Tong va kechqurun o'qiladigan duo
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim ertalab yoki kechqurun:
سُبْحَانَ اللهِ وَبِحَمْدِهِ
«Subhanallohi va bihamdihi», (Allohga hamd aytish bilan Uni aybu nuqsonlardan poklab yod etaman), deb yuz marta aytsa, qiyomat kuni biror kishi undan afzal bo'lmaydi. Faqat ana shu kishi aytganidek yoki undan oshirib aytsagina, bo'lishi mumkin», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.
Abu Dovudning rivoyatlarida:
سُبْحَانَ اللهِ العَظِيمِ وَبِحَمْدِهِ
«Subhanallohil 'aziym va bihamdihi», deb kelgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qizlarining biridan rivoyat qilinadi. U zot qizlariga tong otganida:
سُبْحَانَ اللهِ وَبِحَمْدِهِ لاَ قُوَّةَ إِلاَّ بِاللهِ مَا شَاءَ اللهُ كَانَ وَمَا لَمْ يَشَأْ لَمْ يَكُنْ، أَعْلَمُ أَنَّ اللهَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ، وَأَنَّ اللهَ أَحَاطَ بِكُلِّ شَيْءٍ عِلْمًا
«Subhanallohi va bihamdihi, la quvvata illa billahi masha`allohu kana va ma lam yasha` lam yakun. A'lamu annalloha 'ala kulli shay`in qodiyr. Va annalloha qod ahato bikulli shay`in 'ilma», deb aytishni o'rgatar edilar. Chunki bu kalimalarni tong otganida aytgan kishi kech kirgunicha muhofaza qilinadi. Kech kirganida aytsa, tong otgunicha muhofaza etiladi. (Ma'nosi: Allohga hamd aytish bilan Uni poklab yod etaman. Allohdan boshqada quvvat yo'q. Alloh xohlagan narsa bo'ladi. Xohlamagan narsa bo'lmaydi. Bilamanki, Alloh har bir narsaga qodirdir. Va, albatta, Alloh har bir narsani ilmi bilan ihota qilgandir.) Abu Dovud rivoyatlari.
17 Fevral 2023, 01:29 | Duolar | 37