Erni namozga boshlash

Assalomu alaykum! To‘yimizga 8 yildan oshdi, lekin turmush o‘rtog‘im namoz ham o‘qimaydilar, ro‘za ham tutmaydilar. Har xil da’vatlar, targ‘iblar qilib ko‘rdim, foydasiz. Hatto aytishlaricha "hamma dinni o‘ziga to‘g‘rilab oladi" emish. Shayximiz va boshqa ilmli kishilarni ko‘p g‘iybat qiladilar, ochiqchasiga yoqtirmaydilar (Astag‘firulloh). Ularga har qanaqasiga tushuntirib ko‘rdim, lekin hech sababini bilolmayman. Har namozlarimda Allohdan erimning qalbini ochishini so‘rab, duo qilaman. Uyimizdagi hech qaysi erkak ro‘za tutmaydi, namoz ham o‘qimaydi. Men ishlayman, ro‘za tutganimda ishdan kelib biroz dam olib keyin iftorlik uchun ovqat qilaman deyman. Lekin men bilan baravar erkaklar ham kelishadi, ovqat tayyorlashimni aytishadi va menga ular uchun tushlik tayyorlash, choy damlash juda malol keladi. Hatto erim uchun ham. Oilamizda taqvo ham, Islomni qadrlash, ro‘zani ulug‘lash kabi tushunchalar yo‘q. Men faqat erimning o‘zi bo‘lsa ham taqvoli, namozxon bo‘lishlarini juda xohlayman. Ularni qanday qilib Islomga qaytarishim, namoz va ro‘zaga o‘rgatishim mumkin? Iltimos shu masalada menga yordam bersangiz. Alloh sizdan rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Inson nasihat qilmoqchi bo‘lgan barcha kishilarning oldida suyukli bo‘lishi kerak. O‘zgalarga nasihat qiladigan, ta’lim beradigan va ularni aytgan gaplariga amal qilishini xohlaydigan inson avvalo yaxshi ilmga ega bo‘lishi kerak. Har bir bilgan narsasiga amal qilishga harakat qilishi kerak. Eng muhimi ularga yaxshi gapirib, muhabbatini qozona olishi kerak. Chunki hikmatlarda “Kimni yaxshi ko‘rsang uni har bir so‘zi va amallari senga chiroyli bo‘lib ko‘rinaveradi” deyilgan. Qolaversa banda Alloh bilan o‘zining o‘rtasini isloh qilsa Alloh u bilan boshqa bandalar orasini ham isloh qilib qo‘yadi. Buning uchun biroz vaqt ham kerak bo‘ladi. Surunkali kasallik davolanishi qiyin va uzoq muddat talab qilganidek gunohlar ham surunkali bo‘lib qoladi, tark qilishi uchun uzoqroq muddat kerak bo‘ladi. Buning uchun yonidagi tabiblik vazifasini bajarayotganlar biroz sabr qilishlar kerak bo‘ladi. Oddiy kasallikni davolash uchun tabobatdan ilm va tajriba zarur bo‘lganidek, gunoh kasalini davolamoqchi bo‘lganlarda ham davolash ilmi va tajribasi bo‘lishi kerak. Aks holda qo‘pollik qilib, gunoh kasalligini zo‘raytirib yuborish mumkin. Siz ilm o‘qing. Vallohu a’lam!

5 May 2022, 12:02 | Savol-javoblar | 151 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar