RASULULLOX SAV YoKI AVLIYoLARNING XURMATINI VASILA KILIB DUO KILISh

Assalomu alaykum muxtaram ustoz! Kadrli shayx xazratlari! Sizga juda xam muxim savol bilan murojaat kilmokdaman. Savolimda kutarilgan masala ixtilofli masalalardan biri xisoblanadi. Mazkur masalada men dalillarni izlab, etarlicha ma’lumot ololmadim. Imomlarimizdan xam etarlicha ma’lumot ololmadim. Bu masalada bir tuxtamga kela olmayapman. Sizdan iltimos, bu masalaga oydinlik kiritib bersangiz. Rasulullox s.a.v va avliyolarning xakki-xurmatini vosita kilib duo kilish musulmonlar ichida uchrab turadi. Yakinda mana shu mavzudagi dalillarga duch keldim. Usha dalillarni keltiraman:" 1) O‘liklardan duo talab qilish joiz emas:Chunki, o‘lik odam hayotlik paytida qodir bo‘lgandek duo qilishga qodir emas. O‘liklardan shafoat so‘rash mumkin emas. Umar ibn Xattob, Muoviya ibn Abi Sufyon va ularning huzurlarida bo‘lgan boshqa sahobalar ham, ularga yaxshilik bilan ergashgan kishilar (tobiinlar) ham qurg‘oqchilik paytlarida Abbos, Yazid ibn Asvad kabi tirik kishilarni tavassul qilib duo qilardilar, ular Nabiy sollallohu alayhi va sallamning qabrlari oldida ham, qabrlaridan boshqa joyda ham u zot bilan tavassul qilib, yomg‘ir so‘rab duo qilmaganlar, balki u zotning o‘rinlariga Abbos va Yazid kabi kishilarni vosita qilganlar. Umar roziyallohu anhu duo qilib aytardilar: «Ey Parvardigor! Biz Senga payg‘ambarimizni vosita qilib so‘rardik, shunda Sen bizga yomg‘ir yog‘dirarding. Mana endi payg‘ambarimizning amakilarini vosita qilib so‘raymiz, bizlarga yomg‘ir yog‘dirgin». Ular shar’iy yo‘sinda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan tavassul qilish imkoni qolmagani uchun ham shunday qilganlar. Yo‘qsa, agar joiz bo‘lsa edi, Nabiy sollallohu alayhi va sallamning qabrlariga borib, u zotni vosita qilishga bemalol imkonlari bor edi.[Majmu’ul fatovo (1/318,319)] Bunday qilmaganliklari o‘liklarni na duolari bilan, na shafoatlari bilan vosita qilishning joiz emasligiga dalil bo‘ladi. Agar u zoti sharifdan vafotlaridan keyin ham xuddi tirikliklarida bo‘lganidek duo va shafoat so‘rash bir xilda mumkin bo‘lsa edi, u zotni qo‘yib boshqalarga aslo murojaat qilmagan bo‘lardilar. 2) Nabiy sollallohu alayhi va sallamning haqqi-hurmatlarini yoki boshqa birovning haqqi-hurmatini vosita qilish joiz emas:«Agar Allohdan so‘rasangizlar, mening johim (hurmatim)ni vosita qilib so‘ranglar, chunki Allohning huzurida mening johim buyukdir» deyilgan hadis yolg‘on to‘qima hadisdir. U musulmonlar e’timod qiladigan biron kitobda kelmagan, hadis ilmi olimlaridan birontasi zikr qilmagan.[Majmu’ul fatovo (10/319)] Modomiki bir ishning dalili sahih bo‘lmas ekan, uni qilish joiz bo‘lmaydi. Chunki ibodatlar faqat sahih va ochiq dalillar bilangina sobit bo‘ladi."Yukoridagi rivoyat va dalillarda yukoridagi kabi vosita kilib duo kilish man’ etilmokda. Sizdan iltimos mana shu masalada saxobalarning va turt mazxab ulamolarining tutgan yullari kanday? Ular bu masalada kanday fatvo berishadi? Javobingiz uchun tashakkur!Umidjon Tursinov
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Sizga bir necha erlarda takror-takror keltirilgan bir maqolamni yana bir bor, siz uchun alohida, qayta taqdim qilishga ijozat bergaysiz.Savolda ko‘tarilgan masala tavvasul yoki vasiyla masalasi deb aytiladi. Duo qilishda boshqani vasiyla qilish. Ahli sunna val jamoa mazhabida bu ish joiz. Ya’ni, bir odamning duosi qabul bo‘lmay qolsa, biror solih amalinimi yoki shaxsnimi vasiyla qilib duo qilish.Usmon ibn Haniyf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir ko‘zi ojiz kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:«Allohga duo qiling, menga ofiyat bersin», dedi.«Xohlasang duo qilaman. Xohlasang sabr qil. Bu sen uchun yaxshidir», dedilar».«Duo qiling», dedi.Bas, uni yaxshilab tahorat qilmoqqa va ushbu duoni o‘qishlikka amr qildilar: «Allohim! Albatta, men Payg‘ambarning, Muhammad – rahmat Payg‘ambari ila Sendan so‘rayman va Senga yuzlanaman. Ey Muhammad! Albatta, men sen ila Robbimga ushbu hojatim yuzasidan uni chiqsin deya yuzlandim. Allohim! Uning mening haqimda shafoatini qabul qil».Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilishgan.Boshqa rivoyatda «Bas, ko‘zi ochilgan holda qaytib ketdi» deyilgan.Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning duolari doimo qabul bo‘lishidan ba’zi kishilar o‘z foydalari uchun duo so‘rashib turar edilar. Buning misollari juda ham ko‘p. Ko‘proq sahobai kiromlar tomonida oxirat saodati haqida duo so‘ragani ham ma’lum va mashhur. Ushbu hadisda esa, ko‘zi ojiz kishi ko‘zi ochilishi haqida duo qilishni so‘ramoqda. Aftidan u kishining ko‘zi davolashga loyiq emas darajada ojiz bo‘lgan bo‘lsa kerak. Bo‘lmasa, Payg‘ambar alayhissalom doimo bemorlikni davolashga amr qilganlar. Ammo, bu kishiga u haqda so‘z ochmaganlaridan, uning ko‘zi qattiqroq bemorlikka uchragan bo‘lsa kerak.Ushbu hadisdan olinadiga foydalar:1. Ahli fazl shaxsdan bemorlikkka ofiyat bo‘lishi uchun duo so‘rash joizligi.2. Birovning dardiga ofiyat so‘rab duo qilish yaxshi ish ekanligi.3. Ko‘zi ojiz bo‘lib, davo topa olmagan inson sabr qilsa, katta ajrlarga, hatto ko‘zi ochilgandan ham yuqoriroq darajaga erishishi.4. Duo so‘ragan kishini ikki narsadan birini: duo qilish yoki duo qilmaslikni tanlashga taklif qilish joizligi.5. Duo qilishdan oldin yaxshilab tahorat qilib olmoq ahamiyatli ekani.6. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni vasiyla, shafoatchi qilib duo qilish mumkinligi.Ushbu hadisni bu faslda keltirish ila tavassul joiz ekaniga hujjat va dalil keltirilmoqda. Duoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Alloh taoloning O‘ziga qilavermasdan oraga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shafoatchi etaroq duo qilish tavsiya etilganiga ishora qilinmoqda. Shuningdek, birovdan duo so‘rab turavermay, inson o‘zi ixlos ila duo qilishi kerakligini ko‘rib turibmiz.Gohida kishi o‘zi duo qilganda duosi qabul bo‘lmayotganini mulohaza qilib qoladi. Shunda qandaydir biror vasiylaga ehtiyoj sezib qoladi. Ana shundoq paytda vasiyla ila duo qilish yo‘lga qo‘yish joiz bo‘ladi.Imom Tobaroniy ushbu hadisni keltirishdan oldin bir qissani keltirganlar, unda quyidagilar zikr qilingan:«Bir odam Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning huzuriga o‘zining bir hojati yuzasidan kirib chiqib yurar edi. Usmon unga iltifot ham qilmas, uning hojatini ham chiqarmas edi. Haligi odam Usmon ibn Haniyfga uchrashib, mazkur holat haqida shikoyat qildi. Shunda Usmon ibn Haniyf unga «Tahoratxonaga borgin-da, yaxshilab tahorat qil. Keyin masjidga borib ikki rak’at namoz o‘qi va» «Allohim! Albatta, men Payg‘ambarning, Muhammad – rahmat Payg‘ambari ila Sendan so‘rayman va Senga yuzlanaman. Ey Muhammad! Albatta, men sen ila Robbimga ushbu hojatim yuzasidan uni chiqsin deya yuzlandim. Allohim! Uning mening haqimda shafoatini qabul qil», deb turib hojatingni so‘ra. So‘ng oldimga kelsang, men ham sen bilan birga boraman», dedi.Haligi odam borib uning aytganini qildi. Keyin Usmon ibn Affonning eshigiga bordi. Bas, eshik og‘asi kelib, uning qo‘lidan ushlab ichkariga olib kirdi va Usmon ibn Affon o‘tirgan joyga, uning yoniga o‘tqazdi. U «Nima hojating bor?» deb so‘radi. U hojatini aytdi. Uning hojatini chiqardi va: «Shu vaqtgacha yuravermay, hojatingni aytsang bo‘lmasmi-di? Bundan keyin qanday hojating bo‘lsa, kelaver», dedi.Keyin haligi odam uning oldidan chiqib, Usmon ibn Haniyfning oldiga bordi va, Alloh senga xayr bersin. Sen aytib qo‘ymaguningcha, u menga iltifot qilmas edi, dedi.Shunda Usmon ibn Haniyf: «Allohga qasamki, men unga hech narsa deganim yo‘q. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir ko‘r odam kelganini ko‘rdim. Haligi odam u zotga ko‘zi ko‘r bo‘lib qolganidan shikoyat qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga:«Sabr qila olmaysanmi?» dedilar.«Ey, Allohning Rasuli, etaklovchim yo‘q. Juda qiynalib ketdim», dedi.«Tahoratxonaga bor. Tahorat qilib, ikki rak’at namoz o‘qi. Keyin ushbu duolarni qil», dedilar.Keyin biz tarqalmasimizdan oldin haligi odam oldimizga kirib keldi. Allohga qasamki, u xuddi ko‘r bo‘lmagandek edi», dedi».Bu amalga ikkinchi dalil quyidagicha:Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Umar ibn Xattob roziyallohu anhu qahatchilik bo‘lganda Abbos ibn Abdulmuttalib ila istisqo qilardi:«Allohim! Albatta, biz Senga Pay-g‘ambarimiz ila tavassul qilar edik. Sen bizni serob qilar eding. Endi, biz senga Payg‘ambarimizning amakisi ila tavassul qilamiz. Bizni serob qilgin», dedi. Yana: «Serob qilinurlar», dedi».Buxoriy rivoyat qilgan.Bu hodisa o‘n sakkizinchi hijriy sanada bo‘lgan. Qahatchilik haj vaqtidan boshlangan. To‘qqiz oy davom etgan. Shunda hazrati Umar roziyallohu anhu odamlarni to‘plab, hazrati Abbos roziyallohu anhuni vasiyla qilib istisqo qilganlar. Rivoyat qilinishicha, o‘sha kuni Abbos roziyallohu anhu Alloh taologa tazarru’ qilib: «Allohim! Albatta, gunoh bo‘lmasa balo tushmas. Tavba bo‘lmasa, bu ko‘tarilmas. Mana biz qo‘llarimizni o‘zingga ochib gunohlarimizni e’tirof qilamiz. Boshlarimizni senga egib tavba qilamiz. Bizni najot yomg‘iri ila serob qilgin, deganlar. Shunda, yomg‘ir quyib yoqqan. Er to‘yib, odamlarga jon kirgan. Vallohu a’lam.

21 Aprel 2022, 13:32 | Savol-javoblar | 201 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar