G‘ayridin o‘lsa haqiga duo qilish

Assalomu alaykum! D. Marodanna vafot etdi. Ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqalgach, post ostida turli izohlarni uchratdim. Oxirati obod bo‘lsin, joylari jannatda bo‘lsin, Alloh rahmatiga olsin va hokazo. Ammo uning musulmon bo‘lganligi haqida umuman ma’lumot yo‘q. Savolim e’tiqod masalasida musulmon bo‘lmagan kishini oxirati obod bo‘lsin, joylari jannatda bo‘lsin, Alloh rahmatiga olsin kabi duolar qilish mumkinmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Mumkin emas. Alloh taolo "Tavba" surasida marhamat qiladi:  وَلاَ تُصَلِّ عَلَى أَحَدٍ مِّنْهُم مَّاتَ أَبَدًا وَلاَ تَقُمْ عَلَىَ قَبْرِهِ إِنَّهُمْ كَفَرُواْ بِاللّهِ وَرَسُولِهِ وَمَاتُواْ وَهُمْ فَاسِقُونَ۝  84. Va hech qachon ulardan o‘lgan birortasiga ham (janoza) namoz o‘qima, qabri ustida turma. Chunki ular Allohga va Uning Rasuliga kufr keltirdilar hamda fosiq hollarida o‘ldilar.
Tavba qilmasdan, fosiq – dindan chiqqan holida, munofiqlik holida, ya’ni Allohga va Uning Rasuliga kufr keltirgan holatda o‘lganlarga nisbatan ana shunday munosabatda bo‘lish kerak. Chunki janoza namozini o‘qish, qabri ustida turish o‘lgan uchun katta hurmat va e’zozdir. Bu ulkan hurmat va e’zozni haqdor kishilarga qilish kerak. Munofiq va fosiqlar bunga loyiq emas. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

6 May 2022, 22:05 | Savol-javoblar | 194 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar