Tarvuz

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, tarvuz sotib olib so‘yganimizda ichi yomon chiqsa “Yaramas sotuvchi yaxshisini bermapti” deb ko‘ngildan o‘tkazamiz. Bu bilan o‘zimiz bilmagan holda Allohdan norozi bo‘lib qolyotgan bo‘lmaymizmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Xaridor sotib olgan narsasida savdogarlar «bahosini pasaytiradi», deb aytadigan aybni topsa, uning rad qilish yoki to‘liq bahosi evaziga olish haqqi bor. Chunki savdo xaridorning sotib olgan narsasi aybsiz bo‘lishini taqozo qiladi. Molning salomatligiga ayb ila futur etganda esa xaridorga ixtiyor haqqi beriladi. Xohlasa, aybli bo‘lsa ham molni olib ketaversin, xohlasa, aybni bahona qilib, uni egasiga qaytarib bersin. Ammo sotuvchiga: «Moling aybli chiqdi, pulning bir qismini qaytarib ber», deya olmaydi. عَنْ عَبْدِ الْمَجِيدِ بْنِ وَهْبٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قَالَ لِيَ الْعَدَّاءُ بْنُ خَالِدِ بْنِ هَوْذَةَ: أَلَا أُقْرِئُكَ كِتَابًا، كَتَبَهُ لِي رَسُولُ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم ؟ قُلْتُ: بَلَى، فَأَخْرَجَ لِي كِتَابًا: «هَذَا مَا اشْتَرَى الْعَدَّاءُ بْنُ خَالِدِ بْنِ هَوْذَةَ مِنْ مُحَمَّدٍ رَسُولِ اللهِ، اشْتَرَى مِنْهُ عَبْدًا أَوْ أَمَةً، لَا دَاءَ، وَلَا غَائِلَةَ، وَلَا خِبْثَةَ، بَيْعَ الْمُسْلِمِ الْمُسْلِمَ». رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ والْبُخَارِيُّ وَزَادَ: الْغَائِلَةُ الزِّنَا، وَالسَّرِقَةُ، وَالْإِبَاقُ Abdul Majid ibn Vahb roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Menga Addaau ibn Xolid roziyallohu anhu: «Senga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga yozdirib bergan maktublarini o‘qib beraymi?» dedi. «Ha», dedim. U menga bir maktub chiqardi, unda: «Ushbu Addaau ibn Xolid ibn Havzata Muhammad Rasulullohdan sotib olgan narsa. Undan bir qul (yoki cho‘ri) sotib oldi. Bemorligi yo‘q, g‘oilasi yo‘q, xubsi yo‘q. Musulmonning musulmonga sotgani», (deb yozilgan edi)». Termiziy va Buxoriy rivoyat qilishgan. Buxoriy «Foila – zino, o‘g‘rilik va qochib ketish»ni ziyoda qilgan. Ulamolarimiz ushbu rivoyatdan sotilayotgan narsaning ayblardan xoli bo‘lishi lozimligi haqidagi hukmni chiqarganlar. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ  رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: «مَنِ اشْتَرَى شَاةً مُصَرَّاةً، فَهُوَ بِخَيْرِ النَّظَرَيْنِ، إِنْ شَاءَ أَمْسَكَهَا، وَإِنْ شَاءَ رَدَّهَا، وَصَاعًا مِنْ تَمْرٍ، لَا سَمْرَاءَ». رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim (elinida) suti to‘plangan sovliqni sotib olsa, u odam uni soqqanidan keyin ikki nazardan birini tanlaydi: xohlasa uni olib qoladi, xohlasa uni bir so’ xurmo bilan qaytarib beradi. Bug‘doy emas», dedilar». To‘rtovlari rivoyat qilishgan. «Suti (elinida) to‘plangan», deganda sotuvchi odam hayvonni sotishdan oldin sog‘masdan, elinida sutini to‘plab, uni shishirib, bozorga olib boradi. Xaridor sut to‘la elinni ko‘rib, sersut ekan, deb qiziqib sotib oladi. Uyiga olib borib, sutni sog‘adi. Ikkinchi sog‘ish vaqti kelganda qarasa, elindagi sut oz. Uchinchi martada ham shunday bo‘lganidan keyin u aldanganini tushunadi. Ana o‘sha holat yuz berganda, sotib olgan odam ikki ishdan birini qilish ixtiyoriga ega bo‘ladi. 1. Rozi bo‘lsa, mazkur hayvonni o‘zi bilan olib qolaveradi. 