Oxirat g‘amida bo‘lish haqidagi hadis

Assalomu alaykum! Ustoz [Man kanati dunya hamma..... Vajala faqra bayna aynayh] deb boshlanadigan xadis bor ekan. Shu xadisni tushuntirib beringlar iltimos. Maruzada qanaqa eshtgan bo‘lsam shunaqa yozdim. Shunga xatolik uchun uzr so‘rayman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Quyidagicha عَنْ أَنَسِ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ كَانَتِ الْآخِرَةُ هَمَّهُ جَعَلَ اللهُ غِنَاهُ فِي قَلْبِهِ، وَجَمَعَ لَهُ شَمْلَهُ، وَأَتَتْهُ الدُّنْيَا وَهِيَ رَاغِمَةٌ، وَمَنْ كَانَتِ الدُّنْيَا هَمَّهُ جَعَلَ اللهُ فَقْرَهُ بَيْنَ عَيْنَيْهِ، وَفَرَّقَ عَلَيْهِ شَمْلَهُ، وَلَمْ يَأْتِهِ مِنَ الدُّنْيَا إِلَّا مَا قُدِّرَ لَهُ  Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim oxirat g‘amida bo‘lsa, Alloh uning qalbini behojat va xotirini jam qilib qo‘yadi. U xohlamasa ham, dunyo unga o‘z-o‘zidan keladi. Kim dunyo g‘amida bo‘lsa, Alloh uning ko‘z o‘ngiga kambag‘allikni keltirib qo‘yadi va xotirjamligini parokanda qiladi. Unga dunyoda o‘ziga taqdir qilinganidan boshqasi kelmaydi», dedilar».
Sharh: 
Albatta, oxirat g‘amida bo‘lgan banda unda biror narsaga erishish uchun harakat qiladi va o‘sha harakati unga yutuq kelishiga sabab bo‘ladi.
Zero, Alloh taolo «Isro» surasida:
«Kim oxiratni istasa va unga erishish uchun mo‘min bo‘lgan holida kerakli ‎harakatini ‎qilsa, bas, ana o‘shalarning harakatlari maqbuldir», degan (19-oyat).
Demak, oxirat saodatiga erishish uchun faqat uni istash, xohlashning o‘zi kifoya qilmas ekan. Unga erishish uchun istak bilan birga, iymon va jiddiy harakatlar ham darkor ekan. Istak bilan birga, eng avval iymon kerak, usiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Istak va iymon bo‘lsa-yu, kerakli sa’y-harakat qilinmasa ham natija chiqmaydi. Demak, oxirat saodatiga erishtiruvchi ishlarni ham amalga oshirish kerak. Ya’ni odam oxiratda yaxshi natijaga erishtiradigan ishlarni qilishi, oxiratda jahannamga duchor etadigan ishlarning yaqiniga yo‘lamasligi lozim bo‘ladi.
«...bas, ana o‘shalarning harakatlari maqbuldir».
Ular bu dunyo va oxirat saodatiga erishadilar. Alloh taolo bu dunyoda ularning qalblarini behojat va xotirjam qilib qo‘yadi. Ular xohlamasa ham, dunyo ularga o‘z-o‘zidan keladigan qilib qo‘yadi.
Bas, shunday ekan, banda dunyoning g‘amini bir chetga qo‘yib, oxirat g‘ami bilan yashamog‘i lozim. Ana shundagina bu dunyosi ham, u dunyosi ham obod bo‘ladi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

8 May 2022, 15:47 | Savol-javoblar | 166 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar