Etim haqqiga tajovuz

Assalomu alaykum! Ustozlar, meni turmush o‘rtog‘im avto avariyada vafot etganlar. Hozirda 1ta farzandim bor. Erimni uyidagilaridan juda xafa bo‘lganman. Bolaniyam unitib narsa talashib urishishgan va hamma narsalarni olib qo‘yishgan. Sizlardan iltimos ularni shunday qilib etim haqqiga tajovuz qilishlarining hukmini aytib beringlar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Niso” surasida marhamat qiladi: إِنَّ الَّذِينَ يَأْكُلُونَ أَمْوَالَ الْيَتَامَى ظُلْمًا إِنَّمَا يَأْكُلُونَ فِي بُطُونِهِمْ نَارًا وَسَيَصْلَوْنَ سَعِيرًا۝ 10. Albatta, etimlarning mollarini zulm ila eydiganlar qorinlariga o‘t-olovni eydilar, xolos. Va shubhasiz, lovullagan do‘zaxga kirib, kuyurlar. Oyati karimaning uslubi g‘oyatda ta’sirchan ekanligi ko‘rinib turibdi. Avvalo, kim etimlarning mollarini zulm ila esa, qorinlaridagi u narsa qiyomatda olovga aylanadi. «Albatta, etimlarning mollarini zulm ila eydiganlar qorinlariga o‘t-olovni eydilar, xolos». So‘ngra shu holda – qorinlaridagi olov alangalangan holda do‘zaxga kiradilar. «Va shubhasiz, lovullagan do‘zaxga kirib, kuyurlar». Do‘zax alangasi ham avj olib turadi. Demak, etimning molini nohaq egan odam ichiyu tashidan olov azobiga giriftor qilinadi. Naqadar dahshatli hol! Naqadar alamli! Bu oyati karimada kelgan ma’noni ta’kidlovchi, sharhlovchi ko‘pgina hadisi shariflar bor. Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda u zot: – Halok etuvchi etti narsadan chetda bo‘linglar, – dedilar. – Ular nimalar, ey Allohning Rasuli? – deb so‘raldi. U zot: – Allohga shirk keltirish, sehrgarlik, Alloh man qilgan jonni o‘ldirish, riboxo‘rlik, etimning molini eyish, urush kuni qochish, mo‘mina, pokiza ayollarni zinoda tuhmat qilish, – deb javob berdilar. Mashhur tafsirchilardan Suddiy: «Etimning molini egan odam qiyomat kuni og‘zidan, quloqlaridan, burnidan va ko‘zlaridan olov chiqib turgan holda tiriltiriladi. Har bir ko‘rgan odam uning etimning molini eganligini bilib oladi», – deganlar. Ibn Murdavayhi Abu Barzodan rivoyat qilgan hadisda u zot: – Qiyomat kuni bir qavmlar og‘izlaridan olov purkalib turgan holda tiriltiriladilar, – dedilar. Odamlar: – Ey Allohning Rasuli, ular kimlar? – deb so‘rashdi. U zot: – Alloh taoloning «Albatta, etimlarning mollarini zulm ila eydiganlar qorinlariga olovni eydilar, xolos», deganini bilmaysanmi? – dedilar. Imom ibn Moja Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: «Ikki zaifning – ayolning va etimning molidan uzoq bo‘lishingizni vasiyat qilaman», – deganlar. Albatta, bu ta’limotlar musulmonlarga o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Ularni qattiq larzaga solgan. Ular etimlarning moliga yaqin kelishdan ham qo‘rqib qolganlar. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu bu haqda quyidagilarni aytgan: «Albatta, etimlarning mollarini zulm ila eydiganlar...» oyati nozil bo‘lganida, etimlarni o‘z otalig‘iga olganlar borib, o‘z taomini ularning taomidan, ichimligini ichimligidan ajratib qo‘ydi. Ortib qolgan taomlar ham to etim o‘zi eguncha yoki aynib qolguncha turadigan bo‘ldi. Etimlarni otaliqqa olganlarga mashaqqat tug‘ildi. Bu hol Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga aytilgan edi, Alloh taolo «Sendan etimlar haqida so‘raydilar...» oyatini nozil qildi». Kelasi oyatlarda esa meros haqidagi masalalar davom etadi: يُوصِيكُمُ اللّهُ فِي أَوْلاَدِكُمْ لِلذَّكَرِ مِثْلُ حَظِّ الأُنثَيَيْنِ فَإِن كُنَّ نِسَاء فَوْقَ اثْنَتَيْنِ فَلَهُنَّ ثُلُثَا مَا تَرَكَ وَإِن كَانَتْ وَاحِدَةً فَلَهَا النِّصْفُ وَلأَبَوَيْهِ لِكُلِّ وَاحِدٍ مِّنْهُمَا السُّدُسُ مِمَّا تَرَكَ إِن كَانَ لَهُ وَلَدٌ فَإِن لَّمْ يَكُن لَّهُ وَلَدٌ وَوَرِثَهُ أَبَوَاهُ فَلأُمِّهِ الثُّلُثُ فَإِن كَانَ لَهُ إِخْوَةٌ فَلأُمِّهِ السُّدُسُ مِن بَعْدِ وَصِيَّةٍ يُوصِي بِهَا أَوْ دَيْنٍ آبَآؤُكُمْ وَأَبناؤُكُمْ لاَ تَدْرُونَ أَيُّهُمْ أَقْرَبُ لَكُمْ نَفْعاً فَرِيضَةً مِّنَ اللّهِ إِنَّ اللّهَ كَانَ عَلِيما حَكِيمًا۝ 11. Alloh sizga farzandlaringiz haqida tavsiya qiladir: bir o‘g‘ilga ikki qiz ulushichadir. Agar ayollar ikkitadan ko‘p bo‘lsalar, ularga u (marhum) qoldirgan narsaning uchdan ikkisi. Agar bitta ayol bo‘lsa, unga yarmi. Agar farzandi bo‘lsa, u qoldirgan narsadan ota-onasining har biriga oltidan bir. Agar farzandi bo‘lmay, unga ota-onasi merosxo‘r bo‘lsa, onasiga uchdan bir. Agar aka-ukalari bo‘lsa, onasiga oltidan bir. U qilgan vasiyat yoki qarz(ado etilgani)dan so‘ng. Ota-onalaringiz va farzandlaringizdan qaysi birlari sizga manfaatliroq ekanini bilmaysizlar. (Bu) Alloh tomonidan farz qilingandir. Albatta, Alloh o‘ta biluvchidir, o‘ta hikmatlidir. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Aprel 2022, 12:00 | Savol-javoblar | 153 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar