Peniyaga olingan mol

Assalomu alaykum! Uyimizda eski rusumli tikish mashinasi bor. Uni qaynotam (20 yildan ortiqroq yil avval anig‘ini bilmiman) peniyaga pul beradigan paytida bir mijoz foiz pulini berolmay o‘rniga bergan ekan. Shu mashinani nima qilishim kerak? Egasini topib beray desam xo‘jayinim ko‘nmadi. Qaynotam olamdan o‘tganlar. Javobingiz uchun oldindan Rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Egasini topib berish shart. Eringiz otasini jannatga kirishdan to‘xtatib qolayotganini bilsin. Qanday farzandki bir matoxni deb otani jannatga kirishdan to‘ssa. U mol qaynotangizni qarzi hisoblanadi. وَلِلنَّسَائِيِّ:  وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ لَوْ أَنَّ رَجُلًا قُتِلَ فِي سَبِيلِ اللهِ ثُمَّ أُحْيِيَ، ثُمَّ قُتِلَ ثُمَّ أُحْيِيَ، ثُمَّ قُتِلَ وَعَلَيْهِ دَيْنٌ مَا دَخَلَ الْجَنَّةَ حَتَّى يُقْضَى عَنْهُ دَيْنُهُ Nasoiy qilgan rivoyatda:
«Mening jonim qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, agar bir kishi Allohning yo‘lida qatl qilinsa, so‘ng tiriltirilsa, yana qatl qilinsa va tiriltirilsa, so‘ng yana qatl qilinsa-yu, uning zimmasida qarzi bo‘lsa, qarzi ado etilmaguncha jannatga kirmas», deyilgan.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qasam ichib turib aytishlari ham bu ishning qanchalik ahamiyatli ekanini ko‘rsatadi.
Alloh taoloning yo‘lida shahid bo‘lish qanchalik ulug‘ maqom! Shahid uchun jannat eshiklari doimo katta ochiq. Lekin qarz ishi nihoyatda og‘ir. Agar inson Allohning yo‘lida bir emas, uch marta shahid bo‘lsa ham, qarzini ado qilmagan bo‘lsa, jannatga kira olmaydi. Unday odamning jannatga kirishi olgan qarzining uzilishiga bog‘liq bo‘lib qoladi. Qarzi uzilsa, jannatga kiradi, bo‘lmasa yo‘q.
Chunki qarz, qayta-qayta ta’kidlanganidek, bandaning haqi, bu haqni faqat o‘z egasi kechadi. Alloh taolo kechmaydi. Qarz olib, uni uzmay yurganlar bu haqiqatni yaxshilab anglab olmoqlari lozim.عَنْ سَمُرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ صَلَّى الْفَجْرَ فَقَالَ: هَاهُنَا مِنْ بَنِي فُلَانٍ أَحَدٌ؟ ثَلَاثًا، فَقَالَ رَجُلٌ: أَنَا، قَالَ: فَقَالَ: إِنَّ صَاحِبَكُمْ مَحْبُوسٌ عَنِ الْجَنَّةِ بِدَيْنِهِ. رَوَاهُ أَحْمَدُ Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Bomdodni o‘qib bo‘lib, uch marta: «Bu erda Banu Fulondan kim bor?» dedilar. Bir kishi: «Men», dedi. Sohibingiz qarzi tufayli jannatdan to‘silib turibdi», dedilar».
Ahmad rivoyat qilgan. (“Qarz” kitobidan). Vallohu a’lam!

6 May 2022, 20:15 | Savol-javoblar | 151 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar