Payg‘ambarimizning sifatlari Injilda zikr qilinishi

Assalomu alaykum Mazkur gap to‘g‘rimi: Iso alayhissalom o‘z qavmiga undan keyin keladigan payg‘ambarimiz Muxammad sollallohu alayhi vasallamning sifatlarini aytib o‘tgan va unga ergashishni ta’kidlagan. Javob uchun oldindan rahmat!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taolo "Sooff" surasida marhamat qiladi:  وَإِذْ قَالَ عِيسَى ابْنُ مَرْيَمَ يَا بَنِي إِسْرَائِيلَ إِنِّي رَسُولُ اللَّهِ إِلَيْكُم مُّصَدِّقًا لِّمَا بَيْنَ يَدَيَّ مِنَ التَّوْرَاةِ وَمُبَشِّرًا بِرَسُولٍ يَأْتِي مِن بَعْدِي اسْمُهُ أَحْمَدُ فَلَمَّا جَاءهُم بِالْبَيِّنَاتِ قَالُوا هَذَا سِحْرٌ مُّبِينٌ۝ 6. Iyso ibn Maryamning: «Ey Banu Isroil! Albatta, men o‘zimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlash va mendan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini berish uchun Alloh sizlarga yuborgan rasulman», deganini esla. U alarga haq bilan kelganda esa: «Bu ochiq-oydin sehrdir», – dedilar.
Ushbu oyatda Iyso alayhissalom o‘z ummatlariga aytgan gaplar muhim gaplar bo‘lib, ular diniy ta’limotlardagi ulkan masalalarni o‘z ichiga oladi.
«Iyso ibn Maryamning: «Ey Banu Isroil! Albatta, men o‘zimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlash va mendan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini berish uchun Alloh sizlarga yuborgan rasulman», deganini esla».
Birinchi masala: «o‘zimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlash…» uchun kelganman», – demoqdalar. Masihiy dini kitoblarida ham Iyso alayhissalom tillaridan: «Men nomusni yo‘q qilish uchun emas, balki to‘ldirish uchungina keldim», – deyilgan ekan.
Ikkinchi masala: «...va mendan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini berish uchun...» kelganman», – demoqdalar. Ahmad Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ismlaridir. Ahmad, Muhammad va Mahmud ismlari Payg‘ambarimizga nom bo‘lib, «shukr», «maqtov» ma’nolarini anglatuvchi «hamd» so‘zidan olingandir. Iyso alayhissalomning ushbu bashoratlari Injilda ham kelgan. Yuhanno Injilida: «Agar menga muhabbat qilsalaringiz, vasiyatlarimni tutinglar: men otadan sizlar bilan abadiy sobit bo‘lish uchun Forqilatni talab qilaman», – deyilgan. Lekin zamon o‘tishi bilan rohiblar keyingi nashrlarda bu so‘zning o‘rniga boshqa so‘z ishlatadigan bo‘lishgan. Zamondoshlarimizdan ustoz Ahmad Najjor g‘arb olimlaridan biri doktor Karl Nilinudan:
– «Forqilat»ning ma’nosi nima? – deb so‘rasalar, u kishi:
– Rohiblar «m’azi» deb aytishadi, – debdi. Shunda ustoz Najjor:
– Men rohibdan emas, balki yunon tili fan doktori Karl Nilinudan so‘rayapman, – deb rad qilibdilar. Faqat shu gapdan keyingina ajnabiy doktor:
– Bu so‘zning asl ma’nosi «ko‘p shukr» – «hamd», – debdi. So‘ngra ustoz Najjor:
– Arabcha «hamd» so‘zining «Ahmad» shaklida ishlatilishiga to‘g‘ri keladimi? – desalar, doktor Karlu:
– Ha, – deb javob qilibdi. Lekin shunchalik bashoratlar bo‘lsa ham, Ahmad, ya’ni Muhammad alayhissalom haq din bilan pay¬g‘ambar bo‘lib kelganlarida, ular iymon keltirmadilar. U kishiga cheksiz hurmatsizlik va dushmanliklar qildilar. U zotning payg‘ambarliklarini «sehr», deb, o‘zlarini «sehrgar», dedilar.
Uchinchi masala: Iyso alayhissalom o‘z tillari bilan
«Alloh sizlarga yuborgan rasulman», demoqdalar, «Xudoman» yoki «Xudoning o‘g‘liman», deganlari yo‘q. Iyso alayhissalomga kelgan masihiy diniga e’tiqod qiluvchi kishilarning hozirgi aqiydasi bo‘yicha, u zot xudo yoki xudoning o‘g‘li hisoblanadilar. Bu esa mutlaqo xato va adashuvdir. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

4 May 2022, 05:18 | Savol-javoblar | 173 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar