Tahoratning sinishi

Assalamu aleykum shayx hazratlari, sizni bir savol bilan qimmatli vaqtingizni olishga ijozat bergaysiz. Meni 3-4 oydan beri qiynab kelayotgan bir dardim bor(olloh o‘zi shifo bersin), shuning uchun sizdan maslahat so‘rashni joiz deb topdim. Meni yoshim 17 da, namoz menga farz bo‘lganidan bowlab uni ado qilib kelyapman (alhamdulillah). Namozga tayyor holatda bo‘lish uchun tahorat olaman ,lekin bir vaqt nomozni ado qilish uchun 3-4marta xatto 5-6 marta tahorat olishimga to‘g‘ri keladi. Avvalari bunday holatga duch kelmaganman hayronman nega unday bo‘lyapti. Ba‘zida namozda qoyim bo‘lib turgan vaqtimda ham tahoratim sinadi, natijada yana tahoratimni yangilashga to‘gri kelib qoladi. Iltimos, mendan maslahatingizni ayamang hazrat. Olloh ilmingizni ziyoda qilsin, javobingiz uchun oldindan rahmat! Assalamu aleykum va rohmatulloh va barakatuh
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Siz vasvasaga duchor bo‘libsiz. Buning davosi oson. Quyidagi hadis va sharhiga amal qilsangiz etadi.Abbod ibn Tamiym roziyallohu anhu o‘z amakilaridan rivoyat qilganlar:«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga namozda bir narsa bo‘lgani xayoliga keladigan odam haqida shikoyat qilindi. U zot:«Toki ovoz eshitmagunicha yoki elni topmagunicha namozini buzmaydi», dedilar».Boshqa bir rivoyatda:«Qachonki birortangiz qornida biror narsani topsa, unga undan bir narsa chiqdimi-yo‘qmi aniq bo‘lmay qolsa, toki ovozni eshitmagunicha yoki elni topmagunicha masjiddan chiqmasin», deganlar».Beshovlari rivoyat qilishgan.Inson hayotida to‘liq ishonchga, aniq va mustahkam mavqega ega bo‘lishi katta o‘rin tutadi. Shak-shubha va ikkilanish esa foyda keltirmasligi aniq. Shak-shubha, ishonchsizlik va ikkilanish shaytonning ishi hisoblanadi. Shayton insonni doimo noqulay holatda bo‘lishini xohlaydi. Bu ish ayniqsa, musulmon inson uchun namozda yaqqol bilinadi. Shayton namoz paytida ko‘proq vasvasa qilishga urinadi. Uning bu holdagi vasvasasidan biri, kishining xayoliga tahorati ketganga o‘xshash fikr kelaverishidir. Bu haqiqat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ba’zi hadislarida o‘z ifodasini topgan.Ibn Xuzayma, Ibn Hibbon va Hokimlar Abu Sa’id al-Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilishgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:«Vaqtiki, birortangizga shayton kelib, tahoratingni ketkazding, desa, «yolg‘on aytibsan», desin. Magar burni ila hid hidlasa yoki qulog‘i bilan ovoz eshitsa», deganlar.Abbod ibn Tamiym roziyallohu anhudan rivoyat qilingan biz o‘rganayotgan bu hadisni ulamolarimiz Islomning asl qoidalaridan biriga asos bo‘lgan ulug‘ hadislardan, deb baholaganlar. O‘sha qoida: «Narsalar, hattoki aniq-ravshan suratda teskarisi voqe’ bo‘lmaguncha o‘z aslida qolur. Oriz bo‘lgan shak-shubha ularga zarar qilmas», deb ta’rif qilingan.Ushbu hadis misolida asl tahorat – xayolda tahorat ketganga o‘xshaydi, degan fikr bo‘lishi bilan ketib qolmaydi. Tahorat ketgani elning hidini sezish, ovozini eshitish bilan aniq-ravshan bilingandan keyingina sobit bo‘ladi. Bungacha o‘z aslida turaveradi. Boshqa barcha ishlar ham shunga taqqoslanadi.Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:1. Sahobai kiromlarning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga o‘zlarida oriz bo‘ladigan barcha holatlarni shikoyat qilishlari. Namoz vaqtida tahorat ketib qolganga o‘xshab xayoldan o‘tishi haqidagi shikoyat shunga ishoratdir.2. Tahorat ketgani haqida xayolga fikr kelishi bilan tahorat ketib qolmasligi.3. Elning ovozi yoki hidi chiqishi bilan tahorat ketishi. Agar ovoz yoki hiddan boshqa aniq bilish hosil bo‘lsa ham ketadi.4. Hayotda voqe’ bo‘lib turadigan masalalarni ulamolardan so‘rab turish lozimligi.5. Shariatga, ilmga tegishli narsalarni so‘rashdan uyalmaslik.Mana shu qoidani va foydalarni yaxshilab ang¬lab olib, hayotimizga tatbiq qilmog‘imiz lozim. Musulmon kishining hayotida vasvasa, xayol, shak-shubha va ikkilanishga o‘rin bo‘lmasligi zarur. Hamma narsa ochiq-oydin, ravshan va ishonchli bo‘lishi kerak.

3 May 2022, 18:02 | Savol-javoblar | 149 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar