"Xajarul asvad"

Assalomu alaykum shayx xazratlari kabatullohni burchagiga o‘rnatilgan ‘xajarul asvad" qanaqaq tosh qaerdan keltirilgan "xajarul asvadni "tarixini kengiroq yoritib bersangiz Alloh O‘zi bildirsin
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Ka’bai myazzamaning sharqiy burchagiga Hajarul asvad o‘rnatilgan. U erdan bir yarim metr balanddadir. Hajarul asvad – qora tosh deganidir. U jannatdan tushgan.Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:«Hajarul Asvad jannatdan sutdan ham oq bo‘lgan holida nozil bo‘lgan. Uni bani odamning gunohlari qoraytirgan», dedilar».Qay bir gunohkor chin ixlos ila tavba qilib Hajarul Asvadni o‘psa yoki istilom qilsa uning gunohlari o‘sha toshga o‘tavergani sababli oppoq tosh qop-qoraga aylanib ketgan. Bu rivoyatdan mashhur Hajarul Asvadni jannatdan tushgan tosh ekanini bilib oldik. Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam hajar haqida:«Allohga qasamki, albatta, Alloh uni qiyomat kuni ikki ko‘rar ko‘zi bor, nutq qilar tili bor holda chiqaradi. U o‘zini kim haq ila istilom qilgan bo‘lsa, o‘shanga guvohlik beradi», dedilar».Ikkisini Termiziy rivoyat qilgan.Qiyomat kuni hoji va umrachilarga guvohlik berishda Hajarul Asvadga o‘ziga xos alohida maqom beriladi va u o‘zini ixlos ila istilom qilganlar foydasiga guvohlik beradi. Shuning uchun ham haj va umra qiluvchilar yoki oddiy ziyorat qiluvchilar Hajarul Asvadni istilom qilishga, uni o‘pishga oshiqadilar. Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«U kishi Hajarul Asvadning oldiga kelib uni o‘pdi va «Albatta, men sening zarar ham, foyda ham bermaydigan bir tosh ekaningni yaxshi bilaman. Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam seni o‘pganlarini ko‘rmaganimida seni o‘pmas edim», dedi».Beshovlari rivoyat qilgan.Hazrati Umar roziyallohu anhu o‘z xalifaliklari davrida kishilarga ta’lim berish maqsadida shu gapni aytganlar. Darhaqiqat, Hajarul Asvad o‘zi birovga foyda yoki zarar beradigan qobiliyatga ega emas. Ammo Alloh taoloning izni ila qiyomat kuni guvohlik berishi avvalgi hadisi sharifda ta’kidlandi. Buning ustiga uni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning o‘pganlari bor. Barcha musulmonlar u zotga bu ishda ham ergashadilar.

21 Апрел 2022, 06:58 | Савол-жавоблар | 362 | Boshqa ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar