Ot go‘shti halolmi yoki harommi?

Assalamu alaykum Hurmatli Shayx Hazratlari, Avvalambor dinni o‘rgatish yo‘lidagi xizmatlaringizga Alloh Taolo O‘zi madad bersin va sizni bu ishingizda bardavom qilsin. Hurmatli Shayx Hazratlari, sizga savol berishimdan maqsad, ot go‘shtini halol yoki harom ekanligini bilishdir va bu mavzuga oid fatvoni o‘rganish. Man O‘zbekistonda bo‘lganimda bu mavzu hech ochilmagan edi. Hozir xorij davlatida bo‘lganim uchun, dunyoni boshqa musulmon mamlakatlaridan kelgan do‘stlarim bor va ular bilan shu masalada gaplashib qoldik. Ularning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pgina musulmonlar yashaydigan mamlakatlarda ot go‘shti eyilmas ekan. Sababi esa biroz tortishuvli masala ekan. Ammo man bu savolga javobni do‘stlarim bilan tortishish uchun so‘ramayapman, faqat shu masalaga qiziqib qoldim va kelajakda ot go‘shtiga munosabatimni sizni javobingizga ko‘ra qilaman. Ajratgan vaqtingiz uchun Alloh sizdan rozi bo‘lsin. hurmat bilan Zafar Safaev
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Ot go‘shti va suti haqida kishilarimiz ichida savol ko‘p bo‘lishi e’tiboridan bu masalani alohida zikr qilib o‘tishni maqsadga muvofiq deb topdik.Avval ikkita hadisni o‘rganaylik.عَنْ جَابِرٍ رضي الله عنه قَالَ: نَهَى النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم يَوْمَ خَيْبَرَ عَنْ لُحُومِ الْحُمُرِ وَرَخَّصَ فِي لُحُومِ الْخَيْلِ. رَوَاهُ الأُصُولُ الْخَمْسَةُ.Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Xaybar kuni xonaki eshaklarning go‘shtidan nahiy qildilar va yilqining go‘shtiga izn berdilar».Besh asl kitobda rivoyat qilgan.Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:1. Xonaki eshaklarning go‘shti harom ekanligi.2. Yilqining go‘shti halol ekanligi.عَنْ أَسْمَاءَ قَالَتْ: نَحَرْنَا فَرَسًا عَلَى عَهْدِ رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم فَأَكَلْنَاهُ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ.Asmaa roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi.«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning davrlarida ot so‘ydik va uni edik».Ikki shayx rivoyat qilgan.Ushbular va yana shunga o‘xshash ba’zi rivoyatlarga asoslanib jumhur ulamolari otning haloligi haqida ittifoq qilishgan.Ammo, Imom Abu Hanifa va Imom Molik roziyallohu anhumolar ot go‘shti makruh, deganlar. Ular o‘zlarining bu fatvolariga «Nahl» surasidagi:«Otlar, xachirlar va eshaklarni minishingiz va ziynat uchun (yaratdi) va siz bilmaydigan narsalarni yaratur», oyatini dalil qiladilar. Ularning fikrlaricha, ushbu oyati karimada zikr qilingan hayvonlar eyish uchun emas, minish va ziynat uchundir. Shuningdek, mazkur imomlarimiz ba’zi bir hadisi shariflarda ham otning go‘shtini tanovul qilishga izn berilmaganligini eslatib o‘tadilar.Imom Abu Dovud va imom Nasaiylar Xolid ibn Valid roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam ot, xachir va xonaki eshaklarning go‘shtini emoqdan qaytardilar», deyilgan.al-Miqdom ibn Adiy roziyallohu anhudan ham shu ma’noda rivoyat kelgan.Jumhuri ularmolar jumladan, Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhining bosh shogirdlari; Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad rahmatullohi alayhilar ham ot go‘shti hech karohatsiz haloldir, deganlar.Ot go‘shtining halolligi haqida qattiq turgan ulamolarimiz, mazkur go‘shtni emaslik haqida kelgan hadislarni, vaqtinchalik, jihod uchun ot minishga hojat kuchayganda aytilgan gaplar bo‘lib, keyinchalik, nasx qilingan deydilar.Eng qizig‘i, amalga kelganda Hanafiylar jumhurning, jumladan, Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad rahmatullohi alayhimlarning fatvolariga amal qilganlar. Shofe’iylar esa, Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhining fatvolariga amal qilganlar. Bu shariatimizdagi hur fikrlik va kenchilikning bir namunasidir.

20 Aprel 2022, 19:27 | Savol-javoblar | 1 333 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar