Imom Mahdiyning o‘zi kim? Uning asosiy maqsadi nima?

Assalomu alaykum, Shayx janoblari. Bundan 3-4 kun oldin bir do‘stimiz Imom Maxdiy to‘g‘risida so‘rabdidar. Aybga buyurmaysiz, men ham shu savolni qachondan beri bermoqchi edim. Oxirat alomatlari tug‘risidaga barcha manbalarni o‘qiganimda, imom Mahdiy to‘g‘risida eshitmaganman va ushbu saytni to‘liq izlab ko‘rdim. Aniq ma’lumot ololmadim. Savolim, Imom Mahdiyning o‘zi kim? Uning asosiy maqsadi nima? Shunga anchadan beri qiziqaman. Hech javob topolmadim. Alloh ilmingizni ziyoda qilsin.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Bu masala yoritilganiga ancha bo‘ldi. Kitoblar chiqdi. O‘qimasangizlar, shunga o‘xshab yuraverasizlar.Aqoid ilmi ulamolari qiyomatning ulkan alomatlari sifatida yuqoridagilarni zikr qiladilar. Ba’zilari yana bir-ikkitasini ham qo‘shadilar. Ammo kishilar o‘rtasida imom Mahdiy haqlarida ko‘p savollar bo‘ladi. Shuning uchun, biz u kishi haqida ham ma’lumot berib o‘tishni lozim topdik. Imom Mahdiyning chiqishlari ham qiyomatning alomatlaridan biri bo‘ladi.Imom Mahdiy roziyallohu anhu haqidaUmmu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi va sallam:«Bir xalifa o‘lganda ixtilof bo‘ladi. Ahli Madiynadan bir kishi Makkaga qochib chiqadi. Bas, uning oldiga ahli Makkadan odamlar kelib, o‘zi istamasa ham, uni chiqarib, Rukn va Maqom orasida unga bay’at qiladilar. Unga qarshi Shomdan askar yuboriladi. Ularni Makka va Madiyna orasidagi sayhonlikda er yutadi. Qachon odamlar o‘shani ko‘rganlarida uning oldiga Shomning Abdollari – avliyolari va ahli Iroqning yaxshilari keladilar va unga bay’at qiladilar. So‘ngra, qurayshdan tog‘alari Bani Kalbdan bo‘lgan bir kishi chiqadi. Bas, u(Mahdiy) alarga qarshi askar yuboradi va ularga g‘olib keladi. Ana o‘sha Kalbning askaridir. Kalbning o‘ljasiga hozir bo‘lmagan noumiddir. Keyin u (Mahdiy) molni taqsim qiladi va odamlar orasida Nabiylari sollallohu alayhi vasallamning sunnatiga amal qiladi. Islom er yuzida qaror topadi. U etti yil qoladi. So‘ng, vafot etadi va musulmonlar uning janozasini o‘qiydilar», – dedilar».Abu Dovud rivoyat qilgan. Abu Sa’iydan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiyimizdan keyin biror narsa bo‘lishidan qo‘rqib Nabiyulloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘radik. Bas, u zot:«Albatta, mening ummatimda Mahdiy bordir. U chiqib besh yoki etti yoki to‘qqiz yashaydi», – dedilar.«U nima?» – dedik.«Yillar. Unga bir odam kelib «Ey, Mahdiy! Menga ber! Menga ber!» – deydi. U uning kiyimiga ko‘tarishga kuchi etganichani hovuchlab solib beradi», – dedilar».Termiziy rivoyat qilgan.Imom Mahdiy roziyallohu anhu haqlarida musulmon ulamolar orasida qadimdan u kishining oxiri zamonda chiqishlari borasida ko‘pgina bahslar o‘tgan. Bu bahslar natijasi turlicha bo‘lib chiqqan.Shiy’a mazhabidagilar imom Mahdiyni–Mahdiy muntazar-intizor bo‘lib turilgan Mahdiy deyishadi. Ahli sunna va jamoa mazhabidagi ulamolar bu masalada o‘zaro alohida bahs yuritganlar. Ba’zi ulamolar, bu borada kelgan barcha hadislar zaifdir, deganlar. Bular ozchilik bo‘lib, ularning ko‘zga ko‘ringani Ibn Xaldundir.Ko‘pchilik ulamolar, Mahdiy roziyallohu anhu haqidagi hadisi shariflar katta sahobalardan ulug‘ muhaddislar tomonidan rivoyat qilingan, deydilar. Bu haqdagi hadisi shariflarni Imom Abu Dovud, Termiziy, Ibn Moja, Tobaroniy, Abu Ya’lo, Bazzoz, imom Ahmad ibn Hanbal, al-Hokim va boshqalar rivoyat qilgan. Ana o‘sha hadisi shariflardan bir qismini yuqorida o‘rganib chiqdik. Ularning ba’zilarida imom Mahdiy roziyallohu anhuning nomlari ochiq-oydin tilga olingan bo‘lsa, boshqalarida ishora qilingan. Ularni solishtirib chiqadigan bo‘lsak, bir necha umumiy xulosalar chiqarishimiz mumkin:Oxiri zamon bo‘lganda Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning oli baytlaridan, Hazrati Ali va Bibi Fotima roziyallohu anhumolarning o‘g‘illari imom Hasan roziyallohu anhuning naslidan imom Mahdiy roziyallohu anhu chiqadilar.Imom Mahdiy roziyallohu anhuning chiqishlari quyidagicha bo‘ladi: Bir xalifa o‘lganda musulmonlar o‘rtasida ixtilof bo‘ladi. Ahli Madiynadan bir kishi Makkaga qochib chiqadi. Bas, uning oldiga ahli Makkadan odamlar kelib, o‘zi istamasa ham, uni chiqarib Rukn va Maqom orasida unga bay’at qiladilar. Ana o‘sha kishi Imom Mahdiy roziyallohu anhu bo‘ladilar.Imom Mahdiy roziyallohu anhuga qarshi Shomdan askar yuboriladi. Shomdan yuborilgan askarlarni Makka va Madiyna orasidagi sayhonlikda er yutadi. Qachon odamlar o‘shalarni er yutganini ko‘rganlarida Imom Mahdiy roziyallohu anhuning oldiga Shomning Abdollari–avliyolari va ahli Iroqning yaxshilari keladilar va unga bay’at qiladilar. So‘ngra, qurayshdan tog‘alari Bani Kalbdan bo‘lgan bir kishi chiqadi. Bas, Imom Mahdiy roziyallohu anhu ularga qarshi askar yuboradi va ularga g‘olib keladi. Keyin Imom Mahdiy roziyallohu anhu molni taqsim qiladi. So‘ngra, Imom Mahdiy roziyallohu anhu odamlar orasida Nabiylari sollallohu alayhi vasallamning sunnatiga amal qiladi. Islom er yuzida qaror topadi. Imom Mahdiy roziyallohu anhu zulm va javrga to‘lgan er yuzini adolat va insofga to‘ldiradi.Imom Mahdiy roziyallohu anhu molni sochadi, uni sanamaydi. U kishining davrlarida molu mulk ko‘payib ketganidan va o‘zlari saxiy bo‘lganlaridan shundoq bo‘ladi.Imom Mahdiy roziyallohu anhu xalifa bo‘lgan holda etti yil qoladilar. So‘ng, u kishi vafot etadilar va musulmonlar u zotning janozasini o‘qiydilar.

20 Aprel 2022, 19:27 | Savol-javoblar | 471 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar