri ayollar keladigan bo‘lib qolgan. Ammo bu masalaga voqe’lik nuqtai nazaridan qaralgandagina uning mohiyatini to‘la tushunish mumkin. O‘sha davrlarda tez-tez urushlar bo‘lib turar edi. Tabiiyki, urush bor joyda o‘lim bor, asir tushish bor. Dushman tomon musulmonlardan asirga tushgan erkaklarni qul, ayollarni cho‘ri qilar edi. O‘z-o‘zidan, musulmonlar ham shunga yarasha muomala qilishga majbur edilar. Avvalo, asirlarga imkoni boricha yaxshi muomalada bo‘lishga, ularni ozod qilishga targ‘ib qilinardi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning siyratlariga bag‘ishlangan kitoblarni o‘qiganimizda bunga ko‘plab misollarni topamiz. Qul yoki cho‘ri tutishga to‘g‘ri kelib qolganda esa o‘ziga yarasha hukmlarga amal qilish lozim bo‘lar edi. Asirga tushgan muslima ayollarga nisbatan kofir va mushriklar vahshiyona munosabatda bo‘lishlariga qaramay, musulmonlar o‘z qo‘llariga tushgan asira ayollarga shariat ko‘rsatmalari asosida go‘zal munosabatda bo‘lar edilar. Ularni ozod qilib yuborishga targ‘ib haqida gapirib o‘tdik. Endi, mabodo tutib qolishga qaror qilinsa, nima bo‘lishini o‘rganaylik. Deylik, bir ayol asirga tushdi. Bir uyda yashamoqda. Oy o‘tadi, yil o‘tadi. Lekin u ham ayol, u ham inson, uning ham joni bor, nafsi bor. Yomon yo‘lga kirib, Islom jamiyatidagi erkaklarni yo‘ldan urib yashasinmi? Yoki o‘ziga ega bo‘lgan odam bilan halol-pok, shar’iy aloqada bo‘lsinmi? Bu esa o‘sha ayolning kelajakda hur bo‘lishiga yo‘l ochadi. Agar xojasi unga uylansa, uning insoniylik karomatini qayta ko‘targan bo‘ladi. Bunday holatlarda ko‘proq hur er o‘zining cho‘ri xotinini ozod qiladi. Ammo ozod qilmay, cho‘ri holida olib yursa ham, tug‘ishi bilan ayol ummu valad hisoblanadi. Shariat bo‘yicha, uni sotish mumkin bo‘lmay qoladi. Hamda xojasi vafot etgan kuni u ayol ozod hisoblanadi. Ushbu holatni g‘ayrimuslimlarning qo‘liga tushib qolgan ayollarning holi bilan solishtirib ko‘ring-a, qanday farq borligini ko‘rasiz. Islomning ilk davridagi holni qo‘ya turing, bugungi kunimizdagi taraqqiyot, madaniyat va inson huquqlari da’vosini qilayotgan milodiy yigirma birinchi asrning avvalgi yillaridagi holatga solishtiring. Asira ayollarni nimalar qilishmayapti. Guruh-guruh bo‘lib, tinimsiz zo‘rlashdan tortib, ularni fohisha filmlarga suratga olib, bozorda sotishgacha borishyapti. Ular insonlik ma’nolarini oyoqosti qilishyapti. Bu dahshatli ishlar cho‘ri tutishga ruxsat bergani uchun Islomga tuhmat toshini otayotgan Evropaning qoq markazida sodir etilyapti. Oyati karimaning nihoyasida «Mana shu jabr qilmasligingizga yaqinroqdir», deyilgan. «Mana shu»dan murod etim qizlarga adolat qila olmaslikdan qo‘rqqanda ularga uylanmaslik va ulardan boshqa ayollarga uylanish, xotinlar orasida adolat o‘rnata olmaslikdan qo‘rqqanda bittaga uylanish yoki cho‘rilar bilan kifoyalanishdir. Shunday qilinsa, hech kimga jabr, zulm bo‘lmaydi hisob. (“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Апрел 2022, 06:58 | Савол-жавоблар | 167 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar