Solih amallarga Allohning hidoyati

Assalomu alaykum! “Alloh hidoyati bois solih amallarni ado etamiz” kabi jumlalarni ko‘p eshitaman. Alloh hidoyat qilmagani uchun solih amal qilmaydilar deyishadi. Bundan shunday hulosa kelib chiqadi: demak, solih amallarni bajarmaydiganlar gunohkor bo‘lmas ekanda? Chunki ularni Alloh hidoyat qilmagan-ku. Shu savol meni anchadan buyon qiynayapti.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Ha, Alloh ularni hidoyat qilmagan bo‘ladi. Sababi Alloh ularga hidoyat yo‘lini ko‘rsatsa undan bosh tortishadi. Bu xuddi uyiga ko‘p mehmon keladigan inson bilan mehmon qadamini uzgan xonadonga o‘xshaydi. Chunki avvalgisi kelgan mehmonni izzat ikrom qiladi va mehmon kelishda bardavom bo‘ladi. Ikkinchisi esa kelgan mehmonni qabul qilmaydi, izzat-ikrom qilmaydi, undan yuz o‘giradi so‘ng mehmonlar ham undan yuz o‘girishadi. Ularnikiga mehmonni kelmasligi mehmon xohlamaganaligidan emas mezbon mehmondan yuz o‘girgani uchundir. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: كُلُّ أُمَّتِي يَدْخُلُونَ الْجَنَّةَ إِلَّا مَنْ أَبَى قَالُوا: يَا رَسُولَ اللهِ وَمَنْ يَأْبَى؟ قَالَ: مَنْ أَطَاعَنِي دَخَلَ الْجَنَّةَ وَمَنْ عَصَانِي فَقَدْ أَبَى. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Ummatimning barchasi jannatga kirar, lekin bosh tortganlargina kirmas», dedilar.
«Ey Allohning Rasuli, kim bosh tortadi?» deyishdi.
«Kim menga itoat qilsa, jannatga kiradi, kim menga osiy bo‘lsa, bosh tortgan bo‘ladi», dedilar».
Buxoriy rivoyat qilgan.
Sharh: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam musulmon odamning jannatga kirishi uning u zotga itoat qilishiga bog‘liq ekanligini ta’kidlamoqdalar.
«Ummatimning barchasi jannatga kirar, bosh tortganlarigina kirmas».
Ya’ni «Ummatimning kirishdan bosh tortganlaridan boshqa hammasi, albatta, jannatga kiradi», demoqdalar. Bundan ajablangan sahobalar:
«Ey Allohning Rasuli, kim bosh tortadi? Jannatga kirishdan bosh tortgan odam ham bo‘ladimi», deyishdi. Bu savolga javoban, u zot sollallohu alayhi vasallam:
«Kim menga itoat qilsa, jannatga kiradi, kim menga osiy bo‘lsa, bosh tortgan bo‘ladi», dedilar.
Ya’ni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga itoatdan bosh tortish jannatga kirishdan bosh tortishga barobardir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga itoat qilish u zotning Sunnatlarini mahkam tutish bilan bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlariga amal qilmagan odam esa u zotga osiy bo‘ladi. Demak, xulosa aniq:
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlariga itoat qilgan kishi jannatni topadi!
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlariga osiylik qilgan kishi do‘zaxni topadi! ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

6 May 2022, 01:17 | Savol-javoblar | 153 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar