Tahajjud va istixora

Assalomu alaykum! Sizlarga Allohdan hotirjamlik tilayman. Bir iltimosim bor edi, tahajjud nomozi va istixora namoziga targ‘ib qilingan hadislar va qoidalarni o‘rganmoqchidim. Ozroq bilaman lekin juda kam. Shularni batafsilroq o‘rganmoqchidim. Qaysi sahifadan o‘qisam bo‘ladi? Iltimos menga yuborsangizlar. Oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo: «Kechaning ba’zisida u ila tahajjud qil. Senga nofila o‘laroq. Shoyadki, Robbing seni maqtovli maqomda tiriltirsa», degan (Isro surasi, 79-oyat). Sharh: Ushbu oyat bilan tahajjud namoziga targ‘ib qilish Qur’onda kelganligi eslatilmoqda. Kechasi bir uxlab turib, o‘qiladigan namoz tahajjud namozi deb ataladi. Shuningdek, bu namoz «qiyom namozi» deb ham ataladi. Avval bu namoz vojib bo‘lgan edi. Bir yilcha vaqt o‘tganidan keyin vojibligi nasx qilingan. Bu ma’no «Tafsiri hilol»da, «Muzzammil» surasining tafsirida batafsil bayon qilingan: «Ey o‘ranib yotuvchi! Kechaning ozginasidan boshqasini (ibodatda) tik turib o‘tkaz!» Albatta, ushbu oyat nihoyatda ulkan ma’no kasb etadi. Bu kishilarni Allohning yo‘liga – eng to‘g‘ri yo‘lga boshlash uchun qilingan amr edi. Allohning o‘ranib yotadigan vaqt o‘tdi, tur endi, degan nidosi edi. Shuning uchun ham Xadicha onamiz Payg‘ambar alayhissalomga «Bir oz uxlab olsangiz-chi», desalar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Ey Xadicha, uyquning vaqti o‘tdi», der edilar. «Yarmida yoki undan bir oz qisqarog‘ida (bedor bo‘l)». Ya’ni, kechaning yarmida bedor bo‘lib, ibodat qil va yarmida uxla yoki yarmidan ozrog‘ida ibodat qilib, ko‘prog‘ida uxla. «Yoki u (yarim)ga yana qo‘sh va Qur’onni tartil bilan tilovat qil!» Ya’ni, kechaning yarmidan ko‘prog‘ini ibodat bilan o‘tkazgin-da, ozrog‘ida uxlagin. Qur’onni tartil bilan o‘qish deb, uni dona-dona qilib, har bir harfini o‘rnidan chiqarib, oyatlarini alohida-alohida qilib, tajvid qoidalari asosida o‘qishga aytiladi. Qur’onni tartil bilan o‘qishga bo‘lgan bu ilohiy farmon barcha mo‘min-musulmonlarga ommaviy farmondir. Muhammad alayhissalomga Jabroil alayhissalom Qur’onni tartil bilan o‘qib berganlar. O‘z navbatida, Payg‘ambar alayhissalom ham ummatlariga tartil bilan o‘qib berganlar. Musulmon ummati esa avloddan avlodga Payg‘ambaridan qanday qilib olgan bo‘lsa, shunday o‘tkazib kelmoqda. Qorilarimiz Qur’on qiroati qoidalarini tartibga solib, kitoblar bitganlar. Bu qoidalarni bilish har bir musulmon uchun zarurdir. Shuning uchun har bir musulmon tajvid qoidalari bo‘yicha bir kitob o‘qishi, Qur’on tilovatini tajvid ilmiga ega bo‘lgan qorilardan o‘rganishi lozim. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday bashorat qiladilar: «Qiyomat kunida Alloh Qur’on qorisiga «O‘qib, ko‘tarilib boraver, u dunyoda qanday o‘qigan bo‘lsang, shunday o‘qi, oxirgi oyatni o‘qigan jo¬ying sening (jannatdagi) martaba manziling bo‘ladi», deydi». Kechalari qoim bo‘lish, ya’ni, ibodat bilan bedor bo‘lish haqida ham rivoyatlar juda ko‘p. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda jumladan shunday deyiladi: «...Ey mo‘minlarning onasi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kechalari qoim bo‘lishlari haqida so‘zlab bering», dedim. «Yaa ayyuhal muzzammil» surasini o‘qiganmisan?» dedilar. Men (Sa’iyd ibn Hishom): «O‘qiganman», dedim. «Albatta, Alloh taolo ushbu suraning avvalida kechalari qoim bo‘lishni farz qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobalari bir yil kechalari qoim bo‘ldilar. Hatto oyoqlari shishib ketdi. Alloh taolo suraning oxirini tushirmay, o‘n ikki oy ushlab turdi. So‘ngra bu suraning oxirida engillik tushdi», dedilar». Kechalari qoim bo‘lish farz amaldan ixtiyoriy amalga aylandi... Kechalari bedor bo‘lib, hatto oyoqlari shishib ketguncha turish, Qur’onni tartil bilan tinmay tilovat qilish katta ahamiyatga ega bo‘lgan olamshumul ishga tayyorgarlik edi. Bu og‘ir ishning qabuli kelgusi oyatda nozil bo‘lgan. «Albatta, Biz ustingga og‘ir so‘zni tashlarmiz». Ya’ni, Qur’onni tashlaymiz. Qur’on o‘zi engillikka barpo qilingan, lekin u haqiqat mezonida og‘irdir. Uning qalbga ta’siri og‘irdir. Boshqa bir oyatda: «Agar biz bu Qur’onni toqqa tushirsak edi, Allohdan qo‘rqqanidan parchalanib ketganini ko‘rar eding», deyilgan. Ha, mas’uliyatini ulkan tog‘lar ham ko‘tara olmaydigan ulkan ishni Muhammad alayhissalom ko‘targanlar. Qur’on oyatlarining tushish jarayoni nihoyatda og‘ir kechardi. Vahiy tushgan paytda, agar kunlar sovuq bo‘lsa ham Payg‘ambar alayhissalom terlab ketar, nafas olishlari tezlashar edi. Sahobalardan Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu shunday hikoya qiladilar: «Mening sonim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sonlariga tegib turgan paytda vahiy tushib qoldi, uning shiddatidan sonim yorilib ketay dedi». Agar Payg‘ambarimiz alayhissalom tuyada ketayotganlarida vahiy tushib qolsa, og‘irlikdan tuya ham yura olmay qolar ekan. «Albatta, tungi ibodat ko‘proq muvofiq kelur va qiroati to‘g‘riroq bo‘lur». Ya’ni, kechasi tinchlik hukm surganligi uchun, tirikchilik tashvishlari, ko‘ngilni bezovta qiluvchi narsalar bo‘lmaganligi uchun ibodatda o‘qilgan narsalar qalbga yaxshiroq o‘rnashadi, qiroat ham to‘g‘riroq chiqadi. Alloh taolo bu surai karimani uzun oyat bilan tugatadi. Yuqorida eslatib o‘tganimizdek, suraning avvali tushganidan so‘ng bir yil muddat o‘tib, tushgan oyat mana shu oyatdir: «Albatta, Robbing seni kechaning uchdan biridan ozrog‘ini yo yarmini, yo uchdan birini qoim bo‘lib o‘tkazayotganingni va sen bilan birga bo‘lganlardan ham bir toifa (shunday qilayotganlarini) biladi. Va Alloh kechayu kunduzni O‘zi o‘lchaydi. (U) hech toqat qila olmasligi¬ngizni bilib, sizlarga (engillikni) qaytardi. Endi, Qur’ondan muyassar bo‘lganicha qiroat qilinglar. Sizlardan kelajakda kasallar bo‘lishini, boshqalar er yuzida yurib, Allohning fazlini axtarishini, yana boshqalar esa Allohning yo‘lida jang qilishlarini ham bildi. Endi undan muyassar bo‘lganicha qiroat qilinglar. Va namozni qoim qilinglar, zakot beringlar va Allohga «qarzi hasana» beringlar. O‘zingiz uchun nima yaxshilik qilgan bo‘lsangiz, uni Allohning huzurida topasiz, u yaxshiroq va ajri ulkanroqdir. Allohdan mag‘firat so‘rang. Albatta, Alloh G‘afur va Rahiymdir». Bu oyat bilan Alloh taolo suraning avvalidagi oyatlarida farz qilgan ibodatini, ya’ni kechasi qoim bo‘lishni bekor qildi. Shundan so‘ng tungi farz namozidan boshqa ibodat ixtiyoriyga aylandi. Oyatda avvalgi buyruq nima uchun bekor qilinganligi ham aytib o‘tildi. Ushbu oyati karimaning boshida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va u zotning sahobalariga kechaning ma’lum qismini ibodat ila bedor o‘tkazish farz qilinganligi ochiq-oydin aytib o‘tilmoqda. «Albatta, Robbing seni kechaning uchdan biridan ozrog‘ini yo yarmini, yo uchdan birini qoim bo‘lib o‘tkazayotganingni va sen bilan birga bo‘lganlardan ham bir toifa (shunday qilayotganlarini) biladi». Ularga kechaning yarmini yoki uchdan birini yoki undan ozroq qismini bedor bo‘lib o‘tkazish amr qilingan edi. Kechasi zikr, namoz, Qur’on tilovati kabi turli ibodatlar ila qoim bo‘lish mo‘min-musulmon kishining tanasini baquvvat, ruhini pok qiladi. Ularni turli mashaqqatlarni osonlik bilan ko‘tarishga o‘rgatadi, aysh-ishrat, hoyu havasga berilishdan saqlaydi. Shuning uchun ham Alloh taolo diyniga xizmat qilishlari kutilayotgan zotlarni alohida ruhiy, ma’naviy va jismoniy tarbiya qilish uchun ushbu uslubni qo‘llagan edi. «Va Alloh kechayu kunduzni O‘zi o‘lchaydi. (U) hech toqat qila olmasligingizni bilib, sizlarga (engillikni) qaytardi. Endi, Qur’ondan muyassar bo‘lganicha qiroat qilinglar». Ya’ni, oldin sizlarni chiniqtirish uchun kechasi namoz o‘qish farz qilingan edi. Endi esa U zot sizlar bu ishga hech chiday olmasligingizni bilgani uchun sizlarga engillikni qaytardi. Endi tunning ma’lum qismini bedorlik bilan ibodat qilib o‘tkazish farz bo‘lmay qoldi. Ushbu oyat nozil bo‘lganidan boshlab, bu ish ixtiyoriy bo‘ldi. Bas, endi Qur’ondan muyassar bo‘lganicha o‘qinglar. Oyatning davomida esa tunning ma’lum qismini bedor o‘tkazish hukmini farzdan tushirib, ixtiyoriyga keltirishning sabablaridan uchtasi — bemorlik, Allohning yo‘lida jihod qilish va er yuzida yurib, Allohning fazlini axtarish zikr qilindi. Ushbu uch toifa kishilarga kechasi bedor bo‘lib, ibodat bilan mashg‘ul bo‘lish og‘irlik qiladi. Alloh esa bandalariga og‘ir bo‘lishini xohlamaydi. «Sizlardan kelajakda kasallar bo‘lishini, boshqalar er yuzida yurib, Allohning fazlini axtarishini, yana boshqalar esa Allohning yo‘lida jang qilishlarini ham bildi». Alloh taolo ushbu oyatdagi «...boshqalar er yuzida yurib, Allohning fazlini axtarishini, yana boshqalar esa Allohning yo‘lida jang qilishlarini ham bildi...» jumlasida Allohning fazlini axtaruvchilar, ya’ni, kasbu kordagilar Allohning yo‘lida jihod qiluvchilar bilan tenglashtirilmoqda. Shuning uchun ham sahobalardan Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu: «Kimki sabr qilib, qiyinchiliklarga chidab, savob umidida musulmonlar diyoriga biror narsani keltirib, o‘sha kunning narxida sotsa, Allohning huzurida shahidlar martabasiga erishadi», deganlar. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu esa: «Men uchun Allohning yo‘lida jang qilib o‘lishdan keyingi eng yaxshi o‘lim er yuzida Allohning fazlini axtarib yurib, yuklarim orasida o‘lishdir», deganlar. Ha, Islomda halol kasb bilan shug‘ullanib, rizq-ro‘z topish shunday ulug‘lanadi. «Endi undan muyassar bo‘lganicha qiroat qilinglar. Va namozni qoim qilinglar, zakot beringlar va Allohga «qarzi hasana» beringlar. O‘zingiz uchun nima yaxshilik qilgan bo‘lsangiz, uni Allohning huzurida topasiz, u yaxshiroq va ajri ulkanroqdir. Allohdan mag‘firat so‘rang. Albatta, Alloh G‘afur va Rahiymdir». Oyatda kelgan «Allohga «qarzi hasana» beringlar» jumlasi haqida ham bir oz to‘xtalib o‘tishimiz lozim. «Qarzi hasana» – birovga qarz berib, ustiga qo‘shimcha olmaslik, ya’ni, sudxo‘rlik qilmaslikdir. Oyatda odamlarga beriladigan qarzning Alloh taologa berilayotganligi boylarga tanbehdir. Ya’ni, kambag‘al-muhtojga qarz bersang, Allohga qarz berganing bilan barobar. Kambag‘alga minnat qilmagin, balki rahmat aytgin. Chunki u sening savobga sazovor bo‘lishingga sabab bo‘ldi, deganidir. Islom ta’limotlari har bir narsada yuksak insoniy faziylatlar hukm surishini yo‘lga qo‘yib kelgan va, inshaalloh, shunday bo‘lib qoladi. (Hadis va Hayot). ISTIXORA NAMOZI «Istixora» so‘zi lug‘atda «xayrni talab qilish» degan ma’noni anglatadi. Musulmon kishi ikki ishdan qaysi birini qilishini bilmay qolganida, xayrlisini tanlash uchun istixora namozi o‘qiydi. Bu namozni har bir ishdan oldin o‘qish mustahabdir. 933. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bizga hamma ishlarda istixora qilishni xuddi Qur’ondan surani o‘rgatgandek o‘rgatar edilar. U zot: «Qachon birortangiz bir ish qilmoqchi bo‘lsa, farz namozdan boshqa ikki rak’at namoz o‘qisin. So‘ng: «Allohim! Albatta, men Sendan ilming ila istixora qilaman. Sening qudrating ila qudrat so‘rayman. Sening ulug‘ fazlingdan so‘rayman. Chunki Sen qodirsan, men qodir emasman. Sen bilursan, men bilmasman. Sen g‘ayb¬larni yaxshi biluvchi Zotsan. Allohim! Agar ushbu ish menga diynimda, hayotimda va ishimning oqibatida (oxiratimda) (yoki «hozirgi ishimdayu kelgusida» dedilar) yaxshi ekanligini bilsang, uni menga taqdir qilgin, menga oson qilgin, so‘ngra uni men uchun barakali qilgin. Agar ushbu ish men uchun diynimda, hayotimda va ishimning oqibatida (oxiratimda) (yoki «hozirgi ishimdayu kelgusida» dedilar) yomon ekanligini bilsang, uni mendan burib yubor, meni undan burib yubor. Va menga qaerda bo‘lsa ham yaxshilikni taqdir qil. So‘ngra meni unga rozi qil», desin va hojatini aytsin», dedilar». Beshovlaridan faqat Muslim rivoyat qilmagan. Sharh: Ushbu namozni o‘qigandan keyin mazkur ish haqida o‘ylamay, Alloh ixtiyor qiladigan narsa kutib yuriladi. Keyin ko‘ngilga tushib, o‘ziga ma’qul bo‘lib, qilgisi kelib qolsa, o‘sha ish qilinadi. Bu haqda tush ko‘rish ham mumkin. Agar ish bir tarafga bo‘lmay, turib qolsa, istixora namozi yana qaytadan o‘qiladi. Qayta o‘qish etti martagacha bo‘lishi mumkin. Istixora namozining birinchi rak’atida Fotiha surasidan keyin Kafirun surasi, ikkinchi rak’atida Ixlos surasi o‘qiladi. Ko‘rinib turibdiki, istixora namozi ham bosh¬qa namozlar kabi bandani Alloh taologa bog‘lovchi omildir, bir ishni qilmoqchi bo‘lganda Alloh taoloning o‘ziga yolvorib, yaxshi yo‘l ko‘rsatishni so‘rashdir. Bu ma’no esa musulmon kishi hayotida namozning o‘rni qanchalar muhim ekanligini yana bir bor ko‘rsatadi. Musulmon kishi hatto qiladigan dunyoviy ishida ham dunyoning Xoliqi va Boshqaruvchisi – Alloh taoloning O‘zidan maslahat so‘rash imkoniga egadir. Namoz o‘qimaydiganlar esa bu ulug‘ saodatdan bebahradirlar, ular shaytonning maslahati bilan ish qilishga majburdirlar. (Hadis va Hayot). Vallohu a’lam.

26 May 2022, 16:17 | Savol-javoblar | 201 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar