Xadis xakida

Assalomu alaykum! Telegramda kuyidagi mazmunda rivoyat keldi: Bir kuni Payg‘ambarimiz (Salolloxu Alayxi Vasallam) "JANNATda qo‘limda oltin idish bilan kavsar suvining bo‘yida UMMATimni kutaman, u erda kelganlarga SUV beraman. Sung oxirgi zamon UMMATlarini ko‘rib, qo‘limdagi oltin idishimni TAShLAYMAN! deb ko‘zlaridan yosh quyilib yig‘lab yubordilar. Shunda saxobalar xayron bo‘lishib: "Yo RASULULLOX o‘sha oxirgi zamon ummatlaringizga suv bermaysizmi?! ,~deb so‘radilar. Payg‘ambarimiz (Salolloxu Alayxi Vasallam) ko‘zlarida shashkator yosh bilan: - Peshonasini SAJDAga qo‘ygan oxirgi zamon UMMATlarimga suv berarkanman, ular bilan meni oramizga "OLTIN IDISh" bo‘lishini xoxlamayman, balki ularga o‘z «QO‘LIM» bilan suv beraman",~deb marxamat qilgan ekanlar. (Buxoriy rivoyati...) shu xadis rostanam saxixmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Sahih emas , «Sahihul Buxoriy»da bu rivoyat yo‘q. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ham imom Buxoriyga ham qilingan tuhmatdan boshqa narsa emas. Buni yozganlar ham tarqatishayotganlar ham Allohdan qo‘rqishsin. قَالَ أَنَسٌرَضِي اللهُ عَنْهُ : إِنَّهُ لَيَمْنَعُنِي أَنْ أُحَدِّثَكُمْ حَدِيثًا كَثِيرًا أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ تَعَمَّدَ عَلَيَّ كَذِبًا فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُ
وَلِمُسْلِمٍ: إِنَّ كَذِبًا عَلَيَّ لَيْسَ كَكَذِبٍ عَلَى أَحَدٍ فَمَنْ كَذَبَ عَلَيَّ مُتَعَمِّدًا فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Mening sizlarga ko‘p hadis aytishimni man qiladigan narsa Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: «Kim menga qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdagi o‘rindig‘ini olaversin», deganlaridir», dedi».
To‘rtovlari rivoyat rivoyat qilganlar.
Muslimning rivoyatida:
«Albatta, menga yolg‘on to‘qish boshqa birovga yolg‘on to‘qishdek emas. Kim menga qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdagi o‘rindig‘ini olaversin», deyilgan.
Sharh: Ushbu rivoyatdan hazrati Anas ibn Molik roziyallohu anhuning ilmiy odobga qanchalar rioya qilishlari ko‘rinib turibdi. U kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning xizmatlarida o‘n yil bardavom turgan zot bo‘lib, sahobai kiromlar ichida eng ko‘p hadis bilguvchilardan edilar. Zehnlari o‘tkir, muhofazalari kuchli bo‘lganiga qaramay, Payg‘ambarimiz aytmagan biror og‘iz so‘zni aytib qo‘yib, U zot sollallohu alayhi vasallamning:
«Kim menga qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdagi o‘rindig‘ini olaversin», degan hadislarida zikri kelgan taxtga doxil bo‘lib qolishdan hayiqib turganlar.
Islom dini yolg‘onni mutlaqo harom qilgan. Yolg‘onchi Islom nazarida Allohning dushmani, iymonsiz hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Albatta, yolg‘onni Allohning oyatlariga iymon keltirmaydiganlar to‘qiydilar», deb marhamat qilgan. Shunday bo‘lganidan keyin Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamga nisbatan yolg‘on to‘qish, u kishi aytmagan gapni aytdi, qilmagan ishni qildi, deyish mislsiz ulkan gunoh sanaladi.
Shuning uchun ham ulamolar jumhuri «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan yolg‘on to‘qishni halol sanagan odam kofir bo‘ladi», deganlar. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan yolg‘on to‘qish Alloh taologa va Islom diniga nisbatan yolg‘on to‘qishdir.
Shuning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislari bo‘yicha aniq bilimga ega bo‘lgandan so‘nggina gapirish lozim. Gumon va taxmin bilan gapirish mutlaqo mumkin emas. Musulmon odam gumon va ishonchsiz narsalarni gapirmagani ma’qul. Har bir narsaga to‘la ishonch hosil qilgandan so‘nggina gapirmoq lozim. Ayniqsa, dinu diyonatga, iymon-e’tiqodga, halol-haromga, shariat ahkomlariga va oyat-hadisga tegishli mavzuda so‘z yuritganda juda ehtiyot bo‘lish kerak. Ulug‘ sahobiy Anas ibn Molik roziyallohu anhu barchamizga o‘rnak bo‘lishlari lozim. Har bir gapni gapirishdan oldin agar shu gapim yolg‘on bo‘lsa, do‘zaxdagi o‘rnimni olishim kerak bo‘ladi-ku, degan tushuncha fikrimizdan o‘tib turishi kerak.
Hazrati Anas ibn Molik va boshqa sahobiylarning ilmiy odoblariga tahsinlar aytamiz. Ular Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlaridan eshitib turib ham, ehtiyotkor bo‘lganlariga qoyil qolamiz. Shu bilan birga, hozirgi kunimizdagi ba’zi bir kishilarning nobakorligi, odobsizligi kishini hayron qoldiradi. O‘zlari oyat bilan hadisning farqiga bormaydilar-u, turli diniy muammolarni hal etishni da’vo qiladilar. Bunday kishilar bir necha toifaga bo‘linadilar.
Ba’zilari Islomga, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga va Qur’onga dushmanliklarini bildirish uchun shunday qiladilar. Hayotda bo‘lib o‘tgan voqealardan bir misol keltiray. Xudosiz tuzumning xudosizlikdan dars beradigan malaylaridan biri o‘z darsida «Qur’onda unday deyilgan, bu ayb, Qur’onda bunday deyilgan, bu nuqson», deya safsata sotardi. Ma’lumki, hech kim unga qarshi biror narsa deya olmas edi. Bir umumiy yig‘inda haligi xudosiz yana o‘sha diydiyosini qaytaribdi.
Shunda talabalardan biri e’tiroz bildirib: «Siz bir necha bor Qur’oni Karim oyatini dalil qilib, Islomga ayb qo‘ymoqdasiz. Ammo o‘sha siz oyat deb aytgan gap Qur’onda yo‘q-ku. Mana, qo‘limda Qur’on turibdi, siz o‘sha o‘zingiz aytgan gapni topib bering», debdi.
Nobakor arab tilini bilmasligini aytib, qutulmoqchi bo‘libdi. Talaba «Siz bilmasangiz, biladiganlar bor, tarjima qilib berishadi», debdi. Oxiri u bu gap Qur’onda bor-yo‘qligini aniq bilmasligini tan olibdi. Zarracha insofi, uyati bor odamga o‘zini o‘nglab olish uchun shuning o‘zi etarli edi. Lekin nobakorlarda insof nima qilsin, uyat nima qilsin?! Haligi talabani o‘qishdan haydatib, yana o‘zining eski diydiyosini davom ettiraveribdi.
Ha, Islom dushmanlari o‘zlari to‘qib chiqargan narsani ham oyat yoki hadis deb, Islomga qarshi gapiraverishgan. Ular ba’zi johil odamlar tomonidan aytilgan gap-so‘z, qilingan ishlarni ham Islomdan deb ko‘rsatib, Islomni qoralayverishgan.
Ulardan keyingi o‘rinda o‘zini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan ba’zi bir chalasavodlar turadi. Ilmlari yo‘q, Qur’on oyatlarini ham, hadislarni ham bilmaydilar. Bilsalar ham, bir oz narsani chala biladilar. Ammo ko‘pchilikni og‘ziga qaratish uchun xayoliga kelgan fikrni aytib, Alloh unday degan, payg‘ambar bunday degan, deyishdan to‘xtamaydilar. Bular ham juda xavfli toifadir. Ular insof qilishlari, Allohdan qo‘rqishlari lozim.
Uchinchi toifa – diniy ta’limdan mutlaqo bexabar ba’zi bir qalamkashlar toifasi bo‘lib, ular o‘z maqolalari, chiqishlari va yozuvlarida islomiy masalalarni bayon qilishga urinadilar. O‘zlarini bilimdon ko‘rsatib, odamlarni yo‘lga solmoqchi bo‘ladilar. Aslida esa boshqa g‘arazlari bor. Kimgadir yoqish, kimningdir roziligini topish uchun o‘sha kimsalarga yoqadigan tarzda safsata sotishga urinadilar. Oyatlarning ma’nolari tarjimasini olib, uni o‘zlarining buzuq fikrlariga moslamoqchi bo‘laveradilar. Hadisi sharif bilan bo‘ladigan muomalalari haqida ham xuddi shu fikrlarni aytish mumkin. Ularning Allohga, Islomga va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga qarshi bu xil jur’atlarini ko‘rib, hayratdan yoqa ushlaysiz. Bu toifa ham o‘ta xatarli toifadir.
Mazkur toifalarga mansub kishilar o‘zlarini o‘nglab olishlari, ilm odoblariga amal qilishlari, nobakorlik va beodobliklarini yig‘ishtirishlari lozim. Musulmonlar esa ulardan o‘ta ehtiyot bo‘lishlari, ularning kirdikorlarini fosh qilishga hamisha shay turmoqlari kerak. Toki hech kim Allohga, Islomga, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga nisbatan beodoblik qilmasin. O‘zi odobli bo‘lib, o‘zgalarni ham shunga chaqirish islomiy burchdir. («Hadis va Hayot» kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Апрел 2022, 06:58 | Савол-жавоблар | 207 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar