Dunyo so‘rab duo qilish

Assalomu alaykum! “Allohim tuganmas boylik ber. Shu boylikni O‘z yo‘lingda sarf qilishni nasib et” deb duo qilsam bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Shunday deb duo qilish ham kerak. yana yaxshiligini nasib qilib yomonligidan saqlagin ham deyish kerak. عَنِ ابْنِ مَسْعُودٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا حَسَدَ إِلَّا فِي اثْنَتَيْنِ رَجُلٌ آتَاهُ اللهُ مَالًا فَسَلَّطَهُ عَلَى هَلَكَتِهِ فِي الْحَقِّ، وَرَجُلٌ آتَاهُ اللهُ الْحِكْمَةَ فَهُوَ يَقْضِي بِهَا وَيُعَلِّمُهَا. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ وَالتِّرْمِذِيُّ  Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Faqat ikki narsadan boshqada hasad yo‘q. (Birinchisi) Alloh bir odamga molu dunyo bersa-yu, u o‘shani to‘g‘ri yo‘lda sarf qilsa, (ikkinchisi) Alloh bir odamga ilm bersa-yu, u o‘sha ilmi ila hukm chiqarsa va ta’lim bersa», dedilar».
Ikki Shayx va Termiziy rivoyat rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hadisning roviysi Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu bilan yaqindan tanishmiz.
«Hasad» aslida boshqaga berilgan ne’matning zavolini orzu qilishni anglatadi. Bu gunoh hisoblanadi. Gohida «hasad» so‘zi «havas qilish» ma’nosida, ya’ni boshqa kishiga berilgan ne’matni ko‘rib, uni o‘zida ham bo‘lishini orzu qilish ma’nosida ham ishlatiladi. Bunga arablar «g‘ibta» deydilar. Ushbu hadisi sharifdagi «hasad» so‘zi ana o‘sha g‘ibta – havas qilish ma’nosida kelgan.
Demak, faqat ikki narsadagina birovga berilgan ne’matni ko‘rib turib, o‘ziga ham o‘shanday ne’mat berilishini orzu qilish mumkin.
«(Birinchisi) Alloh bir odamga molu dunyo bersa-yu, u o‘shani to‘g‘ri yo‘lda sarf qilsa». 
Ya’ni, «Menga ham Alloh shu odamga bergani kabi molu dunyo ato qilganida, men ham shu odamga o‘xshab, uni yaxshilik yo‘lida sarf qilar edim», deb havas qilsa bo‘ladi.
«(Ikkinchisi) Alloh bir odamga ilm bersa-yu, u o‘sha ilmi ila hukm chiqarsa va ta’lim bersa».
O‘sha odamga ham boshqa musulmonlar havas qilsa bo‘ladi. Ilm bilan hukm chiqarish o‘sha ilm taqozo etgan narsaga o‘zi amal qilish va odamlarni ham shunga chaqirishdan iboratdir. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

8 May 2022, 05:00 | Savol-javoblar | 161 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar