Jahannamda g‘oyya degan vodiy

Assalomu alaykum! Abdulloh ibn Abbosning "jahannamda g‘oyya degan vodiy bor. Do‘zaxning boshqa vodiylari uning yomonligidan Alloh taologa har kuni ming marta iltijo qilib, panoh so‘rashadi. G‘oyya vodiysi namozni va jamoatni tark etuvchilar uchun tayyorlab qo‘yilgan" degan gaplari bor ekan. Shuni manosini chuqurroq tushuntirib bersangizlar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taolo "Maryam" surasida marhamat qiladi:  فَخَلَفَ مِن بَعْدِهِمْ خَلْفٌ أَضَاعُوا الصَّلَاةَ وَاتَّبَعُوا الشَّهَوَاتِ فَسَوْفَ يَلْقَوْنَ غَيًّا۝ 59. Bas, ularning ortidan bir o‘rinbosarlar qoldiki, ular namozni zoe qilib, shahvatlarga ergashdilar. Bas, tezda g‘oyya(yomonlik)ga yo‘liqurlar.
Rohmanning oyati tilovat qilinganda, yig‘lab, sajdaga otiladigan hassos zotlar ortidan ularning o‘rinlariga nobakor, fosiq va betavfiq o‘rinbosarlar keldi. Bu betavfiq kimsalar namozni zoe qildilar. Namozni zoe qilish, uni o‘qimaslik eng katta musibat ekanini ushbu oyati karimadan bilib olsa ham bo‘ladi. Namozni tark etgan odam har qanday yomonlikdan, gunohdan tap tortmaydigan bo‘lib qoladi. Shuning uchun mazkur nobakor o‘rinbosarlarning namozni zoe qilganlari zikr etilgandan keyin shahvatlarga ergashganlari bayon etilmoqda. Ya’ni ular havoyi nafslari nimani istasa, shuni qiladigan bo‘lib qoladilar. Jumladan, aroqxo‘rlik, zinokorlik, ayshu ishrat, o‘yin-kulgi kabi shahvatlar shular jumlasidandir. Endi ular namozni zoe qilib, shahvatlariga ergashib yuraveradilar.
«Bas, tezda g‘oyya(yomonlik)ga yo‘liqurlar».
Namozni zoe qilgach, shahvatga ergashadi. Shahvatga ergashgan zalolatga yuz buradi. Zalolatga ketganga esa halokat etadi.
“Tafsiri ibn Kasir”da Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu “Tezda g‘oyyaga yo‘liqadilar” tafsirida “G‘oyya bu jahannamdagi vodiydir. Qa’ri chuqur, ta’mi o‘ta habis” deganlar. Abu I’yoz esa “Jahannamdagi yiring va qondan iborat vodiydir” deganlar. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo “G‘oyya o‘ta qattiq yomonlik” deb aytganlar. Yana “U jahannamdagi bir vodiy bo‘lib, jahannam vodiylari uning issiqligidan panoh so‘rashadi. Uni zinoda davom etgan, xamr ichishda, sudxo‘rlikda davom etgan, ota-onasiga oq bo‘lgan, yolg‘ondan guvohlik bergan va eridan boshqasidan bola ko‘rgan ayol kabilarga tayyorlangan” deganlar. Allohning rahmatini qarangki oyatning ortidan mehribon bo‘lgan Alloh taolo, ularga yana bir bor imkon berib, tavba eshigini ochdi: إِلَّا مَن تَابَ وَآمَنَ وَعَمِلَ صَالِحًا فَأُوْلَئِكَ يَدْخُلُونَ الْجَنَّةَ وَلَا يُظْلَمُونَ شَيْئًا۝ 60. Magar kim tavba qilsa va iymon keltirib, amali solih qilsa, bas, ana o‘shalar jannatga kirurlar va hech zulm qilinmaslar.
Namozni zoe qilib, shahvatlariga ergashib yurganlardan kim tavba qilsa, noshoyista amalidan afsus-nadomat chekib, tamomila to‘g‘ri yo‘lga qaytsa, so‘ngra iymon keltirib, mo‘min bo‘lsa va yaxshi amallarni ado etsa, yomonlikka uchramaydi. Balki
«...ana o‘shalar jannatga kirurlar...»
Noil bo‘lgan iymonlari va ado etgan yaxshi amallari evaziga jannatga doxil bo‘lurlar. Ular kiradigan jannat جَنَّاتِ عَدْنٍ الَّتِي وَعَدَ الرَّحْمَنُ عِبَادَهُ بِالْغَيْبِ إِنَّهُ كَانَ وَعْدُهُ مَأْتِيًّا۝ 61. Rohman O‘z bandalariga g‘aybdan va’da qilgan adn jannatlaridir. Albatta, Uning va’dasi keluvchidir. Vallohu a’lam!

4 May 2022, 04:38 | Savol-javoblar | 184 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar