Oz miqdordagi pivo

Assalomu alaykum! Bir insonni gapiga qaraganda pivoni mast qilmaydigan darajada ichish harom emas ekan. Iltimos oydinlik kiritib beringlar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنْ جَابِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَا أَسْكَرَ كَثِيرُهُ فَقَلِيلُهُ حَرَامٌ. رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ  Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ko‘pi mast qilgan narsaning ozi ham haromdir», dedilar». «Sunan» egalari rivoyat qilganlar. Sharh: Bu hadisi sharif ham ba’zi kishilar orasida tez-tez ko‘tarilib turadigan va fitnaga sabab bo‘ladigan tushunmovchilikka uzil-kesil javob bo‘lib kelgan. Ba’zi nafsining ko‘yiga kirgan kishilar o‘zlaricha «Ozgina ichsa, mast qilmaydigan ichimliklarni ichsa bo‘laversa kerak», degan shubhali gap tarqatib yuradilar. Biz yoshlik paytimizda bu narsaga misol qilib, pivo nomli ichimlikni keltirar edilar. Ularning aytishicha, pivoni ma’lum miqdorda ichgan odam mast bo‘lib, gandiraklab qolmas emish. Shuning uchun uni ozroq miqdorda ichsa, bo‘laverar emish. Holbuki, ozgina bo‘lsa ham mast qiluvchi modda qo‘shilgan har qanday ichimlik haromligini ushbu hadisi sharifdan bilib oldik. Endi unga amal qilmog‘imiz lozim. Bu hukmni bilmagan kishilarga ham bildirishimiz zarur. Bu borada har xil, bilib-bilmay so‘z yuritadigan kishilarning gapiga mutlaqo quloq solmasligimiz vojibdir. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Aprel 2022, 10:05 | Savol-javoblar | 150 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar