Yolg‘onchi dorbozlar haqida

Assalomu alaykum! Shu kunlarda youtube da yangi video tarqaldi. U darbozlar haqida, ular tahminan 13 yoshli qiz bilan tirikchilik uchun firibgarlik qilishmoqda. Bu ishlari kamdek Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar, “Kimni uyiga dor kelsa 40 yilgacha Alloh fayzu baraka beradi” deb hadislar dalil qilishyapti. Shunday hadis bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Dorvozlik qilishi harom yoki gunohi kabira deyolmaymiz. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida yolg‘on to‘qishlari o‘ta og‘ir gunoh. Kim bo‘lsang ham mard bo‘lgin ekan, gunoh qilsang tan olib gunoh qil, tirikchilik qilsang borini aytib tirikchilik qil. Xalqning ichida obro‘ topaman deb, ko‘proq uzatsin deb Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytmagan gaplarini aytdi deyish yoki to‘qima hadislarni surishtirmasdan odamlar qulog‘iga yoqimli bo‘lgani uchun yoki ko‘proq pul berishlariga sabab bo‘lgani uchun gapirish bu o‘ta og‘ir jinoyatdan. Undaylar haqida “Sahihul Buxoriy” kitobida quyidagicha keladi: NABIY SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMGA NISBATAN
YoLG‘ON TO‘QIGAN KIShINING GUNOHI HAQIDA
   سَمِعْتُ عَلِيًّا رَضِي اللهُ عَنْهُ يَقُولُ: قَالَ النَّبِيُّ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لَا تَكْذِبُوا عَلَيَّ، فَإِنَّهُ مَنْ كَذَبَ عَلَيَّ فَلْيَلِجِ النَّارَ Aliy roziyallohu anhu aytadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Menga yolg‘on to‘qimanglar. Kim menga nisbatan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxga kiraversin!» dedilar». عَنْ عَامِرِ بْنِ عَبْدِ اللهِ بْنِ الزُّبَيْرِ، عَنْ أَبِيهِ قَالَ: قُلْتُ لِلزُّبَيْرِ: إِنِّي لَا أَسْمَعُكَ تُحَدِّثُ عَنْ رَسُولِ اللهِ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَمَا يُحَدِّثُ فُلَانٌ وَفُلَانٌ. قَالَ: أَمَا إِنِّي لَمْ أُفَارِقْهُ وَلَكِنْ سَمِعْتُهُ يَقُولُ:  مَنْ كَذَبَ عَلَيَّ فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ  Omir ibn Abdulloh ibn Zubayr otasidan rivoyat qiladi:
«Men Zubayr roziyallohu anhuga: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan falonchi va falonchilar hadis aytgani kabi hadis aytganingizni hech eshitmayman-a?» dedim. U: «Men u zotdan sira ajralmaganman, biroq u zotning «Kim menga nisbatan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdan joyini olaversin!» deganlarini ham eshitganman», dedi».قَالَ أَنَسٌ رَضِي اللهُ عَنْهُ: إِنَّهُ لَيَمْنَعُنِي أَنْ أُحَدِّثَكُمْ حَدِيثًا كَثِيرًا، أَنَّ النَّبِيَّ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ تَعَمَّدَ عَلَيَّ كَذِبًا فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ  Anas roziyallohu anhu aytadi:
«Meni sizlarga ko‘p hadis aytishdan faqatgina Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Kim menga nisbatan qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdan joyini olaversin», deganlari to‘sadi», dedi». عَنْ سَلَمَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ النَّبِيَّ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: مَنْ يَقُلْ عَلَيَّ مَا لَمْ أَقُلْ فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ Salama roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Kim men aytmagan narsani meni aytdi desa, do‘zaxdan joyini olaversin», deganlarini eshitganman». عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: تَسَمَّوْا بِاسْمِي وَلَا تَكْتَنُوا بِكُنْيَتِي، وَمَنْ رَآنِي فِي الْمَنَامِ فَقَدْ رَآنِي، فَإِنَّ الشَّيْطَانَ لَا يَتَمَثَّلُ فِي صُورَتِي، وَمَنْ كَذَبَ عَلَيَّ مُتَعَمِّدًا فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ismim bilan nomlanavering, kunyam bilan kunyalanmang.* Kim meni tushida ko‘rsa, aniq meni ko‘ribdi, chunki shayton mening qiyofamga kira olmaydi. Kim menga nisbatan qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdan joyini olaversin!» dedilar». Vallohu a’lam!

6 May 2022, 19:53 | Savol-javoblar | 144 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar