Tsementga tuproq aralashtirib sotish

Assalomu alaykum! Xurmatli Ustozlar, men shafyor bo‘lib ishleman. Tsement tashiman. Bizda tsementga qo‘shadigan o‘zini tuprog‘i bor. Shundan aralashtirib sotiladi. 70% tsementga 30% tuprog‘ aralashtiriladi. U tsementni do‘konlarga etkazib beramiz. Uni raxbarimiz va sotuvchi do‘kon egalari biladi xolos. Shunda sotuvchi do‘kon egasi xaridorni aldab sotsa buni gunoxida biz ham sherik bo‘lib qolmaymizmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Sherik bo‘lasiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Unday inson mening ummatim emas” deganlar. عَنْ عَبْدِ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «أَنَا فَرَطُكُمْ عَلَى الْحَوْضِ، وَلَيُرْفَعَنَّ رِجَالٌ مِنْكُمْ ثُمَّ لَيُخْتَلَجُنَّ دُونِي فَأَقُولُ يَا رَبِّ أَصْحَابِي. فَيُقَالُ: إِنَّكَ لَا تَدْرِي مَا أَحْدَثُوا بَعْدَكَ». تَابَعَهُ عَاصِمٌ عَنْ أَبِي وَائِلٍ. وَقَالَ حُصَيْنٌ: عَنْ أَبِي وَائِلٍ، عَنْ حُذَيْفَةَ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ  Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Men sizlar uchun Havzga farat(oldindan u joyga borib turuvchi)man. Menga sizlardan bir qancha kishilar namoyon qilinib, keyin mendan nari qilinadilar. Men: «Ey Robbim, ashoblarim!» deyman. Shunda: «Ular sendan keyin nimalar qilishganini bilmaysan», deyiladi». (“Oltin silsila” kitobidan "Sahihul Buxoriy").
Alloh taolo "Mutoffifiin" surasida marhamat qiladi:  وَيْلٌ لِّلْمُطَفِّفِينَ۝ 1. Vayl bo‘lsin o‘lchovdan urib qoluvchilarga.
«Vayl» so‘zining ikki xil ma’nosi bor, biri «Voy bo‘lsin», ikkinchisi esa do‘zaxning nomlaridan biri «Vayl», ya’ni «O‘lchovdan urib qoluvchilarga Vayl do‘zaxi bo‘lsin» deganidir.
Bizningcha, ikki ma’no bir-birini to‘ldirib keladi: «Vayl»ga tushgan odamning holiga voy bo‘ladi, holiga voy bo‘lgan odam «Vayl»ga tushadi.
Demak, Islom o‘zining dastlabki kunlaridan boshlaboq, birovning haqqini haromdan eyishga qarshi qattiq urush ochgan. U o‘lchovdan oz-oz urib qoluvchilarning ham do‘zaxga tushib, holi voy bo‘lishini e’lon qilgan. Qur’oni Karim bu masalani ushbu surai karimadan boshqa suralarda ham ko‘targan. Xususan, Shua’yb alayhissalom qissasida u zotning qavmlarining eng katta aybi o‘lchovda birovning haqidan urib qolish ekani takror-takror ta’kidlangan. Har safar shu haqda so‘z ketganda, Alloh taolo o‘sha qavmni mazkur aybi uchun halok qilgani ham takrorlangan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam esa o‘z hadisi shariflarida oyati karimalarning ma’nolarini ta’kidlaganlar. Jumladan, imom Hokim va Tobaroniy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda u zot sollallohu alayhi vasallam: «O‘lchovdan urib qolmaslar. Nabototdan man qilinurlar va qahatchilik ila tutilurlar», – deganlar. Bu «O‘lchovda birovning haqidan urib qolish bilan mashg‘ul bo‘lgan qavmning yurtidan baraka ko‘tarilib, ocharchilikka duchor bo‘lurlar» deganidir.
Birinchi oyatda o‘lchovdan urib qoluvchilarga beriladigan jazo e’lon qilib bo‘linganidan so‘ng, endi keladigan oyatlarda ular mazkur qabih ishni qanday shaklda olib borishlari vasf qilinadi.  الَّذِينَ إِذَا اكْتَالُواْ عَلَى النَّاسِ يَسْتَوْفُونَ۝ وَإِذَا كَالُوهُمْ أَو وَّزَنُوهُمْ يُخْسِرُونَ۝ 2. Ular odamlardan narsa o‘lchab olsalar, to‘liq olarlar.
3. Va agar odamlarga o‘lchab yoki tortib bersalar, kamaytirarlar.
Ha, o‘lchovda urib qoluvchilar asosan olibsotar savdogarlar bo‘ladilar. Ular savdogarliklarini halollik, poklik bilan qilsalar, eng barakali kasbni qilgan bo‘lar edilar, ko‘p foyda topar edilar. Ammo ular ochko‘z, ebto‘ymas shaxslarga aylanib qolganlar. Shuning uchun savdodan tushgan foydani eb, to‘ymasdan, o‘lchovdan ham urib qolib – yalab to‘ymoqchi bo‘ladilar.
Ular kishilardan narsa o‘lchab olayotganlarida zarracha ham kamaytirmasdan, iloji bo‘lsa, bir oz ortig‘i bilan o‘lchab olishga urinadilar. O‘zlari birovga o‘lchab yoki tortib berganlarida esa kamaytirib beradilar. Ana o‘shalar shu yo‘l bilan foyda ko‘rmoqchi bo‘ladilar. Kishilarga sezdirmay, oson yo‘l bilan molu mulk kasb qilmoqchi bo‘ladilar. Ehtimol, ular bu besh kunlik dunyoda qo‘lga tushmay, qilgan jinoyatlarining jazosini tortmay, qutulib ketarlar. Ammo... أَلَا يَظُنُّ أُولَئِكَ أَنَّهُم مَّبْعُوثُونَ۝ 4. Ana shular albatta qayta tiriltirilishlarini o‘ylamaydilarmi?
Qayta tiriltirilganlarida ham... لِيَوْمٍ عَظِيمٍ۝ 5. Buyuk bir Kunda.
Qayta tiriltirilurlar. يَوْمَ يَقُومُ النَّاسُ لِرَبِّ الْعَالَمِينَ۝ 6. U Kunda odamlar olamlar Robbi huzurida tik turarlar.
Ha, barcha xaloyiq albatta qayta tiriltiriladigan kun Ulug‘ Kundir. U kunda odamlar Robbul olamiyn huzurida tik turib, bu dunyoda qilgan zarracha amallari haqida ham hisob-kitob beradilar. Ana shunda bu dunyoda o‘lchovdan urib qolganlar nima qiladilar? «Nima uchun falon kuni o‘lchov paytida Pistonchining haqidan buncha narsani urib qolding?» deb so‘ralsa, nima deb javob berishlarini o‘ylab ko‘rmaydilarmi?! Ana o‘shanda vayl – do‘zaxga tushib, hollariga voy bo‘lishini o‘ylab ko‘rmaydilarmi?!
Yuqoridagi oyatlarda savdoda kishilar haqidan urib qoluvchi firibgarlar haqida so‘z yuritildi. Tarozimi, metrmi yoki boshqacha o‘lchovmi – baribir, ular kishilardan narsa olayotganlarida to‘liq, balki ortiqcha oladilar, ammo xaridorlarga o‘lchab berayotganda kam beradilar. Ular bu ishni qiyomatdan qo‘rqmaganlaridan qiladilar. Shuning uchun ham kelasi oyatlarda ish ular o‘ylaganlaridek emas, balki boshqacha bo‘lishi, har bir narsaning aniq hisob-kitobi borligi bayon qilinadi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

4 May 2022, 06:37 | Savol-javoblar | 192 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar