G‘usl qilmagan odam g‘usl qilganga qarasa qayta g‘usl qiladimi?

Assalomu alaykum! Bir tanishim er xotin junub bo‘lgandan keyin xotin yoki erdan qay birisi birinchi g‘usl qilsa ham er yoki xotin g‘usl qilmaguncha qarashi mumkin emas bo‘lmasa yana qaytadan g‘usl qilishi kerak bo‘lib qoladi dedi. Shu to‘g‘rimi? Masalan men birinchi g‘usl qilsam erim g‘usl qimasdan oldin menga nazari tushsa men yana g‘usl qilishim kerakmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Junublik bir odamdan boshqa odamga yuqmaydi. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: لَقِيَنِي رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَرَّةً فِي طَرِيقٍ مِنْ طُرُقِ الْمَدِينَةِ وَأَنَا جُنُبٌ فَاخْتَنَسْتُ. وَفِي رِوَايَةٍ: فَانْسَلَلْتُ فَذَهَبْتُ فَاغْتَسَلْتُ ثُمَّ جِئْتُ، فَقَالَ: أَيْنَ كُنْتَ يَا أَبَا هُرَيْرَةَ؟ قُلْتُ: إِنِّي كُنْتُ جُنُبًا فَكَرِهْتُ أَنْ أُجَالِسَكَ عَلَى غَيْرِ طَهَارَةٍ، قَالَ: سُبْحَانَ اللهِ! إِنَّ الْمُسْلِمَ لَا يَنْجُسُ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bir marta Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga Madinaning yo‘llaridan birida yo‘liqib qoldilar. Men junub edim, o‘zimni chetga oldim».
Boshqa rivoyatda:
«(Bildirmay chetlandim). Borib, g‘usl qilib keldim. U zot:
«Ey Abu Hurayra, qaerda eding?» dedilar. Men:
«Junub edim, siz bilan nopok holimda o‘tirishni yoqtirmadim», dedim. U zot:
«Subhanalloh! Musulmon najas bo‘lmas», dedilar»
, deyilgan.
Sharh: Hadisda junublikning hukmini to‘liq bilmaydigan odamning xoli bayon qilinmoqda. Junublik haqidagi dastlabki ma’lumotlarni eshitgan odamda ko‘pgina g‘alati fikrlar to‘planib qoladi. Jumladan, ba’zilar junub odamni ko‘rgan odam ham junub bo‘lib qolar ekan, falon bo‘lar ekan, piston bo‘lar ekan, degan e’tiqodlarni qilib, noo‘rin gaplarni aytib yuradilar. Aslida unday emasligini ushbu hadisdan bilmoqdamiz.
Madinai Munavvaraning yo‘llaridan birida Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamga yo‘liqib qolgan Abu Hurayra roziyallohu anhu ham shunga o‘xshash xayolga borganlar. Ya’ni, junub holda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga ko‘rinib, u kishi bilan o‘tirib bo‘lmaydi, degan fikrga borib, bekinib olgan edilar. U kishi borib, g‘usl qilib kelganlaridan keyin bo‘lib o‘tgan ishning mulohazasini qilib turgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Ey Abu Hurayra, qaerda eding?» deb so‘radilar.
Bu yuksak odob namunasidir. Nima uchun meni ko‘rib, bekinib olding? Yoki ha, falon holatda edingmi, demay, «Qaerda eding?» dedilar. Abu Hurayra roziyallohu anhu esa to‘g‘risini aytdilar:
«Junub edim, siz bilan nopok holimda o‘tirishni yoqtirmadim», dedilar.
Bu u kishining haqqi edi. O‘z holatini xohlasa, aytsin, xohlasa, berkitsin edi. Abu Hurayra roziyallohu anhu o‘z holatlarini va fikrlarini ochiqchasiga aytishni ravo ko‘rdilar va aytdilar. Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam esa Abu Hurayra roziyallohu anhuning fikrlari noto‘g‘ri ekanligini bayon qilib:
«Subhanalloh! Musulmon najas bo‘lmas», dedilar».
«Subhanalloh»ning lug‘aviy ma’nosi «Allohni poklab, yod etaman» bo‘lib, gohida ajablanish ma’nosidagi gap o‘rnida ham ishlatiladi. Musulmon odam najas bo‘lmas, u junub bo‘ladi. Junublik esa uni namoz o‘qish, Qur’on ushlash kabi ba’zi narsalardan chetda turishini taqozo qiladigan holatdir. Junublik insonni najasga aylantirib qo‘ymaydi. Birov bilan gaplashish, so‘rashish yoki birga o‘tirishini man qilmaydi.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. G‘usl vojib bo‘lgandan keyin ko‘chaga chiqib yurish joizligi.
2. Garchi g‘usl vojib bo‘lishi bilan uni qilib olish yaxshi bo‘lsa ham, bir oz ortga surish mumkinligi. Lekin ortga surish namoz vaqtidan chiqib ketish darajasida bo‘lmasligi kerak.
3. Rahbar, olim odam o‘ziga tobe’ kishilarda noto‘g‘ri ish sodir bo‘lganini mulohaza qilsa, undan so‘rab, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib qo‘yishi lozimligi.
4. Mo‘min-musulmon odam najas bo‘lmasligi.
5. Junub odam boshqalar bilan ko‘rishishi, birga o‘tirishi mumkinligi.
Shuningdek, og‘zi va burnini yaxshilab chayib olib, ichimlik va taom tanovul qilishi ham mumkin. Bu hukmlarni keyingi hadisi shariflardan o‘rganamiz. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Апрел 2022, 19:14 | Савол-жавоблар | 161 | Tahorat
|
Boshqa savol-javoblar