2. Xohlasa, aldagani uchun sotuvchiga hayvonni qaytarib olib borib beradi. Hadisda qo‘y zikr qilingan bo‘lsa ham, tuya, sigir, echki kabi sog‘iladigan hayvonlar shu qatorga qo‘shiladi. Boshqa mazhablarda sutini sog‘ib olgani evaziga bir so’ xurmo ham qo‘shib beradi. Bu, albatta, xurmo ko‘p yurtlarda. Xurmosi yo‘q yurtlarda esa o‘sha yurtning ko‘p tarqalgan taomidan beradi. Hanafiy mazhabida esa ushbu holatda quyidagi hadisga amal qilinadi. عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: الْخَرَاجُ بِالضَّمَانِ Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Xaroj zominlik tufaylidir», dedilar». Bu hadisdagi «xaroj»dan murod bir narsani sotib olgan shaxs uning aybi tufayli aynib qolib, egasiga qaytarib berguncha muddatda keltirgan foydadir. Masalan, bir odam ikkinchi shaxsdan bir hayvon sotib oldi. Savdo vaqtida sotuvchi berkitgan ayb vaqt o‘tishi bilan fosh bo‘ldi. Uni qaytarib berishga xaridorning haqqi bor. Bu holda yangi masala paydo bo‘ladi. U ham bo‘lsa, ayniguncha o‘tgan muddatda mazkur hayvondan foydalanganining haqqi nima bo‘ladi? Ana o‘sha savolning javobi biz o‘rganayotgan ushbu hadisi sharifdir. «Xaroj (ayniguncha kelgan foyda) zominlik tufaylidir». Ya’ni o‘sha paytda mazkur hayvonga zarar etsa, kamchilik bo‘lsa, kim zomin bo‘lar edi? Albatta, sotib olgan kishi. Shuning uchun o‘sha vaqtdagi foyda ham unga bo‘ladi. U aybi bor hayvonni sotuvchiga qaytarib beradi. Undan olgan foydasi uchun to‘lov bermaydi. Bu hamma savdo uchun umumiy hukmdir. عَنْ عَبْدِ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: «إِذَا اخْتَلَفَ الْبَيِّعَانِ، وَلَيْسَ بَيْنَهُمَا بَيِّنَةٌ، فَهُوَ مَا يَقُولُ رَبُّ السِّلْعَةِ، أَوْ يَتَتَارَكَانِ». أَيْ يَتَفَاسَخَانِ العَقْدَ. رَوَاهُمَا أَصْحَابُ السُّنَنِ Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon sotuvchi va xaridor ixtilof qilishsa va oralarida hujjat bo‘lmasa, mol egasining gapi – gap. Yoki savdoni buzadilar», dedilar». Ikkisini «Sunan» egalari rivoyat qilishgan. Bu hadisi sharifda savdodan keyin bir muddat o‘tgach, savdosi qilingan narsada ayb paydo bo‘lib, orada ixtilof chiqsa, qanday chora qo‘llash to‘g‘risida so‘z bormoqda. Bunday holatda sotuvchi va xaridordan qaysi birining hujjati bo‘lsa yoki kuchli dalili bo‘lsa, o‘shaning gapi qabul qilinadi. Agar ikkovining ham hujjat-dalili bo‘lmasa, sotuvchining gapi qabul qilinadi. Yoki mazkur savdo buzib yuboriladi. Umuman, bu xildagi masalalar juda ham nozik masalalardir. Chunki savdo mollari xilma-xil bo‘ladi, ularda paydo bo‘lishi mumkin ayblar undan ham ko‘pdir: oddiy kishilar farqiga boradigan ayblar bor, tajribali kishilar tushunadigan ayblar bor, mutaxassislar biladigan ayblar bor. Shuning uchun ham bunga o‘xshash masalalarga fiqh kitoblarimizda keng o‘rin berilgan va har bir masala bir qancha sahifalarda bayon etilgan. Buning ustiga, har bir masalaga alohida yondashish, masala ishtirokchilaridan yaxshilab so‘rab-surishtirish, hujjat talab qilish, kerak bo‘lsa, qasam ichirish bilan hal qilinadi. Iqtisodiy aloqalar o‘ta nozik va hassos bo‘lgani uchun ham, birovning haqqiga, halol-haromga bog‘liq bo‘lgani uchun ham bu ishga Islomda alohida e’tibor berilgan. عَنْ عُقْبَةَ بْنِ عَامِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم يَقُولُ: «الْمُسْلِمُ أَخُو الْمُسْلِمِ، لَا يَحِلُّ لِمُسْلِمٍ بَاعَ مِنْ أَخِيهِ بَيْعًا فِيهِ عَيْبٌ، إِلَّا بَيَّنَهُ لَهُ». رَوَاهُ ابْنُ مَاجَهْ وَأَحْمَدُ وَالدَّارَقُطْنِيُّ وَالْحَاكِمُ وَالطَّبَرَانِيُّ Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Musulmon musulmonning birodaridir. Musulmon uchun o‘z birodariga aybi bor narsaning aybini ochiq aytmasdan sotish halol emas», deyayotganlarini eshitdim». Ibn Moja, Ahmad, Doraqutniy, Hokim va Tabaroniy rivoyat qilishgan. ("Kifoya" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Апрел 2022, 07:11 | Савол-жавоблар | 196 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar