Xoshimiy(sayyid)lar zakot olmasligi

Assalomu alaykum! Qarindoshim so‘rab bering deyishgandi. Savolim zakot to‘g‘risida. Xo‘jayinim o‘tgan yili nasablari to‘ralardan bo‘lgan kishiga zakot berishganidi. Keyin Xoshimiy avlodlariga zakot berish mumkin emasligini o‘qib, bu xaqida aytdim. Xo‘jayinim aytdilarki, man bu xaqida o‘qib o‘rgandim. Berish mumkin ekan deyishdi. O‘sha paytlarda Xoshimiylar Baytul molga tushgan zakotdan o‘z ulushlarini olishgan, shuning uchun boshqa zakot olishmagan, xozirda ular qiynalgan xolda, olishlari mumkin ekan deyishdi. Iltimos, Xoshimiy avlodlarga nimaga zakot olish mumkin emasligini tushuntirib bersangizlar. Zakot berishda adashmasligimiz uchun. 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Asl hukm siz aytgan gap. Ba’zi ulamolar eringiz aytgan gapga fatvo berishgan. عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ الْحَارِثِ الْهَاشِمِيِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ وَسَاقَ حَدِيثِاً حَتَّى قَالَ: إِنَّ هَذِهِ الصَّدَقَاتِ إِنَّمَا هِيَ أَوْسَاخُ النَّاسِ، وَإِنَّهَا لَا تَحِلُّ لِمُحَمَّدٍ وَلَا لِآلِ مُحَمَّدٍ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالنَّسَائِيُّ  «Abdulloh ibn Horis al-Hoshimiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan uzun hadisda, jumladan:
«Albatta, ushbu sadaqalar odamlarning kiridan zga narsa emas. Albatta, ular Muhammadga ham, Muhammadning oli baytiga ham halol bo‘lmaydi», deyilgan.
Muslim va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Sharh: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga va u zoti bobarakotning oli baytlariga sadaqa va zakotlarning halol bo‘lmasligining hikmati shu. عَنْ أَبِي رَافِعٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بَعَثَ رَجُلًا عَلَى الصَّدَقَةِ مِنْ بَنِي مَخْزُومٍ، فَقَالَ لِأَبِي رَافِعٍ: اصْحَبْنِي فَإِنَّكَ تُصِيبُ مِنْهَا، قَالَ: حَتَّى آتِيَ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَأَسْأَلَهُ، فَأَتَاهُ فَسَأَلَهُ، فَقَالَ: مَوْلَى الْقَوْمِ مِنْ أَنْفُسِهِمْ، وَإِنَّا لَا تَحِلُّ لَنَا الصَّدَقَةُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ وَصَحَّحَهُ  Abu Rofe’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Bani Maxzumdan bir kishini zakot to‘plagani yubordilar. Bas, u Abu Rofe’ga «Men bilan birga yur, senga, u(zakot)dan nasiba bor», dedi. U «Oldin Nabiy sollallohu alayhi vasallamga borib, u zotdan so‘rab olay», dedi va borib so‘radi. Bas, u zot:
«Bir qavmning mavlosi ulardandir. Albatta, bizga sadaqa halol emas», dedilar».
Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar va Termiziy sahih, degan.
Sharh: «Mavlo» – ozod qilingan qul. Abu Rofe’ ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning mavlolaridan edi. Shuning uchun ham unga sadaqa halol bo‘lmaydi.
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oli baytlari kim?» deyilganda Shofe’iy mazhabi «Bani Hoshim va Bani Muttaliblar», deydi.
Abu Hanifa va Moliklar esa «Faqat Bani Hoshimdir. Bani Hoshim esa Alining, Aqiylning, Ja’farning, Abbosning, Horisning avlodlaridir», deganlar.
Bu hukmda katta hikmat bor. Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘zlari ham sadaqa olmasliklari, oli baytlariga ham sadaqa olishga ruxsat bermasliklari bilan nafslarini pokiza tutib, iffatli holda turishda boshqalarga o‘rnak bo‘lishni iroda qilganlar. Nima bo‘lganda ham, kishilarning sadaqasini olganlar ularning minnatlariga ham qoladilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarini ham, oli baytlarini ham ana shunday minnatga qolishlarini xohlamaganlar.
Ikkinchidan, agar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlari sadaqa olsalar va oli baytlariga sadaqa olishga ruxsat bersalar, turli-tuman nohaq gumon va gap-so‘zlar kelib chiqishi mumkin edi. Ba’zi bir og‘ziga kuchi etmagan, Xudodan umidi yo‘qlar «Payg‘ambar zakot va ixtiyoriy sadaqalarni o‘zi va oli baytining manfaatini ko‘zlab, shariatga kiritgan», deyishlari ham mumkin edi. ("Hadis va Hayot" kitobidan).
Vallohu a’lam!

4 May 2022, 17:52 | Savol-javoblar | 169 | Zakot
|
Boshqa savol-javoblar