Bomdod farzidan keyin sunnat o‘qish

Assalomu alaykum! Jamoat bo‘lib o‘qilayotgan bomdod nomozining farziga ulgurgan odam, xali bomdod vaqti etarlicha bo‘lsayu jamoatga qo‘shilmay, yolg‘iz xolda oldin sunnatini keyin farzini ado qilsa, jamoat bilan o‘qilgan farz ma’qul bo‘ladimi yoki jamoatga qo‘shilmay o‘qilgan sunnat va farz ma’qul bo‘ladimi? Agar bu kechikganlar soni 2-3 kishini tashkil qilib o‘zlari jamoat bo‘lib o‘qishlikning imkoniyati bo‘lsachi?!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Bamdodning farzidan bir rak’atini topadigan miqdor oldin kelgan bo‘lsa sunnatini o‘qiydi. Agar unday miqdor bo‘lmasa jamoatga qo‘shiladi. Jamoatdan keyin sunnati o‘qilmaydi. وَلِلتِّرْمِذِيِّ: مَنْ لَمْ يُصَلِّ رَكْعَتَيِ الْفَجْرِ فَلْيُصَلِّهِمَا بَعْدَ مَا تَطْلُعُ الشَّمْسُ  Termiziy keltirgan rivoyatda:
«Kim fajrning ikki rak’at (sunnat)ini o‘qimagan bo‘lsa, ularni quyosh chiqqanidan keyin o‘qib olsin», deyilgan.
Sharh: Chunki Bomdodning farzidan keyin quyosh chiqqunicha namoz o‘qib bo‘lmaydi.
Ushbu hadislarga suyanib, Imom Ahmad va Imom Shofe’iy mazhablarida sunnat namozlar qazo qilib o‘qiladi.
Hanafiy va Molikiy mazhablari ulamolari esa «Bomdodning ikki rak’at sunnatidan boshqa hech bir sunnat namozi qazo qilib o‘qilmaydi», deydilar.
Ilova tarzida aytmoqchimizki, biz o‘rgangan hadisi shariflardagi sunnat namozlarining qazolari o‘sha namoz o‘qilmay qolgan kunning o‘zida o‘qilmoqda. Bu erda haftalab, oylab, yillab o‘qilmay yurgan namozlar haqida gap yo‘q. Chunki musulmon jamiyatida bu ish bo‘lmagan. Har kim namozini o‘z vaqtida o‘qigan. Agar qazo, deb aytish mumkin bo‘lsa, ba’zi sunnat namozlar farzdan keyinga qolgan yoki o‘z vaqtidan bir oz kech qolgan, xolos. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Bu ma’nodagi qazoga Hanafiy va Molikiy mazhablari ham qo‘shiladilar. Qazo qilinmaydigan sunnat namoz esa ko‘plab o‘qilmagan sunnatlardir. Shuning uchun bu masalada ehtiyot bo‘lib, nozik farqni tushunish lozim. عن أبي هريرة قال قال رسول الله صلى الله عليه وسلم من لم يصل ركعتي الفجر فليصلهما بعد ما تطلع الشمس قال أبو عيسى هذا حديث لا نعرفه إلا من هذا الوجه وقد روي عن ابن عمر أنه فعله والعمل على هذا عند بعض أهل العلم وبه يقول سفيان الثوري وابن المبارك والشافعي وأحمد وإسحق Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:  
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Kim bamdodning sunnatini o‘qimagan bo‘lsa quyosh chiqqanidan keyin o‘qisin” dedilar. Vallohu a’lam!

21 Aprel 2022, 12:09 | Savol-javoblar | 200 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar