Ortiqcha tuklari o‘sgan odamni taxorat mukammal emasmi

Assalomu alaykum! Bir tanishim aytdiki agar badandagi ortiqcha ya’ni qo‘ltiq va avratdagi tuklar bo‘lsa taxorat qilgan bo‘lsa ham taroxorat qilgan hisoblanmaydi dedi shu rostmi? gizni ilmingizni ziyoda qilsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Unday gap yo‘q. Lekin Musulmon kishi shaxsiy tozaligiga etiborli bo‘lishi kerak.
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Besh narsa sof fitratdandir: mo‘ylabni qirqish; tirnoqlarni olish; qovuqni qirish; qo‘ltiqni yulish; misvok», dedilar».
Sharh: Haqiqiy insoniy odob-axloq doirasiga kiruvchi bu beshta narsaning g‘oyatda muhimligi bugungi kunda dindan mutlaqo xabari bo‘lmagan kishilar tomonidan ham tasdiqlanmoqda. Dinimizda esa fitratdan bo‘lgan bu besh narsa haqida ko‘plab hadislar kelgan.
1. «Mo‘ylabni qirqish».
Ya’ni mo‘ylabning labning ustiga o‘sib tushgan qismini qirqib, labning qizg‘ish qismi yaxshilab ochilishi, unga mo‘ylabning tuklari tushmasligi kerak. Shuningdek, boshqa taraflarga qarab o‘sgan, tartibsiz bo‘lib ketadigan tuklari ham qirqib turiladi.
2. «Tirnoqlarni olish».
Bu ham insonning sof tabiati talab qiladigan narsa. Tirnoqni vaqti-vaqti bilan qisqartirib turilmasa, bo‘lmaydi. Tirnoq o‘sganda, tagiga kir to‘planadi. Bu narsa turli kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, tirnoqni o‘stirib yurishning boshqa zararlari ham bor. Faqat tabiati buzuq madaniyatgina «Tirnoqni o‘stirib yurish madaniyatdandir», demasa, boshqa birov bu noma’qulchilikni aytmaydi.
Olingan tirnoq va sochlarni ko‘mib yuborish tavsiya qilinadi. Biror ovloqroq joyga tashlansa ham, zarari yo‘q. Lekin tahoratxona yoki g‘usl qilinadigan joyga tashlash mumkin emas.
3. «Qovuqni qirish».
Bunda insonning old va orqa jinsiy a’zosi atrofidagi yunglarni ketkazish ko‘zda tutilgan. Ammo o‘sha harom yunglarni qirish shart emas, balki har qanday qulay uslub bilan ketkazilsa bo‘laveradi. Mazkur joylarni ozoda tutish har bir erkagu ayolning sog‘lig‘i, hayoti uchun naqadar muhim ekanligidan, dinimizda bu masalaga alohida e’tibor berilgan.
4. «Qo‘ltiqni yulish».
Qo‘ltiq ostida yung o‘sishi har bir odam bolasida bor narsa. Shu bilan birga, qo‘ltiq eng ko‘p terlaydigan va eng ko‘p kirlanadigan joy. Shuning uchun shaxsiy ozodalik masalasida bu joyga alohida e’tibor beriladi. Musulmon odam qo‘ltig‘i ostidagi yungni tez-tez tozalab turishi lozim. Bu shariatning amri. Bir emas, barcha anbiyo va rasullarning sunnati. Alloh taolo yaratgan asl xilqatning sunnati. Alloh taolo yuborgan samoviy dinning sunnati. Qo‘ltiqni tozalash uning yungini yulish bilan bo‘lishi shart emas. Balki o‘sha yungni qirish yoki birorta yung tushiradigan modda bilan tushirish ham joiz.
5. «Misvok».
Ya’ni tishni va og‘izni tozalab yurish.
Bizda «misvok qilish» deb ishlatiladigan istiloh tishni ishqalab yuvish ma’nosidadir. Qadimda ma’lum bir butalarning, aniqrog‘i esa, arok nomli butaning uchi yumshatilgan novdalari bilan tish tozalangan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boshqa bir hadisda ummatlariga mashaqqat bo‘lishini mulohaza qilganlari uchungina har tahoratda misvok qilishga amr etmaganlarini ta’kidlashlaridan bu ishga qanchalik ahamiyat berilganini bilib olsak bo‘ladi.
G‘arblik olimlarning ta’kidlashlaricha, dunyo tarixida kishilarni tishni tozalab yurishga birinchi bo‘lib amr qilgan shaxs Muhammad sollallohu alayhi vasallamdirlar.
Ha, Islom dini hali hech kim tish yuvish nima ekanini bilmasidan avval, musulmonlarning tishlarini tozalab yurishlarini sunnati muakkadaga aylantirib qo‘ygan edi.
Ulamolarimiz: «Tahorat qilgan odam misvok qilishi sunnati muakkada», deganlar.
Ba’zilari: «Bu ish – mustahab», deganlar. Ammo, nima bo‘lganda ham, uni qilishga undaganlar. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doimo misvok qilar edilar. Vafotlaridan oldin ham misvok qilib turganlari ma’lum va mashhur.
Misvok ko‘proq arok daraxti shoxlaridan olinadi. Ulamolar o‘sha daraxt shoxlarini kimyoviy tahlil qilib ko‘rdilar. Diqqat bilan olib borilgan keng ko‘lamdagi ilmiy ishlardan so‘ng, o‘sha daraxtdagi mavjud moddalar hozirgi mavjud tish ma’junlarining hammasidan ko‘ra tish va sog‘liq uchun foydaliroq ekan, degan xulosaga kelindi.
Hozir ba’zi shirkatlar arok daraxtidan foydalanib, tish ma’juni ishlab chiqardilar. Bu ham hadisi sharifning ilmiy mo‘’jizasi hisoblanadi.
Bu borada kelgan boshqa hadisi shariflarda yuqorida zikr qilingan ishlardan boshqa ham fitrat sunnatlari borligi aytilgan.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «O‘n narsa fitratdandir: mo‘ylabni qaychilash; soqolni o‘stirish; misvok; burunga suv olib tozalash; tirnoqlarni qisqartish; badanning bukiladigan joylarini yaxshilab yuvish; qo‘ltiqni yulish; qovuqni qirish; suv bilan istinjo qilish», dedilar. Mis’ab: «O‘ninchisini unutdim, menimcha, og‘izni suv bilan tozalash bo‘lsa kerak», dedi».
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Ushbu hadisi sharifda hozirgi g‘arb madaniyati Islomdan o‘n besh asr kech qolib targ‘ib qilayotgan «shaxsiy tozalik ishlari» haqida so‘z ketmoqda.
Islom bunday ishlarni «Fitrat sunnatlari», ya’ni Alloh taolo insonni yaratgandagi sof tabiat va Alloh taolo insonlarga yuborgan sof dinlar sunnati, deb nomlagan.
Qarang, nomlashda ham qancha farq bor. Islomiy nomlash Robbining ko‘rsatmasi ila bo‘lgan. G‘arbiy nomlash esa madaniyatni kechikib anglagan insonning o‘z fikridan chiqqan nomlashdir. Shuning uchun ham ikki nom o‘rtasida osmon bilan erchalik farq bor.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam avval «fitrat sunnatlari» o‘nta ekanini e’lon qilib qo‘yib, keyin ularni birma-bir nomlab chiqmoqdalar.
6. «Soqolni o‘stirish».
Ya’ni soqolni mo‘ylab kabi qirqib turilmaydi, uni uzun bo‘lishiga qo‘yib beriladi. Ammo uzun bo‘lishi qancha miqdorgacha bo‘lishi mumkinligi haqida bir oz ixtilof bo‘lgan. O‘sha ixtilofning ashaddiylashgan ko‘rinishi hozir ham ba’zi-ba’zida zohir bo‘lib turadi.
Hanbaliy mazhabi asosida o‘z fikrlari ila ijtihod qiladigan guruhlar: «Soqolga umuman tig‘ tekkizish mumkin emas», deydilar. Ular o‘zlarining bu gaplariga ushbu lafzni va yana shu ma’noga yaqin hadisi shariflarni dalil qilib keltiradilar.
Aslida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning soqollari har doim tekis va ko‘rkam bo‘lgan. Sahobalar roziyallohu anhum va xususan, Abdulloh ibn Umarning soqollarini tekislab yurganlari haqida rivoyatlar mavjud.
7. «Burunga suv olib tozalash».
Burunning inson hayotida tutgan o‘rnini gapirib o‘tirishning hojati bo‘lmasa kerak. Shunday muhim a’zoni yaxshilab, ozoda holda tutish har bir musulmon uchun diniy majburiyatdir. Har tahoratda uch marta burunga yaxshilab suv olib, ichkarisiga tortib, so‘ngra chiqarib tashlash sunnati muakkada sifatida shariatda joriy bo‘lgan. Bu bilan burunga kirib qolgan turli zararli chang-g‘ubor va mikroblar chiqarib yuboriladi va inson sog‘¬lig‘i uchun muhim ish amalga oshiriladi.
Yaqinda olimlar bu borada ilmiy tajriba o‘tkazishdi. Buning uchun bir guruh namozxon va bir guruh benamoz odamlarni, ya’ni burnini doimo tozalab yuradigan va tozalamaydigan odamlarni oldilar va ularning burunlari ichini o‘rganib chiqdilar.
Namozxonlarning burunlari toza, ichida sog‘liq uchun zararli narsalar yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Benamozlarning burunlari ichidan esa turli mikroblar chiqdi. Ularning ismlari va miqdori ro‘yxatini tuzib chiqishdi.
So‘ngra burnini tozalamaydiganlarda mavjud bemorliklar ro‘yxati tuzildi. Burnini tozalaydiganlar bu bemorliklardan forig‘ ekanligi ayon bo‘ldi. Agar gap cho‘zilib ketishi istiholasini qilmaganimizda, ilmiy nashrlardan birida chop etilgan maqolani to‘la tarjima qilib, mazkur kitobga kiritgan bo‘lardik.
Birgina shu misolning o‘zidan ham Islom dinimiz qanchalik ulug‘ din ekanini anglab olish mumkin, deb o‘ylaymiz.
8. «Badanning bukiladigan joylarini yaxshilab yuvish».
Bunda inson badanining kir to‘planib qoladigan qismlari – bo‘g‘inlar, kindik, qo‘ltiq kabi joylar ko‘zda tutilgan. Albatta, bunday joylarni yaxshilab yuvilmasa, kir to‘planib, odamdan noxush hid chiqishi, to‘plangan iflosliklar kasallik kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.
9. «Suv bilan istinjo qilish».
«Istinjo» deb insonning ikki chiqaruv a’zosini peshob va axlatdan tozalashga aytiladi.
Anasdan rivoyat qilinadi:
«Qachon Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qazoi hojatga chiqsalar, men va bir bola ikkovimiz o‘zimiz bilan suvli meshchani olib kelar edik. U zot suv bilan istinjo qilar edilar».
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Hazrati Anas aytgan mesh arab tilida «Idavatun» deyilib, u teridan qilingan kichkina suv idishidir. Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam albatta oldin tosh bilan tozalanib olib, keyin suv bilan istinjo qilganlar.
10. «Mis’ab: «O‘ninchisini unutdim, menimcha, og‘izni suv bilan tozalash bo‘lsa kerak», dedi».
Fitratda bor narsalarning o‘ninchisiga kelgach, hadisning roviylaridan birlari Mis’ab aniq eslab qola olmagan ekanlar. Shuni ilmiy omonat yuzasidan, Alloh taolodan qo‘rqib, ochig‘ini aytibdilar. Ulamolarimiz u kishi qanday aytgan bo‘lsalar, shunday naql qilibdilar.
Mis’ab o‘sha o‘ninchi narsa «og‘izni chayish» ekani ehtimoli kuchliligini ham aytibdilar. Darhaqiqat, og‘izni chayish ham tahoratning sunnatlaridan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taomdan keyin, ayniqsa go‘shtli va yog‘li taomlardan keyin og‘izlarini chayganlar. Og‘izni doimo chayib, tozalab yurish qanchalik foydali ish ekani hammaga ma’lum va mashhur. Shuningdek, vaqtida og‘izni chaymaslik oqibatida kelib chiqadigan noqulaylik va zararlar ham hammaga ma’lum.
Alloh taologa adadsiz shukrlar bo‘lsinkim, shariatimizda sog‘lig‘imiz, go‘zalligimiz, sarishtaligimiz uchun zarur bo‘lgan ishlar savob ham oladigan amallarga aylantirib qo‘yilibdi. Vallohu a’lam!Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
(Odoblar xaziynasi kitobidan)

9 May 2022, 03:07 | Savol-javoblar | 186 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar